O‘zini o‘zi band qilgan taksichilar soni yarim milliondan oshdi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 2024-yilning 1-iyul holatiga 3,5 million nafardan oshgan. Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati qaydicha, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 115,6 foizga (1,9 million nafarga) ko‘pdir.

Soliq qo‘mitasi o‘tgan yilga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi eng yuqori sohalar qatorida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish (199,3 foiz yoki 220,4 mingta), maishiy xizmatlar (186,2 foiz yoki 952,5 mingta) hamda axborot-kommunikatsiya (154,7 foiz yoki 56,1 mingta) kabi sohalarni sanagan.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ichida erkaklar ulushi 57 foizga, ayollar ulushi esa 43 foizga teng.

Hududlar kesimida o‘zini o‘zi band qilganlar eng ko‘p Samarqand viloyatida (qariyd 430 ming kishi), Qashqadaryo viloyatida (362,5 ming kishi), Andijon viloyatida (327,7 ming kishi) va Toshkentda (320 ming kishi) yashaydi.

IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 2,5 baravar (92,3 ming kishi) oshgan. Soliq qo‘mitasi bu kishilarning qaysi mamlakat fuqarosi ekaniga aniqlik kiritgan emas. Shu sababdan qayd etilgan ITchilarning hammasi o‘zbekistonlikmi yoki ular orasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Rossiya va Belarus fuqarolari ham bormi – ma’lum emas.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 530 ming 16 nafarga yetgan. “Shundan 238 631 nafari joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan”, deyilgan Soliq qo‘mitasi xabarnomasida.