OTB O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlaydi

Illyustrativ surat

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yuqori sifatli maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tranzaksiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.

OTB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xalqaro moliyaviy tuzilma hozirda Samarqand viloyatidagi 100 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rivojlantirishda maslahat xizmatini ko‘rsatmoqda.

OTBning beshta hududda maslahati yordamida davlat-xususiy sheriklik asosida 500 tagacha bog‘cha tashkil etiladi, bu esa 75 ming nafar tarbiyalanuvchiga foyda keltiradi.

OTBning tranzaksiyalarga oid maslahat yordami bolalar bog‘chalarini boshqarish va ularning sifati va barqarorligini oshirishda ilg‘or tajriba taqdim etadi”, degan OTBning O‘zbekistondagi rahbari Kanokpan Lao-Araya.

Bank ko‘magi loyihalar tayyorlash, ularni tashkil qilish va malakali xususiy hamkorlarni jalb qilishni o‘z ichiga oladi. Loyihalar ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan qariyb 30 yil davomida bank mamlakatga 12,5 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan. Xalqaro moliyaviy tuzilma, jumladan, sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kommunal xizmatlar va suv ta’minoti sohalaridagi loyihalarni dastaklagan.

Ozodlik avvalroq OTB O‘zbekiston hukumatining moliya bozorini mustahkamlash va energetika sektorini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 400 million dollarlik qarz ajratgani haqida xabar qilgan edi.