Chernigov Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilib, uylari vayron bo‘lganidan so‘ng ko‘pchilik qatori 15 yoshli Andreyning oilasi ham shaharni tark etishga uringan edi. Biroq yo‘lda mashinalari minaga yo‘liqdi. Andrey ko‘z o‘ngida onasi o‘lganini, tiriklay yonib ketganini aytadi.
Uning o‘zi omon qoldi, lekin og‘ir jarohatlangan: hozir Lvovda davolanmoqda.
Andrey Ozodlikning ukrain xizmatiga shahar o‘qqa tutilgani, so‘ngra rus tanklari kirib kelgani haqida so‘zlab berdi:
“Bitta snaryad to‘ppa-to‘g‘ri hovlimizga tushib, portladi. Uyimizning birinchi va ikkinchi qavatidagi derazalar uchib ketdi. Keyin artilleriya otishmalari boshlandi. Biz yerto‘laga yashirindik, juda qattiq qo‘rqib ketgandik. So‘ngra shaharga kirib kelayotgan tanklar sasini eshitdik. Yana otishmalar boshlandi”, deya eslaydi u.
Tanklar ortidan shaharga Rossiya piyoda askarlari kirib kelishadi. Andrey ular eshikma-eshik yurib mahalliy aholining telefonlarini tortib olishganini va qandaydir ma’lumotlarni qidirishganini, so‘ngra odamlar hech kimga qo‘ng‘iroq qila olishmasin deb sim-kartalarni sindirishganini aytadi. Telefonini berishdan bosh tortganlar esa kaltaklanadi.
“Ular eshigimizni jo‘ngina buzib kirishmadi, balki o‘q uzib, ilma-teshik qilishdi. Avval ko‘cha eshikni o‘qqa tutishdi, so‘ngra yozgi oshxonaga, garajga ham borishdi. Oxiri biz yashiringan yerto‘laga kelishdi. Qaznoqqa kirishlari bilan “Biz tinch odamlarmiz”, deb qichqirdik. Ular dastlab ustlaringa granata tashlaymiz”, deb tahdid qilishdi”, hikoya qiladi o‘spirin.
“Birin-ketin yerto‘ladan chiqdik. Ular barcha telefonlarimizni tortib olib, xabarlarni, raqamlarni tekshirishdi. So‘ngra sim-kartalarni chiqarishimizni buyurishdi. Avval sim-kartalarni sindirishdi, keyin kallalari ishlab qoldi, shekilli, telefonlarni urib sindira boshladilar. Biz ham avtomat qo‘ndog‘i bilan urishdi”, deydi Andrey.
Yigitcha uylari butkul yakson bo‘lganini, tunash uchun qo‘shnilarinikiga chiqishganini aytadi. “Bir mahal qo‘shni uyga otamning do‘sti keldi. U bizni shahardan olib ketishga ruxsat olibdi. Ivanovkadan atigi ikki oilaning shaharni tark etishiga izn berishibdi, bittasi biz ekanmiz. Esimda qolgani – mashinada bir-birimizga qapishgancha tinchgina ketayotgandik”, deydi Andrey, onasi bilan birga Chernigovdan qanday chiqishgani haqida so‘zlarkan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Aytishicha, yo‘lda mashina ustiga pichan tashlab qo‘yilgan minani bosadi...
“Yo‘lga tashlab qo‘yilgan bir tutam pichanni ko‘rdim. Va oradan yarim soniya o‘tar-o‘tmas sarg‘ish chaqin chatnab, kuchli portlash sodir bo‘ldi. Men mashinadan otilib ketdim. Hushimga kelib qarasam, yo‘lda yotgan ekanman. Ortimga o‘girilib, onam yonayotganini ko‘rdim. U hali tirik edi, vujudi yonarkan, oyoqlari titrardi”, hikoyasida davom etadi o‘smir.
“Esankirab qoldim, ammo yana artilleriya o‘t ocha boshlagach, katta yo‘ldan yurmagan ma’qulligini tushundim. Haydovchi, uning singlisi va mening onam halok bo‘lishdi”, deydi u.
Harbiy harakatlar sharoitida Andreyning hikoyasida keltirilgan ma’lumotlarni tasdiqlash imkonimiz yo‘q. Biroq Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk Chernigov aholisini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar ochish masalasida til topisha olmayotganini aytgan edi. Vladimir Zelenskiy ma’muriyati boshlig‘ining muovini Kirill Timoshenko esa bunda Rossiyani ayblagan.
Uning aytishicha, Ukraina Chernigovdan yo‘lak ochish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda, lekin Rossiya “kelishuvlarni bajarmayapti, yo‘lak ochishga rozi bo‘lmayapti: bosqinchilar Chernigovdan Kiyevga eltuvchi barcha yo‘llarni o‘qqa tutishmoqda”.