Oltin-valyuta zaxiralari bir oyda qariyb 300 mln dollarga kamaydi

Illyustrativ surat

O‘tgan bir oy ichida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb 300 million dollarga kamaygan.

Markaziy bank qaydicha, joriy yilning 1-iyun holatiga zaxiralar 36 milliard 634 million 300 ming AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 1-iyulga kelib bu ko‘rsatkich 36 milliard 340 million 600 ming dollarga teng bo‘lgan.

Oltinning sof hajmi iyul oyi boshiga kelib 11,7 million troy unsiyani, qiymati esa 27 milliard 318 million 900 dollarni tashkil etgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 11,4 million troy unsiyaga (26 milliard 812 million 400 ming dollar) teng bo‘lgan edi.

Oltin hajmi ko‘paygani holda oltin-valyuta zaxiralari miqdorining kamayganini, iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov taxminiga ko‘ra, “kotirovkalarning pasayishi” bilan izohlash mumkin.

Avvalroq Ozodlik, Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotiga tayangan holda, aprel va may oylarida O‘zbekiston xorijga oltin eksportini keskin kamaytirib, bor-yo‘g‘i 1 tonna oltin sotgani haqida xabar qilgan edi.

Bu mamlakatning fevral va mart oylarida xorijga sotgan oltini miqdoridan 23 baravar kamdir – birinchi chorakda O‘zbekiston chet davlatlarga 23 tonna oltin eksport qilgan edi.