Ota-onalar va bolalar. Ukrainadagi urush belarus jamiyatini ikkiga bo‘ldi

Mariupolda rus askarlari

24-fevral kuni Rossiya “millatchilardan tozalash bo‘yicha maxsus amaliyot” degan iddao bilan Ukrainaga bostirib kirdi. Harbiy harakatlar rosa bir oydan beri davom etmoqda: bu vaqt mobaynida Ukrainaning o‘nlab shaharlari o‘qqa tutildi, minglab tinch aholi o‘ldirildi, 3 milliondan ziyod qochqin mamlakatni tark etdi.

Ukraina va Rossiyaga qo‘shni Belarus urushda rasman ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, rus qo‘shinlari uning hududidan Kiyevga artilleriya zarbalari bermoqda, Belarus gospitallarida yuzlab yarador rus askarlari davolanyapti. Harbiy tahlilchilar Belarus Rossiya tarafida urushga kirishini istisno etmaydilar: Belarusning barcha diplomatlari allaqachon Kiyevdan chiqib ketishdi – urush arafasida Rossiyaning Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari ham mamlakatdan olib chiqib ketilgan edi.

Bu urush nafaqat Rossiya, balki Belarus jamiyatini ham parchalab yubordi. Katta avlodning aksar qismi, ayniqsa, Lukashenko bilan Putinga xayrixoh va hukumatparast telekanallarni tomosha qiladigan kishilar Kremlning Ukrainaga bosqinini dastaklamoqda. Ayni chog‘da yoshlarning ko‘pchiligi Ukrainada ro‘y berayotgan voqealardan dahshatga tushgan, biroq ular o‘z fikrlarini ota-onalari, bobo va buvilariga uqtira olishmayapti. 2020-yili Lukashenko prezident saylovidan so‘ng norozilikni ayovsiz bostirishni boshlagan paytlarda ham avlodlar dunyoqarashi orasida ana shunday jarlik paydo bo‘lgan edi.

Ozodlikning belarus xizmati Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng oilaviy munosabatlarda muammolarga yo‘liqqan bir necha belarus bilan suhbatlashdi.

“Nabirangizni urushga olishsa achinmaysizmi?” – “Achinmayman, kerak bo‘lgach boradi-da!”

Alesya (ism o‘zgartirilgan – Tahr.) 25 yoshda, u videomuhandis bo‘lib ishlaydi. Aytishicha, oilasida siyosat bilan bog‘liq mojarolar 2020-yilda, prezident saylovidan so‘ng yuzaga kelgan. Ma’lumki, MSK saylovda yana Aleksandr Lukashenko g‘olib chiqqanini e’lon qilgach, mamlakatda ommaviy namoyishlar boshlangan edi. Bu harakat minglab namoyishchilarning kaltaklanishi va qamoqqa tashlanishi bilan yakunlandi. O‘shanda Alesya ilk daf’a buvisi bilan urishib qoldi.

“Buvim hozir 80 yoshda. Urush paytida tug‘ilgan. Bizga doim “Senlarga nima yetishmayapti? Nima yoqmayapti” deydi. 2020-yilda u men va ota-onam mamlakatda bo‘layotgan voqealarga qarshi ekanimizni bilgach, dadam bilan oyimga: “Mening senlardek bolam yo‘q”, deb aytdi”, hikoya qiladi Alesya.

“Biz, albatta, u bilan gaplashmay qo‘yganimiz yo‘q, ko‘ngliga qarashga harakat qildik. Axir keksa odam bo‘lsa. Ammo o‘shandan keyin siyosiy mavzulardan gap ochmaydigan bo‘ldik”, davom etadi qiz.

Belarusdagi saylovlarga munosabatda Alesya ota-onasi bilan yakdil bo‘lgan esa-da, Ukrainadagi urush ularni ham ikki frontga bo‘lib tashladi.

Qizning o‘zi Rossiya ukrain shaharlarini yakson qilishni boshlagan kuni ota-onasi bilan o‘rtalarida janjal chiqqani haqida shunday deydi:

“Mana buni, buni ko‘rdingizmi? Ular hamma yoqni bombalab yotishibdi-ku axir!” dedim xunob bo‘lib. Ular esa pinak buzmay: “Hech nimani bilmaymiz, hech nima bo‘layotgani yo‘q. Bomba yog‘dirishyapti, degan gapni qayoqdan olding?”, deb javob berishdi. Bu nimasi? Bizning tepamizda hech nima uchmayotgan bo‘lsa, olam gulistonmi?”

Alesya bu gapdan dahshatga tushganini aytadi.

“Ota-onam odatda davlat matbuotini emas, bama’ni OAVlarni kuzatib borishadi. 2020- yilda bo‘lgan voqealarga aqli etgan odamlarning bu gal o‘zlarini bunaqa tutishi menga juda g‘alati tuyuldi”, deydi Alesya.

Alesya aytishicha, mulohazali odamlar bo‘lmish ota-onasining Ukrainadagi urushga doir yangiliklarga loqaydligi sababini tushunishi ancha qiyin kechgan.

“O‘shanda bu psixologik holat bo‘lsa kerak, hamma narsani inkor etish holati bo‘lishi mumkin, o‘tib ketar, deb o‘yladim. Kutganimdek, bir haftadan so‘ng ularga “yetib bordi” nihoyat”, deydi qiz.

Ukrainadagi urush masalasida hozir Alesya bilan ota-onasi o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘q, ular kimning kimligini ancha farqlab olishgan. Biroq buvisi hanuzgacha Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi qilmishlari haqida eshitishni ham xohlamaydi.

“Buvimning barcha siyosiy munozaralardagi asosiy dalili bu: “Senga tag‘in nima kamlik qilyapti? Hamma narsang bor: qorning to‘q, usting but, yana nima kerak?” Buvim mening fikrimni hazm qila olmaydi, chunki televizor ko‘radi-da. Biz unga o‘z qarashlarimizni tiqishtirmoqchi emasmiz, shunchaki boshqa manbalar voqealarni qanday tasvirlayotganini ko‘rsatmoqchimiz, xolos. Lekin qayoqda. Unga gap uqtirib bo‘lmaydi. Bahs boshlamoqchi bo‘lsangiz, “Hech baloga aqling yetmaydi”, deb cho‘rt kesadi. Qayerdadir o‘qigandim: ko‘zi bilan ko‘rib turganiga ishonmasdan, “yo‘q, bu sahnalashtirilgan voqeadan boshqa narsa emas”, deya inkor qiluvchi odamlar bo‘larkan”, deydi Alesya.

Qiz uni larzaga solgan yana bir voqeani eslaydi:

“Bir kuni onam va buvim bilan o‘tirganimizda suhbat aylanib Ukraina mavzusiga taqaldi. Onam uning “ko‘zini ochish uchun” mening akamni vosita qilmoqchi bo‘ldi. “Bizning mamlakat ham urushga tortilib, suyukli nabirangizni askarlikka chaqirsalar-chi? Achinmaysizmi? O‘shanda ham shunday qilish kerak, deysizmi?” deb so‘radi. Buvim esa o‘ylab o‘tirmay: “Nima qipti? Askar kerak bo‘lgach, olishadi-da!” deb javob berdi”.

“Hozir siyosatdan umuman og‘iz ochmaymiz. Ota-onam, chamasi, vaziyatga men bilan bir xil qarashadi. Oilalardagi, avlodlar o‘rtasidagi bu fikr ayriligi hukumatga qo‘l keladi, albatta. Ammo bobo va buvilarning ulardan farqli fikrlagani uchun o‘z farzandlari va nabiralarini oq qilishgacha borishi juda yomon. Menimcha, yosh avlod keksalarni ular bizni tushunganidan ko‘ra yaxshiroq tushunadi. Dunyoqarashlarimizda katta tafovut borligini ko‘rganimizda biz janjaldan qochishga harakat qilamiz, chunki ular boshqa davr odamlari ekanini, ularning onggini o‘zgartirib bo‘lmasligini bilamiz. Keksa avlod bitta fikrni mutlaq haqiqat deb qabul qilishga moyil bo‘lar ekan. Biz bu ma’noda ulardan aqlliroqmiz, deb o‘ylayman”, deya hikoyasini tugatadi Alesya.

Dadamning gapi bu bo‘ldi: “Ukrainani allaqachon yer bilan yakson qilish kerak edi”

Katerina (ism o‘zgartirilgan) 25 yoshda, u IT-shirkatda ishlaydi. Aytishicha, uning oilasida siyosiy qarashlar hamisha bir xil bo‘lgan. Biroq Ukrainada urush boshlangach, yakdillik yo‘qolib, jiddiy nizo chiqqan.

“Ruhiy jihatdan bu juda og‘ir holat bo‘ldi. Umuman olganda, loaqal axloqiy masalalarda qarashlari bir xil bo‘lgan odamlarning endi mutlaqo boshqa-boshqa tomonda turib olganini ko‘rish kishiga erish tuyularkan”, deydi u.

Katerina va ota-onasi boshqa-boshqa shaharlarda yashashadi. Qiz otasi bilan kam ko‘risharkan, lekin urushning dastlabki ikki kunida voqealarni onasi bilan uzoq muhokama qilishibdi – ikkisi ham buni “ukrain xalqi boshiga tushgan musibat” deb bilishi ayon bo‘libdi.

“Lekin bir necha kun o‘tib oyim qo‘ng‘iroq qilib, shunday dedi: “Bilasanmi, qizim, yangiliklarni ko‘rdim. Bu rostdan ham maxsus amaliyot, Ukrainada hech qanaqa urush bo‘lmayapti, hammasi yaxshi. Rossiya prezidenti nima qilayotganini bilsa kerak”. Buni eshitish menga juda og‘ir bo‘ldi. Bilaman, oyim bunaqa masalalarda dadamning fikriga tobe, chunki oilada dadamning aytgani aytgan, degani degan”, deydi Katerina.

Shu voqeadan so‘ng qiz otasiga qo‘ng‘iroq qiladi.

“Gapni uzoqdan boshladim: “Nima qilyapsiz? Televizor ko‘ryapsizmi? Olamda nima gap?” Keyin muddaoga o‘tib, vaziyat haqida fikrini so‘radim. U shunday javob berdi: “Bu yerda o‘ylaydigan nima bor? Ukrainani allaqachon er bilan bitta qilib, o‘rniga yangi, bama’niroq davlat qurish kerak edi”. Hech qachon zo‘ravonlikni yoqlamaydigan men uchun bu o‘ta shafqatsiz munosabat edi. Dadamni go‘yo qaytadan kashf etgandim”, g‘amgin davom etadi Katerina.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri u otasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashmaydi, otasi esa qiziga onasi orqali salom yo‘llab, uyga qachon kelishini so‘ramoqda. Katerina hozir ota-onasi bilan so‘zlasha oladigan ahvolda emasligini aytadi.

“Oyim bilan juda inoq edik, shu bois u men bilan qaytadan til topishishga urindi, qo‘ng‘iroq qildi, xatlar yozdi. Kunlarning birida undan nima yumush bilan bandligini so‘radim. “Rossiya Ukrainaning qanday dodini berayotganini tomosha qilib o‘tiribman”, dedi oyim. Shundan so‘ng unga nisbatan salbiy hislarim o‘n chandon ortdi. Bir necha kun qo‘ng‘iroqlariga umuman javob bermadim”, deydi qiz.

Katerina aytadiki, ota-onasi bir gapni qattiq tutishgan: “Donbassda 8 yil odamlar nobud bo‘lganida nega hech kim indamadi?” Bu Rossiya propaganda mediasi tomonidan Ukrainaga bosqinni (Putin, rasmiy bayonotiga ko‘ra, Ukraina sharqiy hududlaridagi rusiyzabon aholini “himoya qilish” maqsadida mamlakatga qo‘shin kiritgan – Mual.) oqlash uchun eng ko‘p qo‘llanadigan iddaolardan biridir.

“Men bunaqa yondashuvni to‘g‘ri deb hisoblamayman, lekin dadamga ko‘ra bu “kuchli dalil” emish. Ukraina mavzusida u bilan gaplashish befoyda bo‘lib qoldi, nachora, shunaqa psixologik tip bo‘ladi hayotda. U men keltirgan hamma dalillarni asossiz inkor etadi va so‘z topa olmaganda jerkib tashlaydi. Uning ta’siri ostida qolgan oyim ham sira gap uqmaydi. Meni tinglaydi, albatta, hatto tushunishini ham aytadi, lekin oxirida “To‘g‘riku-ya, lekin baribir...” deb gap boshlaydi”, deydi Katerina.

Qizga ko‘ra, eng og‘ir holatni mart oyi boshlarida, onasining tug‘ilgan kunida boshidan kechirgan.

“Bu men uchun yilning eng muhim sanalaridan biri, odatda bu kunga jiddiy hozirlik ko‘rardim. Tug‘ilgan kunida oyim o‘zini tamom o‘zgacha his qilishi uchun tirishardim. Lekin bu safar hatto “Tavallud kuningiz bilan tabriklayman!” deb SMS yozish uchun ham o‘zimda kuch topa olmadim. Xullas, eng yaqinlaring bilan birdan ters bo‘lib qolish juda og‘ir bo‘larkan. Biroq hammadan dahshatlisi – sening nazaringda ota-onang obro‘si to‘kilganidir”, deydi yana Katerina.

Qizning aytishicha, do‘stlari uni qo‘llab-quvvatlashadi, ular bilan fikrlari deyarli uyg‘un.

“Loaqal tengdoshlarim bilan fikrimiz bir joydan chiqayotganidan xursandman. Ochig‘i, do‘stlarimdan ham ayrilib qolganimda bu dilxiraliklarga qanday bardosh berardim, bilmayman. Do‘stlarim menga tirgak bo‘lishyapti: ular birovning qayg‘usiga sherik bo‘lishni bilishadi. Atrofingda seni tushunadigan inson bo‘lsa, ancha engil tortar ekansan”, ta’kidlaydi u.

Katerina ota-onasining dunyoqarashini o‘zgartirishga qurbi yetishiga ishonmaydi, lekin, ularni qattiq ranjitib qo‘ymaslik uchun vaqtincha ulardan uzoqroq yurishga tayyor.

“Boshqa shaharda yashashim shu tomonlama qulay bo‘ldi, bunaqa paytlarda ko‘rishmay turganimiz ma’qul. Siyosiy qarashlarga kelsak, ota-onamning fikrlashida evrilish yuz berishiga ko‘zim yetmaydi. Ularni vaziyatga boshqacha ko‘z bilan qarashga nima majbur etishi mumkinligini tasavvur ham qilolmayman”, deydi Katerina.