Ostona sammiti: Belarus SHHTning to‘laqonli a’zosiga aylandi

Ostonada bo‘lib o‘tayotgan SHHT sammiti ishtirokchilari, 2024-yil 4-iyuli

Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tashkilotga Belarusni qabul qilish bilan boshlandi.

Belarus tashkilotga to‘laqonli a’zolik yo‘lidagi zarur protseduralarni bajardi”, deya bildirdi Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 4-iyul kuni sammitni ocharkan.

Shu tariqa, Belarus SHHTning o‘ninchi a’zosiga aylandi. Tashkilotga bungacha Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo bo‘lgan. Sammitga 16 ta davlat rahbarlari, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va turli xalqaro tashkilotlar yetakchilari kelgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etayotgan sammitda boshqa masalalar bilan bir qatorda “xalqaro va mintaqa miqyosidagi dolzarb muammolar” muhokama qilinishi aytilgan.

Sammit doirasida ilk bor “Adolatli dunyo, hamjihatlik va taraqqiyot uchun birdamlik” mavzusida “SHHT plyus” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. “Bu muammo bo‘yicha sammitda ishtirok etayotgan davlat rahbarlaridan biri chiqish qilishi kutilmoqda”, deya xabar qilgan “Kazinform” agentligi.

SHHTga Moskva va Pekin ishtirokida 2001-yili asos solingan. Tashkilotning asosiy vazifalaridan biri mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash ekani aytilgan. Shuningdek, SHHT a’zolari iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy sohalarda ham o‘zaro hamkorlik qilib keladilar. Belarus SHHTga a’zo bo‘lish uchun 2022-yilda ariza topshirgan edi.