“O‘zbekkosmos” 2 ming chog‘li noqonuniy chiqindixonani aniqladi

Illyustrativ surat

“O‘zbekkosmos” agentligi joriy yil davomida mamlakatning qariyb 721 gektar yer maydonida 1928 ta noqonuniy chiqindixona borligini aniqladi.

Ekologiya yo‘nalishida olib borilgan kosmik monitoring jarayonida 255,5 gektar maydonda chiqindi saqlash poligonlari chegarasidan tashqariga chiqish holatlari, 465,2 gektarda esa noqonuniy chiqindi poligonlari ro‘yxatga olingan.

“O‘zbekkosmos” agentligi matbuot xizmati qaydicha, Toshkent viloyati (363 ta – 98,6 gektar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (243 ta – 63,2 gektar), Navoiy viloyati (216 ta – 112,4 gektar), Namangan viloyati (195 ta – 65,2 gektar), Andijon viloyati (180 ta – 42 gektar), Xorazm viloyati (168 – 22 gektar) kabi hududlarda ko‘p sonli noqonuniy chiqindixonalar mavjud.

Agentlikka ko‘ra, noqonuniy chiqindi poligonlarining atrof-muhit va ekologiyaga salbiy ta’siri katta bo‘lib, bu hol zararli hasharotlar ko‘payishi, yuqumli va nafas yo‘li kasalliklarining ortishiga ham sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazi atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.

Jahon banki hisobotiga muvofiq, birgina Toshkentda PM2,5 mayda zarrali changlar ta’siri oqibatida yiliga o‘rtacha 3042 kishi bevaqt vafot etadi. Ekspertlar PM2,5 zarrachalari bilan antropogen ifloslanishning asosiy manbalari qatorida chiqindilarni yoqishni ham ko‘rsatishgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, hozirda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik 596 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu raqam muttasil oshib borayotgan bir paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qattiq chiqindi xizmatidan qarzdorlarning elektr energiyasi uchun to‘lovini cheklashni taklif etmoqda.