O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorda bu yilgi Qurbon hayiti 16-iyunga to‘g‘ri kelayotgani, shu kuni bayram o‘laroq nishonlanishi qayd etilgan.
“Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17-iyun – dushanba kuniga ko‘chiriladi, 18-iyun – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.
Qaror bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari, mas’ul vazirlik va idoralarga muborak Qurbon hayitini O‘zbekiston xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hayit kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida fuqarolarga qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish topshirilgan.
O‘zbekistonliklar o‘tgan yili Qurbon hayiti munosabati bilan qatorasiga besh kun - 28-iyundan 2-iyulgacha dam olgan edilar.