"Ochiq gapirishga jazm qilgan qiz" yoxud o‘zbek OTMlarining yashirin muammosi

Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘pincha xotin-qizlar “sharmanda bo‘lishdan” qo‘rqib, zo‘ravonlikka uchraganini ochiq aytmaydi. Illyustrativ surat.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga urinish bilan bog‘liq hodisa yuzasidan tekshiruv boshlaganini aytmoqda.

IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov 18 -oktabr kuni sodir bo‘lgan hodisada gumonlangan dekan o‘rinbosariga nisbatan 118 (nomusga tegish) va 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Fuqaro 23 - oktabrda qo‘lga olingani aytiladi.

.

Hodisa haqida birinchi bo‘lib xabar tarqatgan “Nemolchi.uz” loyihasiga ko‘ra, “dekan muovini Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish uchun kelgan 20 yoshli talaba qizning nomusiga tegmoqchi bo‘lgan, biroq jinoyatni yashirish maqsadida qizni derazadan itarib yuborgan.

Kasalxonaga yotqizilgan qizga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashxislari qo‘yilgani aytiladi.

Ozodlik hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Toshkent Davlat Pedagogika universiteti rektoratiga bog‘landi. O‘zini rektor yordamchisi deb tanishtirgan universitet vakili tergov davom etayotgani bois bu haqda matbuotga izoh berolmasligini aytdi.

"Ochiq gapirishga jazm qilgan qiz"

Ammo tergov ma’lumotlarining maxfiyligi haqidagi qoidaga hamma ham amal qilgani yo‘q. Rasmiy idoralar xabari va matbuotda hodisaga oid tafsilotlar bilan birga gumondor shaxsiga oid ma’lumotlarning oshkor qilinishi ortidan prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva “OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) - jiddiy muammo” ekani haqida yozdi.

Mirziyoyeva tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilgan postida “pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea dengizdan tomchi” ekanini aytdi.

“Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qat’iyati tahsinga sazovor. Biroq taz’yiq (orfografiya saqlandi-tahr.) va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mash’um kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha!..

Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart”, dedi gender tenglik bo‘yicha komissiyasi a’zosi bo‘lgan Mirziyoyeva.

Aybsizlik prezumpsiyasi

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov matbuotdagi xabarlar va “ko‘zga ko‘ringan shaxslarning ehtirosli chiqishlari”da aybsizlik prezumpsiyasi tamoyili buzilganiga e’tibor qaratdi.

“Jamoatchilik zo‘rovonlikda gumon qilinayotgan pedagogga nisbatan deyarli hukm chiqarib bo‘ldi. Holbuki, hali qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov nihoyasiga yetmagan, aslida nima bo‘lganini hech kim bilmaydi. Har qanday gumonlanuvchi “Aybsizlik prezumpsiyasi” printsipidan kelib chiqadigan tabiiy himoyaga ega.

Shunday ekan, huquqiy baho berishga hozircha erta.

Ammo ko‘zga ko‘ringan shaxslar, sobiq hukumat a’zolarining bu boradagi ehtirosli bayonotlari haqiqatan kishini tashvishga soladi. Hali tadqiq qilinmagan, xulosaga kelinmagan ish yuzasidan avvaldan hukm chiqarish tendensiyasi, afsuski, jamiyatda huquq ustuvor emasligiga dalolatdir”, deyiladi “Ezgulik” jamiyati tarqatgan xabarda.

Holatlardan biri

Gender tenglik va jinsiy zo‘ravonlik masalalarini yoritib keladigan toshkentlik jurnalist va pedagog Nargis Qosimova “zamdekan va talaba qiz mojarosi” tarmoqlarda bir tomonlama muhokama qilinayotganini aytadi. Ayni paytda uning Ozodlikka aytishicha, OTMlarda bu kabi holatlar ko‘plab uchraydi.

“Men ijtimoiy tarmoqlarda gender tenglik komissiyasining “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q” kanalini ham yurgizaman. Afsuski, bizda real hayotda bunaqa xolatlar tez-tez bo‘lib turadi. Lekin qizlar bu haqida hech kimga aytmaydi. Men ishlaydigan oliy o‘quv yurtida o‘qiydigan talaba qizimiz ilmiy rahbari tagajog‘lik qilgani uchun o‘qishni tashlab ketgan. Men eshitgan holatlardan biri bu”, - deydi Qosimova.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy zo‘ravonlik holati haqida xabar bergan talaba qizni badnom qiluvchi chiqishlar ham kuzatilmoqda.

“Eng yomoni, bizda ayollarni aybdor qilib ko‘rsatish. O‘zi ko‘zini suzgandir, degan ayblovlar ham bo‘lyapti, afsus. Menimcha odamlarni bu borada ongini oshirish kerak, ayollarga ikkinchi darajali shaxs sifatida qaramaslik kerak”, - deydi Nargiz Qosimova.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 15 va 49 yoshidagi xotin-qizlarning 25 foizidan ko‘prog‘i hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka duch kelishadi. Ushbu zo‘ravonliklarning 33 foizi Janubi-sharqiy Osiyo hududiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston aholisining yarmiga yaqinini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Jinsiy zo‘ravonlik holatlari hali-hanuz ular to‘qnash kelib turgan eng dolzarb muammolardan biri.

Lekin O‘zbekistonda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha rasmiy statistika yo‘q.

Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘pincha xotin-qizlar “sharmanda bo‘lishdan” qo‘rqib zo‘ravonlikka uchraganini ochiq aytmaydi, shu sabab ularni keng jamoatchilik hech qachon bilmaydi.

Ishonch telefoniga ishonchsizlik

Ayni paytda Toshkent Pedagogika universitetidagi hodisa ortidan O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi 1006 raqami bilan maxsus ishonch telefoni ishga tushirilganini e’lon qildi.

Vazirlik xabarida aytilishicha, bu telefon orqali ta’qib, zo‘rlash yoki zo‘rlashga urinish holatlariga duch kelgan yoki guvohi bo‘lgan talabalar va universitet xodimlari murojaat qilishlari mumkin

Ammo jinsiy zo‘ravonlik masalalarini yoritib keladigan bloger Hosiyat Qodir ishonch telefoni samara berishiga shubha bilan qaraydi.

“Oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydigan talaba qizlar zo‘rlanishga yuz tutsa, shu ishonch telefonlariga telefon qilib o‘z dardini aytadi, deb o‘ylaysizmi, menimcha yo‘q. Chunki, qizlar bu telefonlarning ishonchliligiga ishonmaydi. Anonimlik saqlanishiga ishonmaydi. O‘zlarini yengil tabiat qizga chiqarishlari ham mumkin. O‘sha ishonch telefonida o‘tirgan odam ovozini yozib olib butun elga tarqatvorishidan qo‘rqadi. Hech narsa kafolatlanmagan. Shuning uchun aytmaydi, bir umr shu travmani o‘zi bilan olib yuradi. Shuning uchun, bizda jinsiy zo‘ravonlik statistikasi ham yo‘q. Turkiyada har bir o‘quv yurtida psixolog bo‘ladi. U har bir talabaning holatini kuzatib boradi. Agar tushkun holatda yurganini payqasa, darrov chaqirib suhbatlashadi, ichidagi gapini oladi. Mana shunday tizim kerak, ishonch telefonidan ko‘ra”, - deydi Hosiyat Qodir.

O‘tgan hafta e’lon qilingan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global indeksida O‘zbekiston 170 ta mamlakat orasida 74-o‘rinni egallagan.

WPS indeksiga ko‘ra, ayollarning amaldagi jinsiy sherigi tomonidan zo‘ravonlikka uchrash ko‘rsatkichi 2021 - yilda 7,3 foizni tashkil qilgan.

“Bu yil COVID-19 pandemiyasi ayollar xavfsizligiga qanday ta’sir qilgani haqida ma’lumot qidirdik. Natijalar tashvishlanarli. WPS indeksidagi global yaxshilanish darajasi sezilarli darajada sekinlashdi, shu bilan birga mamlakatlar o‘rtasidagi farqlar ortib bormoqda”, - deyiladi hisobotda.