O‘zbekistonning besh yillik rejalari e’lon qilindi

Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqi, Toshkent, 2024-yil 20-noyabri

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisidagi nutqida mamlakat hukumatining kelgusi besh yildagi ustuvor vazifalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Abdulla Aripov boshchiligidagi yangi hukumat islohotlar shiddatini pasaytirmay, 2030-yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 milliard dollarga yetkazishi zarur.

Shuningdek, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6-7 foiz atrofida ta’minlash, inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish lozim.

Yillik kreditlash hajmini esa 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa sanaladi.

Kelgusi besh yilda hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirib, yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqishi, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, xorijiy turistlar oqimini 15 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish belgilangan.

Mirziyoyev ta’kidicha, kelgusi 5 yilda mamlakat aholisi soni 40 milliondan ortishi kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suv, aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi sohalarda dolzarb vazifalar qo‘yadi.

Yangidan saylangan parlamentning 20-noyabrdagi yig‘inida Abdulla Aripov uchinchi muddatga bosh vazir etib ma’qullandi.

Ayni paytda jamoatchilik faollari O‘zbekistonda yirik biznes, jumladan, oligarxik guruhlarning hukumat qarorlariga bosimi va zararli ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qonunchilik cheklovlarini kiritish vaqti kelganini aytishmoqda.