Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Tojikistonga mamlakat elektr tarmoqlarini O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqa tarmog‘i orqali Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga qayta ulash loyihasini kengaytirish uchun qo‘shimcha 15 million dollar grant ajratadi.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, qo‘shimcha mablag‘ Tojikiston shimolidagi “So‘g‘d” podstansiyasi va O‘zbekistondagi “Yangi Sirdaryo” podstansiyasi o‘rtasida 22 kilometrlik 500 kV yangi elektr uzatish liniyasini qurishga yo‘naltiriladi.
“Bu (mablag‘) Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidagi davlatlar o‘rtasida elektr energiyasi eksporti va importi salohiyatini oshirish hamda tarmoq uzilishlarining oldini olish uchun infratuzilmani mustahkamlashga yordam beradi”, deb hisoblaydi OTB.
Uzoq muddatli istiqbolda loyiha Tojikistondagi Rog‘un GESdan elektr energiyasini uzatish sxemasining asosiy tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda.
Ozodlik avvalroq OTB O‘zbekiston hukumatining mamlakat moliya bozorlarini mustahkamlash va barqaror bozorga yo‘naltirilgan energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan ikkita qarzni ma’qullagani haqida xabar qilgandi.
O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan qariyb 30 yil davomida bank mamlakatga 12,5 milliard dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.