"O‘zini o‘zi urgan": Haydovchini kaltaklagan Koson IIB xodimlariga jinoyat ishi ochilmadi

Ekspertiza xulosasi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani “Chig‘anoq” qishlog‘i turg‘uni¸ Kamaz haydovchisi Davron Orziyev joriy haftada Koson tuman prokuraturasidan navbatdagi maktubni oldi. Maktubda Davron Orziyevni kaltaklaganlikda gumonlangan Koson tuman IIB JQB xodimlari xatti-harakati ustidan tergovgacha surishtiruv olib borilgani va “jinoyat alomatlari yo‘qligi bois ish to‘xtatilgani” aytiladi.

Davron Orziyevning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda joriy yilning 11 - sentabrida Koson tumaniga paxta ortilgan Kamazda borganida, qora niqob kiygan o‘n nafar IIB xodimidan shafqatsiz kaltaklangani va hanuz sog‘ligini tiklay olmayotganidan shikoyat qildi.

Ozodlikda Kattaqo‘rg‘on tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining davlat sud-tibbiy eksperti Rahmonov imzolagan 856 - raqamli xulosa nushasi bor. Xulosada Davron Orziyevning o‘ng va chap yelkasida¸ biqinida va o‘ng tizzasida jarohat¸ qontalash va gematomalar borligi va Orziyev to‘mtoq jismdan jarohat olgani qayd etilgan.

Ekspertiza xulosasi

Jarohatlar bemor ilk murojaat qilgan kasalxonada tuzilgan ambulator tibbiy karta va tibbiy ma’lumotnomaga asoslanib, 2020 - yil 11 - sentabrda joriy qilingani ham hujjatda yozilgan.

Kamazchining 11 - sentabr fojiasi

IIB xodimlari tarafidan kaltaklanganini aytgan Orziyev adolat istab o‘nlab instansiyalarga yozgan xatlari va ulardan kelgan javoblarni Ozodlikka taqdim qildi. Bu hujjatlar va Orziyevning o‘z hikoyasi asosida Kattaqo‘rg‘ondan paxta ortib Kosonga kelgan haydovchi ko‘rguliklarini qayta tiklashga urinamiz.

Orziyev 11 - sentabr kuni Qashqadaryoning Koson tumanidan mol yemi sifatida ishlatiladigan makkajo‘xori keltirish uchun Kamaz 55212 yuk avtomobilida yo‘lga chiqdi. Mashina bo‘sh ketmasligi uchun hamqishlog‘i Sherzod Normatov va Isroil Qo‘yboqarovga tegishli paxtani mashinasiga yuklaydi. Mashina Koson tumanidagi aholi 52 sovxoz degan joyga yetganida Qashqadaryo viloyat IIB xodimlari yo‘lni to‘sadi.

Haydovchi Davron Orziyevga ko‘ra¸ ular 10 nafar bo‘lib qora niqob kiyishgan edi:

“Shu yerning o‘zida mashinadan sudrab tushirib do‘pposlashdi. Elektroshoker bilan tok urdirib azoblashdi. Men ularga urmanglar, kasalman, desam ham, haqoratlab, urib tashlashdi. Keyin ular meni Koson tuman IIB binosiga olib borishdi. Bino birinchi qavatidagi JKB xodimi xonasiga olib kirib, yuzimga urishdi. Sizga gapirayotib o‘zimni yana yomon his qilyapman. Keyin ular meni bir kun qamab qo‘yishdi. Menga tazyiq qilib tushuntirish xatiga imzo chektirishdi.

Davron Orziyev nega kaltaklandi? U yo‘l qoidasini buzdimi yoki Kamazga ortilgan paxta noqonuniy yuk sifatida malakalandimi?

Ozodlik bu savollarni Koson tuman prokuraturasining o‘z ismi efirda aytilmasligini so‘ragan xodimiga berdi.

“Xodimlar Kamazda qonunga xilof ravishda paxta yuklangan, degan gumon bilan mashinani to‘xtatishgan. Hujjatlarga ko‘ra, Orziyev boshqargan 30W818 HA Kamaz yuk mashinasi yo‘l qoidasini buzmagan. Yuk bo‘yicha ham hech qanday jinoyat alomatlari bo‘lmagan. Shu kunda huquq-tartibot organlarining Orziyevga e’tirozi yo‘q.”

Ammo Orziyevning IIB xodimlariga e’tirozi bor. Orziyevning qo‘lida tan jarohati olganini isbot qiluvchi tibbiy xulosa bor. Nega hech kimga chora ko‘rilmadi? Bu savolimizga javoban suhbatdosh Koson tuman prokurori Jovliyev joriy yilning 29 - oktabr kuni imzolagan xabarnomani Telegramdan yubordi.

7-119 1666/ 20 raqamli hujjatda Orziyevni kaltaklaganlikda gumonlangan IIB xodimlarining xatti-harakati IIB xuzuridagi TB katta tergovchisi Jabborov tarafidan tergovgacha tekshirilgani yozilgan. Hujjatda “vajlar o‘z tasdig‘ini topmagani uchun jinoyat ishi ochilmagan”, deyiladi.

Sud tibbiy xulosasichi? O‘z kasbiy faoliyatida matbuotga gapirish huquqi bo‘lmaganini aytgan prokuratura xodimi “Tibbiy spravkadagi darcha” borligini aytdi.

“Spravka sizda bor bo‘lsa, diqqat bilan o‘qing. Barcha jarohatlar jabrlanuvchining qo‘li etadigan joyda. O‘ng yelka, chap yelka. Tizza. Spravkada o‘ziga o‘zi tan jarohati yetkazgan bo‘lishi mumkin, deb yozib qo‘yibdi. IIB xodimlarini yomonotliq qilish uchun o‘ziga o‘zi jarohat yetkazganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Shu bois hech kim aybdor emas, degan status-kvo saqlangani ma’qul"¸- dedi prokuratura xodimi.

Kamaz haydovchisi Davron Orziyev bu holatga rozi emas. U navbatdagi shikoyat arizasini O‘zbekiston prezidenti qabulxonasiga jo‘natdi.

“Kerak bo‘lsa, XRV va Gaaga sudigacha boraman”, - deydi IIB xodimlari kaltaganligini aytayotgan haydovchi.

Koson tuman IIB xodimlarining vatandoshlarni kaltaklashi bilan bog‘liq iddaolar oldin ham yanragan. Toshkentlik huquq faoli Tatyana Davlatovaning jabrlanuvchi so‘zlariga va guvohlarning ko‘rsatmalariga asoslanib? «Eltuz» nashriga bildirishicha, 2018 - yilning 2 - mayida nogiron Rustam Hamroyev huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘z uyida shafqatsiz kaltaklangan va jiddiy tan jarohatlari olgan.

O‘tgan yili Ozodlik Qashqadaryo IIBsi binosida tahqirlanib kaltaklangan qizlar haqida yozgan edi.