Olimlar ilk inson-maymun embrionini yaratdi

AQShdagi Salk biologik tadqiqotlar instituti olimlari inson hujayralarini o‘z ichiga olgan dunyodagi birinchi maymun embrionlarini yaratishdi. Ushbu tajribadan maqsad ikki tur hujayralar yonma-yon qanday rivojlanishini o‘rganishdir.

Makakadan olinib, so‘ngra laboratoriyada odamning ildiz hujayralari kiritilgan embrionlar 20 kun o‘stirilgan va yo‘q qilingan. Tadqiqot natijalari haqida 15 - aprel kuni “Cell” ilmiy jurnalida maqola e’lon qilindi.

Bunday hayot shakli uchun atama mavjud – ximera. Ximera yunon mifologiyasidagi olov purkovchi yirtqich hayvon bo‘lib, qisman sher, qisman echki va qisman ilondir.

Olimlar qisman odam bo‘lgan ximeralar kelajakda inson kasalliklarini davolashda ko‘maklashishiga, shuningdek, odamlarga transplantatsiya qilish uchun organlar manbasiga aylanishiga umid qilmoqda. Ammo bu maqsadlarga erishish uchun avval yarim inson ximeralar tug‘ilishi kerak.

Bu axloqiy masaladir, chunki bunday jonzotlarning maqomi axloqan noaniqdir. Yarim inson ximeralarga qanday munosabatda bo‘lishimiz ularga beriladigan axloqiy maqomga bog‘liq bo‘ladi.

Bunday tadqiqotlarni olib borish uchun bir necha asos bor. Masalan, Alsgeymer kasalligini yaxshiroq tushunishimiz uchun miyaning muayyan qismlarini yaxshiroq o‘rganish kerak. Ushbu maqsadga erishishimiz uchun odam-maymun ximeralar yaratish qo‘l kelishi mumkin.

Yana bir maqsad – transplantatsiya uchun odam organlarini yetishtirishdir. Buning uchun hayvonning genetik ko‘rsatmalaridan tegishli organni "o‘chirib tashlash" va uni joyini to‘ldirish uchun inson ildiz hujayralari yuborish mumkin.

Bundan oldin ayni tadqiqotchilar cho‘chqalarda ham o‘xshash tajriba o‘tkazgan, chunki ularning organlari inson organlariga teng. Ammo cho‘chqalarda funktsional ximera yaratish uchun yetarli miqdorda inson hujayralari olinmagan va tadqiqot muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Maymunlar evolyutsion jihatdan insonlarga yaqinroq, shuning uchun ularda inson va maymun hujayralar birgalikda o‘sishi ehtimoli yuqoriroq. Inson-maymun eksperimentlaridan maqsad texnologiyani cho‘chqalarga o‘tkazishdan oldin primatlarda ximeralarning rivojlanishini yaxshiroq anglash va takomillashtirishdir.

Ko‘plab mamlakatda cho‘chqalar intensiv ravishda boqiladi va iste’mol qilinadi. Shuning uchun cho‘chqalarda organ o‘stirish bilan bog‘liq axloqiy muammolar kamroq yuzaga keladi. Shu asnoda primatlarda o‘tkazilayotgan tadqiqotlar yakuniy maqsad emas, balki maqsad sari eltuvchi qadamdir.

Kelajakda yarim cho‘chqa bo‘ladimi yoki yarim primat, inson hujayralari mavjud bo‘lgan jonli ximeralar yaratilishi ehtimoldan xoli emas. Bunday hayvonlarning tashqi ko‘rinishi va faoliyati qisman ulardagi inson hujayralarining soniga bog‘liq bo‘ladi.

Bunday tadqiqot odamlar ko‘nglini aynitib, munozaraga sabab bo‘lishini kutish mumkin. Agar cho‘chqalar yoki maymunlarga oxir-oqibat insonlarga xos xususiyatlar berilsa, bunday tajribalar keskin qarshilikka uchrashi mumkin.

Biroq, xulosa qilishdan oldin transplantatsiya uchun organ taqchilligi mavjudligi e’tiborga olinishi kerak. Masalan, “Phys.org” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda hozirda 100 mingdan ortiq odam organ kutmoqda.

Hayot uchun xavf tug‘ilganda jamoatchilik qarshiligi odatda ozroq bo‘ladi. Masalan, koronavirusga qarshi “AstraZeneca” vaksinasini ishlab chiqarishda kelib chiqishi embrionlarga borib taqaladigan hujayralardan foydalanildi. Ammo ximeralar yaratish zamirida boshqa axloqiy muammo ham bor bo‘lib, bu miyasi odamnikiga yaqinlashtirilgan maymunlar yoki cho‘chqalarning axloqiy mavqei masalasidir.

Kelajakda ximera tadqiqotlari odamlarga hayvonot dunyosiga tegishli boshqa jihatlarni, masalan, ko‘rshapalak sonari kabi jihatlarni o‘zlashtirish imkonini berishi mumkin.

Odamlar o‘rtasidagi tenglik masalalari yirik muammo ekanini hisobga olsak, insoniyat ximera tadqiqotlarida erishiladigan yutuqlar keltirib chiqaradigan axloqiy muammolarga tayyor emasligini xulosa qilish mumkin.