O‘zbekiston prezidentining kichik kuyovi hamda prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afg‘onistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylangan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
MOK qaydicha, Umarov bu lavozimga Osiyo Olimpiya kengashining Nyu-Deli (Hindiston) shahrida o‘tkazilgan 44-Bosh Assambleyasi doirasida saylangan.
“Tadbirda so‘z olgan Otabek Muhammadaliyevich qit’amiz sporti jahonda yanada katta e’tirofga sazovor bo‘layotgani, buning isboti o‘laroq Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida Osiyoning 4 davlati TOP-15 talikdan joy olgani, Prezidentimizning sportni qo‘llab-quvvatlashlari bilan O‘zbekiston o‘z tarixida eng yaxshi natijani qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilishga va’da berdi”, deyilgan MOK xabarnomasida.
Avvalroq Ozodlik O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kichik qizi, Otabek Umarovning xotini Shahnoza Mirziyoyeva Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangani haqida xabar qilgan edi. Shahnoza Mirziyoyeva ayni paytda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari hamdir.
Mirziyoyevning katta qizi Saida Mirziyoyeva esa O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining amaldagi rahbari bo‘lib hisoblanadi. U 2023-yil avgustida ayni lavozimga tayinlanguniga qadar Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri bo‘lib ishlagan.
Endilikda “butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga mas’ul bo‘lajak” Otabek Umarov Ozodlik o‘zbek xizmatining so‘nggi surishtiruvning bosh qahramoniga aylangan edi. “Otabek Umarov o‘nlab million dollarlik qasrni qaysi puliga quryapti?” sarlavhali mazkur surishtiruvni quyida tomosha qilishingiz mumkin: