Joriy yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan xorijliklar soni 2,8 million nafardan oshgan.
Statistika agentligi qaydicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 9,6 foizga (248,2 ming nafarga) ko‘pdir.
O‘zbekistonga eng ko‘p turist yo‘llagan mamlakatlar uchligiga mamlakatning mintaqadagi qo‘shnilari – Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kirgan. 2024-yilning besh oyi davomida O‘zbekistonga, xususan 871,5 ming nafar tojikistonlik, 857 ming nafar qirg‘izistonlik va 498,2 ming nafar qozog‘istonlik kelib ketgan. Bu uch mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurganlarning qariyb 80 foizini tashkil etgan.
Bundan tashqari yanvar-may oylarida O‘zbekistonga Rossiyadan 289,6 ming nafar, Turkmanistondan 53,8 ming nafar, Turkiyadan 42,1 ming nafar, Hindistondan 23,2 ming nafar, Xitoydan 22,8 ming nafar, Italiyadan 15,3 ming nafar, Janubiy Koreyadan 15,1 ming nafar, boshqa davlatlardan esa jami 148,7 ming nafar turist kelgan.
Agentlik turistlarning 2 million 237 ming 400 nafari O‘zbekistonga qarindoshlarini yo‘qlash, 426 ming 500 nafari sayyohlik, 68 ming 400 nafari xizmat yuzasidan, 51 ming 500 nafari tijorat, 46 ming 200 nafari davolanish, 7 ming 400 nafari esa o‘qish maqsadida kelganini ma’lum qilgan.