2020 olib ketganlar: Uzun va huzunli ro‘yxat

2020 - yil o‘zbek adabiyoti va san’atining o‘nlab namoyandalari uchun vafot sanasi sifatida tarixga kirdi

2020 - yilda adabiyot¸ kino¸ teatr va tasviriy san’at o‘zining ko‘plab darg‘alaridan judo bo‘ldi. Ulardan ba’zilarining COVID-19dan vafot etgani rasman ma’lum qilindi, boshqalari muxlislar tomonidan pandemiya olib ketganlar qatoriga qo‘shildi.

Reysxtagga jubba kiydirgan ulug‘ rassom Kristo Yavashev¸ satirik yozuvchi Mixail Jvanetskiy¸ rejisser Georgiy Shangelaya¸ jaz qiroli Ellis Marsalis¸ san’atshunos Irina Antonova, aktyor Valentin Gaft kabi o‘nlab san’at arboblari uchun 2020 - yil o‘lim yili bo‘ldi. “Santa Barbara”¸ “Agent 007”¸ “Shamollarda qolgan xayollarim”¸ “If qal’asi mahbusi”, “Hur qizlar” “Ityurak” kabi filmlarda rol o‘ynagan taniqli aktyorlar dunyodan o‘tdi. “Nu, pogodi!” multfilmida quyonga ovoz bergan Klara Rumyanova ham millionlab muxlislari bilan vidolashdi.

Satirik Mixail Jvanetskiy

Uzun va huzunli ro‘yxat

Ozodlik radiosidagi madaniyatga oid xabarlarni izohlab kelgan me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyevga ko‘ra, “kechgan yilda san’at osmoni yulduzlari bir-bir so‘ndi”.

-Har yili san’atkorlar olamdan o‘tadi, ammo bu yil ko‘plab buyuk san’atkorlar o‘ldi. O‘zbekiston san’at va adabiyoti ham yo‘qotishlar bilan to‘la bo‘ldi. Go‘zal rassom Hakim Mirzahmedov¸ rassom va kinochi Nozim Abbosov¸ zamonaviy o‘zbek pop musiqasi mundarijasini belgilagan qo‘shiqchi va bastakor Ruslan Sharipov¸ o‘zbek kinosi shoh asarlaridan birini olgan kinotasvirchi Dilshod Fatxullin. Bu ro‘yxat uzun va huzunli. Bu ijodkorlarsiz hayotimiz g‘arib va rangsiz bo‘ldi, deya o‘ylayman. Kechayotgan yil san’at osmoni yulduzlari bir-bir so‘ngan yil sifatida tarixga kirdi.

Shoir Omon Matjon

Bu hali to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatdagi zamondosh ijodkorlarning yoshi va ijodi turfa, ammo "o‘lim sanasi" degan joyga 2020 - yil yozilgan.

Shukrullo, shoir. 1921 -2020

Azim Suyun, shoir. 1948 -2020

Aida Yunusova, kinoaktrisa. 1948 -2020

Oybarchin Bakirova, kinoaktrisa va dublyaj ustasi. 1950 -2020

Nozim Abbosov, rassom va kinochi. 1962 -2020

Anvar Obidjon, shoir. 1947-2020

Hakim Mirzahmedov, rassom. 1950 -2020

Ruslan Sharipov, bastakor va xonanda. 1966- 2020

Dilshod Fatxullin, kinotasvirchi. 1940 -2020

Andrey Kubatin, turkolog olim. 1984- 2020

Klara Jalilova, aktrisa. 1938 -2020

Dilbar Ikromova, aktrisa. 1947- 2020

Mamadali Mahmudov, yozuvchi. 1940- 2020

Omon Matjon, shoir. 1943 -2020

Mahmud To‘ychiyev, kinochi. 1951- 2020

Shuhrat Qayumov, xonanda va suxandon. 1969 -2020

Azimjon Asqarov, rassom va huquq faoli. 1951 -2020

Fathulla Ma’sudov, aktyor. 1963 -2020

Abduraim Abduvahobov, aktyor. 1963 -2020

Mahmudjon Tojiboyev, hofiz. 1957-2020

Saidkarim Saidoripov, aktyor. 1963 -2020

G‘aybulla Xojiyev, aktyor va dublyaj ustasi. 1956-2020

"Qarz berilgan nurni olib ketdilar..."

Kechgan yil 1978 - yilda ekranga chiqarilgan “Shum bola” filmidagi asosiy rollarni o‘ynagan ikki aktyorni olib ketdi. Oldin filmdagi Qoravoy roli ijrochisi Abduraim Abduvahobov, keyin esa shum bolaning do‘sti Omonni o‘ynagan Saidkarim Saidoripov olamdan o‘tdi.

«Hayol ekrani¸Bexos qora tortdi¸ musiqa tindi¸

Qarz berilgan nurni olib ketdilar». (Omon Matjon)

Shuhrat Abbosov ssenariysi asosida kinochi Damir Salimov suratga olgan bu filmga bastakor Rumil Vildanov musiqa bastalagan.

Bangixona ichidagi taryok hidini eslatuvchi bir tarovat bor bu musiqalarda. Udmi yo chiltor¸ xullas, sharqona inja bir soz nolasi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Umr o‘tar, vaqt o‘tar - O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon vafot etdi

Boz ustiga, mung va kadar. 13 yashar Abdurayim Abduvahobov ijrosidagi qo‘shiq esa, bu g‘amginlikni yanada chuqurlashtiradi.

Bundan 11 yil oldin Ozodlik bilan suhbatda Abduraim Abduvahobov «Shum bola» filmiga leytmotiv bo‘lgan «Daryo toshqin» qo‘shig‘ini hirgoyi qilgan edi.

suvlar salqin o‘tolmayman-ey¸

Otim oriq, manzilimga yetolmayman-ey¸

Otginamni oriq qilgan shu mayda tosh-ey¸

Ranginamni sariq qilgan shu qalam qosh-ey.

Daryolarning ul yuzida uylaringiz-ey¸

Oqaribon ko‘rinadi bo‘ylaringiz-ey¸

Ipakmidi, atlasmidi kiyganingiz-ey¸

Bizlardan ham ortiqmidi suyganingiz-ey.

Ortda qolgan yil o‘zbek kino san’ati uchun ham kata yo‘qotishlar yili bo‘ldi. 1985 - yilda suratga olingan «Kelinlar qo‘zg‘oloni" filmida Sotti obrazi bilan kino muxlislari mehrini qozongan Dilbar Ikromova pandemiya avjida olamdan o‘tdi. Bir vaqtlar o‘zbek poetik kinosining tashrif qog‘ozi hisoblangan «Noziklik» filmini suratga olgan kinochi Dilshod Fatxullin ham yil qa’rida qoldi.

Yuksaklikdan qulagan

Qo‘shiqchi Ruslan Sharipov

2020 - yilning 28 - iyulida Ruslan Sharipov vafot etdi.

Munaqqid Abdumalik Turdiyev ta’rifiga ko‘ra¸ O‘zbekistonning so‘nggi 30 yildagi pop musiqa mundarijasini Ruslan Sharipov belgilagan:

“Bu yaxshimi, yomonmi, bilmayman. Ammo aynan shunday. Barcha shlyager pop qo‘shiqlarni Ruslan Sharipov bastalagan. Bugun Rossiya shou-biznesida yaraqlab ko‘ringan Nargis Zokirovani¸ yoshlarning sevimli qo‘shiqchisi Tohir Sodiqov¸ Rashid Xoliqov va yana o‘nlab qo‘shiqchilarni paydo qilgan shou-biznes me’mori edi rahmatli Ruslan...”

Ruslan Sharipov Samarqandda tug‘ilgan. “Bolalar”¸ “Setora”¸ “Bayt” guruhlari asoschisi. Bundan tashqari, u “Shahzod” va “Xo‘ja” musiqiy guruhlari qo‘shiqlari bastakoridir. 2000 - yilda O‘zbekiston prezidenti qaroriga binoan Ruslan Sharipov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Munaqqid Turdiyevga ko‘ra, Ruslan Sharipov o‘z ijodini Shvetsiyadagi “Yevropa” musiqiy guruhiga taqlidan boshlagan bo‘lsa ham, tezda o‘z uslubini topib olgan:

“Nolinchi yillarning O‘zbekistondagi seks-timsoli edi. Macho. Barcha qizlar oshiq bo‘lgan barno yigit. Shuhrat osmoniga raketa kabi ko‘tarildi, ammo harsang tosh kabi qulab, qumga singdi. Yengil narkotik¸ ichkilik¸ oilaviy muammolar Ruslanning yuksak qaddini bukdi. Ruslan bastalagan qo‘shiqlarni aytib, shon-shuhrat, boyligu sarvat topganlar yordam qo‘lini cho‘zmadi. Doim shunday bo‘lgan. Afsus, Ruslan o‘zining biologik o‘limidan 5 yil oldin ruhan o‘lib bo‘lgan edi.”

Ruslan Sharipov o‘z hayoti davomida ikki marta oila qurdi va ikki marta oilasidan ajrashdi. Undan Sabina¸ Yasmina¸ Kamilla degan qizlar va go‘zal qo‘shiqlar qoldi.

O‘zini sotganlar o‘limiga guvoh bo‘lgan adib

Shoir Shukrullo

Shukrullo dunyodagi eng keksa adiblardan biri, shuningdek, Stalin repressiyasini boshidan kechirgan bo‘lishiga qaramay, 2020 - yilgacha uzoq va mazmunli umr ko‘rgan kam sonli tirik shohidlardan biri edi.

Shukrullo aka bilan ilk marta, 1981 - yili uchrashgandim. Shoir Rauf Parfi bilan birgalikda uning uyiga borgandik. Ikkinchi marta esa, 1989 - yili Yozuvchilar uyushmasining Pushkin ko‘chasidagi binosida uchrashdim. O‘sha kuni “Birlik” ikkiga bo‘lingan, majlis bo‘layotgan edi. Shukrullo aka so‘zga chiqib, “Birlik”ni KGB josuslari bo‘lib tashlab, yo‘q qilish uchun ish boshladi. Ehtiyot bo‘ling", degan edi.” Ozodlik muxbiri sifatida Shukrullo aka bilan bir necha marta suhbatlashdim. Suhbatlardan birida adib menga “sen Egamning jiyanimisan?”deb qoldi. 1977 - yil olamdan o‘tgan shoir Egam Rahim buvimning ukasi bo‘ladi. “Egamning jiyani” ekanimni bilganidan keyin suhbatlarimiz yanada samimiy bo‘ldi. “Shoir Shukrullo 12 yoshida Magadanga surgun qilingan shoir tog‘am haqida men bilmagan tafsilotlarni gapirib berdi. Kimdir Egam Rahimning she’r daftarini o‘g‘irlab olib, NKVD (KGB) ga olib borib bergan va uning she’rlari "davlatga qarshi" deb topilgan. Gap aylanib, Shukrullo akaning qamalishi mavzusiga keldi. Meni sotganlarning hammasi o‘lib ketdi”, degan edi suhbatlaridan birida.

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 1921 - yili Toshkentda tug‘ildi, 2020 - yilning 19 - iyulida Toshkentda vafot topdi.

Shoir vafotidan 1 kun o‘tib, 20 - iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’ziyasi e’lon qilindi.

Sobiq sovet tuzumi ayovsiz tanqid qilingan "Kafansiz ko‘milganlar" asari muallifi bo‘lgan Shukrullo O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ham taqiqda qolgan edi.

Ilk she’riy to‘plami - "Baxt qonuni" 1939 - yilda chop etildi.

Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng boshlanib ketgan Stalin qatag‘onlarining ikkinchi to‘lqinida sho‘rolarga qarshi faoliyatda ayblanib, GULAG qamoqxonalariga tashlandi.

1951 - yili 25 yillik qamoqqa hukm etilgan adib sho‘ro hukumati lagerlarida og‘ir azob-uqubatlarni boshidan kechirdi.

Stalinning o‘limidan so‘ng oqlangan adib, qatag‘on yillarida boshdan kechirganlarini 1991 - yilda chop etilgan "Kafansiz ko‘milganlar" romanida tasvirlab beradi.

O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo 1990 - yillar boshida bir muddat O‘zbekiston prezidenti huzurida tashkil etilgan Prezident Kengashi a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Yozuvchi va sobiq siyosiy mahkum Mamadali Mahmudov vafot etdi

Ammo sovet davrida taqiqda bo‘lgan Shukrullo O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ham uzoq yillar davomida qora ro‘yxatda qoldi. U Oqsaroyda, Islom Karimovning yonida ishlagan davrini eslab, "men hamisha haqni aytganman" degan edi.

Tarix nima derkan bizlarga qarab?

Munaqqidlar 1970- yillar she’riyatidagi uch muhim shoirdan biri sifatida e’tirof qiladigan Omon Matjon kechayotgan yil olamdan o‘tdi.

O‘limidan sal oldin shoir uyiga Ozodlik muxbiri borib, Omon Matjonni tarix uchun muhrlagan edi.

Omon Matjondan o‘n kuncha oldin sovet davrida asarlariga taqiq qo‘yilgan¸ Karimov davrida esa, uzun muddat hibsda qolgan taniqli yozuvchi Mamadali Mahmudov 16 - oktabr kuni 79 yoshida Toshkentdagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Mamadali Mahmudov ko‘zi tirik paytida Ozodlik tasvirchisi kamerasida aks etgan edi.

Bu ijodorlardan videotasvirlar qoldi. Marhum Omon Matjon yozganidek:

Tarix nima derkan

bizlarga qarab?

Biz ertangi

kinolentalar...

Shoir va yozuvchilar ko‘milgan Chig‘atoy qabristoni