Oliy sud raisi: O‘zbekistonda hibsxonalar to‘lib ketgan

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda qamoqqa olish ehtiyot chorasi ommaviy qo‘llanayotgani sabab vaqtinchalik saqlash izolatorlari to‘lib ketgan. Bu haqda Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov 9-noyabr kuni advokatlar bilan ochiq muloqot chog‘ida gapirdi, deya xabar qildi “Advokat” jurnali.

Islomovga ko‘ra, tergov hibsxonalarining to‘lib ketishi ilk bor 2001-yilda kuzatilgan.

O‘shanda vaqtincha saqlash joylaridagi shart-sharoitni o‘rganish uchun idoralararo komissiya tuzilgan edi. Hozir ham o‘shanga o‘xshash vaziyat bo‘lyapti. Lekin muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerak”, degan Oliy sud raisi.

Advokatlar qamoq ehtiyot chorasini qo‘llashda suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ayblov organi zimmasiga gumonlanuvchi tergovdan qochishi yoki guvohlarga bosim o‘tkazishi mumkinligini isbotlab berish kabi aniq majburiyatlar yuklashni taklif qilgan.

Qayd etilishicha, Oliy sud raisi muloqot davomida O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi sudyalarda haqiqiy aybdorlarni jazolash uchun ba’zan qat’iyat yetishmayotgani, ularning malakasi hali talab darajasida emasligini ham tan olgan.

Oliy sud matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, ochiq muloqot chog‘ida sud jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarni ishonchli va malakali himoya huquqi bilan ta’minlash chog‘ida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari, odil sudlovga erishish borasida advokatlarning o‘rni va rolini yanada oshirish hamda sud majlislarida tortishuv tamoyiliga to‘liq rioya etilishiga doir masalalar muhokama qilingan.

Oliy sud raisi bilan uchrashuv ortidan advokatlar Bosh prokurorni ham tergov sohasidagi tizimli muammolar yuzasidan ochiq muloqotga chorlagan.