Olmaotada ruslardan Qozog‘istonni tark etishni talab qilgan qiz qo‘lga olindi

Illyustrativ surat

Olmaotada ruslardan Qozog‘istonni tark etishni talab qilgan va Gitlerga “zo‘r yigit” deb ta’rif bergan mahalliy turg‘un politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Bu haqda KazTAG agentligi xabar qildi.

Politsiya departamenti vakillari milliy mansubiyatga ko‘ra tahqirlash va muloqot chog‘ida so‘kinishdan foydalanganlik holati bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qilishgan. Shuningdek, politsiyachilar “boshqa figurantlarning xatti-harakatlari ham o‘rganilib, ularga huquqiy baho berilishi”ni qo‘shimcha qilishgan.

KazTAG qaydicha, avvalroq bu vaziyatga jurnalist Mixail Kozachkov e’tibor qaratgan. U qizning ruslarni haqorat qilib, ularni “yovvoyi o‘tlar” deb atagani va ularsiz yashash yengilroq bo‘lishiga oid videolarini yoyinlagan. TikTok tarmog‘ida olingani aytilayotgan bu videolarda olmaotalik qiz yana Gitlerni “zo‘r yigit” (“krasavchik”) deb, Ikkinchi jahon urushida SSSR qo‘shinlari safida jang qilgan qozoqlarni esa “paxtalik” (“vatnik”) deb atagan.

Kozachkovga ko‘ra, bu video uning botiga yo‘llangan. “Videoga berilgan sharhda Maral Jalelova degan bir qiz TikTokda millatlararo mavzuda o‘z mulohazalarini bayon qilishga jur’at qilibdi. Biz uchun qiziq bo‘lgani – uning so‘zlarida Jinoyat kodeksining 174-moddasida (ijtimoiy, milliy, irqiy, tabaqaviy adovat qo‘zg‘atish) ko‘zda tutilgan jinoyat unsuri yo‘qmikin?”, deb yozgan jurnalist.