Ozarbayjonda rasmiylarni tanqid qilib kelgan sobiq diplomat qo‘lga olindi

Emin Ibrahimov

Ozarbayjonda 22-iyul oqshomida sobiq diplomat Emin Ibrahimov qo‘lga olingan. Bu haqda Ozodlikning ozarbayjon xizmati xabar qildi.

Ibrahimov advokat Aqil Layijga dushanba kuni kechqurun metro stansiyasi oldida unga noma’lum shaxs hujum qilgani, shundan keyinoq fuqaro kiyimidagi odamlar paydo bo‘lib, uni tutib ketishganini aytgan. Sobiq diplomat Ozarbayjon Jinoyat kodeksining 126.1-moddasida (Kishi sog‘lig‘iga qasddan og‘ir shikast yetkazish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

“U go‘yo kimgadir pichoq bilan shikast yetkazganlik uchun ushlanganini ma’lum qildi. Emin buning yolg‘on ekanini aytdi”, deya bildirishgan Ibrahimovning yaqinlari.

Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi Turan agentligiga Ibrahimov go‘yo 37 yoshli erkak bilan janjallashib ketganini ma’lum qilgan.

“Natijada Emin Ibrahimov fuqaroga pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. Ibrahimov qo‘lga olingan, jabrlanuvchi esa kasalxonaga yetkazilgan”, deya bildirishgan IIV vakillari.

Emin Ibrahimov avval Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlagan, keyin esa diplomatik xizmatdan ketgan. So‘nggi yillarda u rasmiylarni tanqid qilib kelayotgan edi.

Iyun oyida Ozarbayjonda iqtisodchi Farid Mehralizoda qo‘lga olingan edi. U xodimlari uyushgan guruh tarkibida valyuta kontrabandasida ayblangan Abzas Media mustaqil nashriga qarshi ish figurantiga aylangan. U sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, Abzas Media nashri bilan o‘zining o‘rtasida hech qanaqa ish aloqasi bo‘lmaganini bildirgan.