Oqqo‘rg‘onda IIV mashinasidan sakragan mast erkak vafot etdi

IIV avtomobillari (illyustrativ surat)

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yurib ketayotgan avtomobildan sakragan mast erkak halok bo‘ldi. U shu tariqa o‘zini olib ketayotgan IIB xodimlaridan qochib qutulmoqchi bo‘lgan.

Toshkent viloyati prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, 26-iyul kuni Oqqo‘rg‘ondagi avtomobillarni yuvish shoxobchalaridan birida mast holatda jamoat tartibini buzgani ortidan T.M. ismli erkak IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Huquq-tartibotchilar iddaosicha, xizmat avtomobilida “xushyorxona”ga olib ketilayotgan paytida orqa o‘rindiqda o‘tirgan T.M. orqa eshikni yelkasi bilan itarib ochib, harakatlanib ketayotgan avtomashinadan o‘zini yerga tashlagan.

“Bo‘ka tuman Tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, T.M.da “bosh qismining ichki va tashqi jarohatlari, shilingan, burun suyagi sinishi va boshqa tan jarohatlari hamda alkogol mastlik holati” aniqlangan”, deyilgan prokuratura xabarnomasida.

Jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati tug‘ilgani sababli T.M. Bekobod tumani markaziy shifoxonasiga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, o‘sha yerda vafot etgan.

“Mazkur holat yuzasidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda IIO xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan”, deyilgan bayonotda ayni paytda holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgani, tergov jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani qo‘shimcha qilingan.