O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaning paxta terimi rejasini bajarmagan fermerlarni haqorat qilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
“So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda hududlarda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlar, xususan, fermerlarning faoliyatiga aralashuvi, ularga zo‘ravonlik ishlatilishi va mol-mulklarini tasarruf qilishga to‘sqinlik qilish holatlari uchramoqda”, deyilgan bayonotda.
Ta’kidlanishicha, liberal-demokratik partiya bu kabi holatlarning takrorlanayotganidan xavotirda.
“Inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi”ni urg‘ulagan O‘zLiDeP Bosh prokuraturani hududlarda fermerlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv, ularga zo‘ravonlik qilish, mol-mulkini erkin tasarruf etishga to‘sqinlik qilish holatlari yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatishga chaqirgan.
Kun.uz nashri 1-noyabr kuni Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga tegishli ekani aytilgan audioyozuvni e’lon qilgan.
Audioyozuvdan anglashilishicha, yig‘ilish jarayonida Uralova tumandagi “Abdumandat ota farzandlari” fermer xo‘jaligi raisini “padaringga la’nat, eshak” deya haqorat qilgan. Bunga javoban fermer hokimdan hurmatini saqlashni so‘ragan. Uralova esa haqoratga ham qoniqmay IIBga fermerni qamashni buyurgan.
Sirdaryo viloyati hokimligi Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini ko‘rish uchun viloyat rahbariga taqdimnoma kiritilganini ma’lum qilgan.