O‘zbekistonliklar uchun Haj kvotasi bu yil o‘zgarishsiz qoldi

Illyustrativ surat

Joriy mavsumda ham 15 ming nafar o‘zbekistonlik Haj safariga borishi mumkin. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov 21-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilgan.

Islom Karimov hukmronligi davrida hamda Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk yillarida o‘zbekistonliklar uchun Haj kvotasi o‘rtacha 5 ming 200 nafardan oshirilgan emas. Mamlakatda yashovchi musulmonlar uchun Haj kvotasining oshirilishi bundan besh yil muqaddam boshlangan.

Ma’rupov qaydicha, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvota 2019-yilda 7200 nafarni, 2022-yilda 12 ming nafarni, 2023-yilda esa 15 ming nafarni tashkil etgan.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari uchun yillik Haj kvotasi 24 mingtagacha oshirish ko‘zda tutilgani xabar qilingan. Bunga oid kelishuvga Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyaning 2022-yil sentyabrida prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan paytda erishilgan edi.

Odatda Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi biror mamlakat uchun Haj kvotasini “har ming musulmonga bir ziyoratchi” formulasidan kelib chiqqan holda belgilab keladi. O‘zbekistonda, o‘rtacha hisob-kitoblarga ko‘ra, 34 milliondan ziyod musulmon yashashi e’tiborga olinsa, Islom olami uchun o‘tmishda ko‘plab mashhur din olimlarini yetishtirib bergan bu mamlakatga shu kunda lozim bo‘lganining yarmicha ham kvota ajratilmayotganini qayd etish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yildagi Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilar 23-maydan 7-iyungacha mamlakatning o‘nta xalqaro aeroportidan Madinai Munavvara shahriga uchadi. Haj ibodatini ado etajak ziyoratchilarni 22-iyundan 12-iyulga qadar vataniga qaytarish rejalangan.