Turkmaniston davlat ommaviy axborot vositalari ko‘pincha mamlakatdagi Bolalar uylarini bolalar uchun xavfsiz va baxtli joy sifatida tasvirlaydi.
Ammo Marv shahridagi bolalar uyida o‘sgan 27 yoshli Mohim (ismi o‘zgartirildi) aytishicha, voqelik bundan butunlay boshqacha.
Mohim och qoldirilganini, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lganini eslaydi. U yana yetim bolalarni paxta dalalarida ishlatishlarini ta’kidladi.
"Bolalar uyida har xil odamlar ishlaydi – yomoni ham, yaxshisi ham bor. Ammo bolalar uyi rahbari va ayrim tarbiyachilar shunchaki yovuz edi," deydi u Ozodlik radiosining Turkman xizmatiga.
Mohimning aytishicha, tarbiyachilar himoyasiz, shikoyat qilishga hech kimi bo‘lmagan yetimlarni "shafqatsizlarcha" kaltaklaydi va qo‘rqitadi.
"Agar bola biror narsani sindirsa yoki tarbiyachilarning ko‘rsatmalariga bo‘ysunmasa, ular baqirib, urib, haqorat qilishardi," deydi Mohim. "Aslida, barcha tarbiyachilar bizni muntazam ravishda kaltaklardi. Ular ko‘pincha sonimni va ko‘kragimni chimchilab olishardi."
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Avtoritar Turkmanistonda davlat muassasalari qaramog‘idagi yetim bolalar soni haqida ochiq ma’lumot yo‘q.
Davlat ommaviy axborot vositalarida ko‘pincha benuqson kiyintirilgan bolalar uyi tarbiyalanuvchilari yuqori mansabdor shaxslar, shu jumladan, mamlakat prezidenti bilan suratga tushgani, ular muassasalarga tashrif buyurgani yoki Yangi yil va boshqa bayramlar munosabati bilan ularga sovg‘alar yuborgani ko‘rsatiladi.
Bolalar ba’zan maktab sayohatlarida, konsertlarda yoki mashhur insonlar bilan uchrashuvda ko‘rsatiladi.
Ammo yopiq eshiklar ortida va kameralardan uzoqda yetim bolalar qo‘rqitiladi, ularga tahdid qilinadi va ulardan foydalaniladi, deydi Mohim. U yana bolalar hatto boshlang‘ich ta’limdan ham mosuvo ekanini qo‘shimcha qiladi.
"Biz o‘qituvchilarni oyiga bir-ikki marta ko‘rardik. Bitta o‘qituvchi bir nechta fanni o‘qitardi, deydi Mohim. – Shuning uchun bolalar uylarida o‘sgan ko‘pchilik bolalar savodsiz; ular o‘qish va yozishni bilishmaydi. Tarbiyachilar bizga tez-tez ta’lim keraksiz ekanini aytishardi."
Mohim, shuningdek, o‘zi yashagan Marv bolalar uyidagi xodimlarni, ayniqsa, oshpazlar va tarbiyachilarni bolalar uchun ajratilgan oziq-ovqatni uylariga olib ketishda ayblaydi.
Mohimning aytishicha, bolalarga faqat qaynatilgan makarondan sal ko‘proq narsa qolardi, yetimlar faqat kimdir ularga xayriya sifatida ovqat olib kelgandagina to‘yib ovqatlanishardi.
Jinsiy tahqir va bola mehnati
Mohim yetimxonadagi ba’zi o‘smir qizlarni huquqni muhofaza qilish xodimi bilan jinsiy aloqaga majburlashganiga guvoh bo‘lganini ta’kidlaydi.
Mohim o‘z yetimxonasidagi jinsiy ekspluatatsiya qanchalik keng tarqalgani haqida batafsil ma’lumot bermadi. Biroq, uning aytishicha, 2013-yilda ishga olingan ayol tarbiyachi bir nechta qizni politsiyachi bilan jinsiy aloqaga majburlagan. Mohimning aytishicha, bu politsiyachi tarbiyachining qarindoshi bo‘lgan.
"U 15 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan chiroyli qizlarni tanlab, ularni [politsiyachi] bilan yotishga majbur qilardi, – deydi Mohim. – Bo‘ysunmaganlarni urardi."
Marv shahri rasmiylari Ozodlik radiosining izoh so‘roviga javob bermadi. Ozodlik radiosi Mohimning ayblovlarini mustaqil ravishda tasdiqlash imkoniga ega emas, ammo ilgari boshqa bir necha turkman yetimxonalaridan chiqqanlar ham muassasalarda o‘zlari boshdan kechirgan yoki guvoh bo‘lgan zo‘ravonliklar haqida gapirgan.
Marvdagi 12 yoshdan katta yetimlar paxta terimi mavsumida davlat uchun paxta terishga muntazam ravishda majburlanardi, deb ta’kidlaydi Mohim.
"Biz paxta dalasida tushlik qilib, kechqurun yetimxonaga qaytardik, – deydi u. – Ba’zi tarbiyachilar bolalarni uylarida uy ishlarini bajarishga ham majbur qilishardi."
Turkmaniston hukumati o‘quvchilarni, davlat va xususiy sektor xodimlarini hamda askarlarni jazo tahdidi ostida paxta terishga majburlagani uchun tanqidga uchragan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jazosizlik
Mohimning fikricha, Turkmanistondagi Bolalar uylari xodimlari himoyasiz, shikoyat qilishdan qo‘rqadigan va himoya qiladigan hech kimi bo‘lmagan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb ta’riflangan qilmishlari uchun jazodan qutulib ketishadi.
U bolalikdagi do‘sti Oisha haqida hikoya qiladi. Oisha yetimxona o‘g‘il bolalaridan biri bilan uchrashishni boshlagan va 15 yoshida homilador bo‘lgan. Oisha yetimxona direktorining abort qilish talablariga qarshilik ko‘rsatgan, ammo homilasi tushib qolgan, deydi Mohim.
"Mish-mishlarga ko‘ra, xodimlar Oishaning ovqatiga abort dorilarini qo‘shishgan. Farzandini yo‘qotgandan so‘ng, Oishada ruhiy muammolar paydo bo‘ldi va u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi," deydi Mohim va do‘stining keyinchalik shifoxonada vafot etganini qo‘shib qo‘yadi.
"Direktor va tarbiyachilar bizni, agar Oisha haqida biror kishiga aytsak, hayotimizni jahannamga aylantirishlarini aytib qo‘rqitishdi," deydi Mohim.
Yetimxona tarbiyalanuvchilarining muammolari ular 18 yoshga to‘lganlaridan keyin ham davom etadi, chunki muassasalar ularni mustaqil hayotga tayyorlamaydi, deydi Mohim.
Moliyaviy mablag‘lar va qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘qligi sababli, yetimxona bitiruvchilari ko‘pincha jamiyatga moslasha olmaydi. Ba’zilari jinoyatga qo‘l uradi.
Qonunga ko‘ra, Turkmanistondagi Bolalar uylari bitiruvchilari ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega, ammo ularning ko‘pchiligi, davlat qaramog‘ida o‘sgan, Lebap viloyati turg‘uni so‘zlariga ko‘ra, yashash joyi uchun bir necha yil kutishga majbur bo‘ladi.
Buning o‘rniga, hokimiyat Bolalar uylaridan chiqqan ayollarni qariyalar uylariga joylashtiradi va o‘g‘il bolalarni majburiy ravishda harbiy xizmatga yuboradi, deydi lebaplik ayol shu yil boshida Ozodlik radiosiga.
Mohim ham, Lebapdagi Bolalar uylarining sobiq tarbiyalanuvchisi ham davlat qaramog‘idagi turkman yetimlarining ahvoliga e’tibor qaratish uchun o‘z tajribalari haqida gapirishga qaror qilganlarini aytishdi.