O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xivaning “Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasidagi yuzdan ziyod eksponat soxtalashtirilgani yuzasidan tergov boshlagan.
O‘zbekistonning Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi va Madaniy meros agentligi o‘tgan oy “Ichan-Qal’a”da muzey ashyolarini xatlovdan o‘tkazish chog‘ida noyob deb kelingan 101 ta eksponatning kirim kitobidagi tavsifnomalari o‘lcham, material, ishlanish uslubi va yaratilgan davriga mos kelmagani haqida ma’lum qilgan edi.
Bu esa tarixiy buyumlar asl nusxa o‘rniga soxtasini almashtirib qo‘yish sxemasi orqali muzey fondidan gumdon qilingan, degan farazlarni o‘rtaga chiqardi.
“Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi fond mudiri Ozod Karimov Ozodlikka eksponatlar soxtalashtirilgani gumoni yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshiruv olib borayotganini tasdiqladi.
Lekin, mulozim tergov yakuniga yetmagunicha bu haqda ma’lumot bera olmasligini aytdi.
“Bosh prokuratura tekshiryapti, sal sabr qilinglar, tergov tugasin keyin batafsil ma’lumot beramiz”, - dedi Karimov.
Ozodlikning "Ichan-Qal’a"dagi tekshiruv haqida ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga bog‘lanish urinishlari besamar bo‘ldi.
"Eksponatlar ekspertiza qilinadi"
O‘zbekiston Madaniy merov agentligining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi tekshiruv jarayonida sohta ekani gumon qilinayotgan 101ta eksponatning hammasi ekspertiza qilinishini aytdi.
"101 ta muzey ashyosining kirim kitobidagi tavsifnomalari o‘lcham, material, ishlanish uslubi va yaratilgan davriga mos kelmagani bizda ular almashtirib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin, degan shubhalarni uyg‘otdi. Shuning uchun hammasi ekspertiza qilinadi", - dedi agentlik mulozimi.
Agentlikning boshqa bir mulozimi: “Qat’iy choralar ko‘riladi, muzey eksponatlarini qalbakilashtirish va o‘g‘irlash oldini olish tadbirlari joriy etiladi”, - dedi.
Xiva Ichan qal’a muzeyi bosh ilmiy kotibi¸ tarix fanlari nomzodi Komiljon Xudoyberganov Ozodlik bilan suhbatda, soxtalashtirilgan, deb gumon qilinayotgan tarixiy buyumlar orasida ayollarning taqinchoqlari, misgarlik buyumlari, qadimiy miltiqlar va choponlar borligini aytdi.
Lekin, Xudoyberganov ular sohta emas, hammasi original, degan qat’iy ishonchda.
“101ta buyumning KP (kniga postupleniy muzeynix predmetov-tahr.) daftarida qayd etilgan o‘lchamlariga to‘g‘ri kelmagan. Bir narsani razmeri to‘g‘ri kelmaydi, yana bir narsani uzori to‘g‘ri kelmaydi. Yana bir narsada opisaniyesi noto‘g‘ri. Muzey, bilasiz 1920- yilda ochilgan. 1966-yilgacha yetib kelgan ashyolarni hammasi KP, ya’ni o‘zimizni tilda aytadigan bo‘lsak “Kirim kitobi" ga kiritilgan. 1966-yilda shu kitobni qaytadan yozishgan. 1966-yilgacha nima ish qilgan bo‘lishsa qilishgan. O‘sha paytda arabchani bilishmagan, balki xatoliklar ketib qolgan. Ustiga chizib, to‘g‘irlab qo‘yilgan joylari bor. Bular originalini o‘g‘irlab, soxtasini qo‘yib qo‘yishgan, degan gumon bilan tekshiruv o‘tkazyapti, ishni prokuraturaga oshirishgan, tekshiryapti. Lekin, ular sohta emas, original. Xatolik KPdagi yozuvlarda”, - deydi Komiljon Xudoyberganov.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan san’atshunoslar esa Xivaning ochiq osmon ostidagi muzey deya nom chiqrgan “Ichan-Qal’a”si osori-atiqalari 100 yil davomida bir necha xil yo‘l bilan yo‘q qilinganini iddao qilishadi.
"Originali o‘rniga soxtasi"
O‘zbekistonlik san’atshunos Malik Turdiyevning aytishicha, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida eng ko‘p tarqalgan o‘g‘rilik bu asl nusxa o‘rniga soxtasini almashtirib qo‘yish bo‘lgan.
"O‘sha paytlar muzey ashyolarini kelgan sayyohlarga sotish avjiga chiqib ketgandi. Originalini sotishgan, eng qizig‘i arzimagan dollarlarga sotishgan, o‘rniga soxtasini qo‘yib qo‘yishgan. Mahalliy zargarlar aniq qilib yasab berishadi. Mana endi muzey eksponatlari ustidan nazorat kuchaytirilyapti, oldin qilish kerak edi buni", - deydi Turdiyev.
Ikki yil avval "Ichan-Qal’a"da muzey eksponatlari o‘g‘irlangani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari ohirida Xorazmda muzey sohasida rahbar lavozimida ish yuritgan sobiq mulozim ham muzeylarda o‘g‘riliklar bo‘lganini tasdiqlaydi.
“Afsuski¸ “Ichan-Qal’a”ning eng asl eksponatlari o‘g‘irlandi.18-asr boshida ingliz konsuli Muhammad Rahimxonga 12ta miltiq sovg‘a qilgan. Ingliz vinchesterlari. Kumush va oltin bilan bezatilgan. Shular muzeyga qo‘yilgan, keyingi 30 yilda shular g‘oyib bo‘ldi. O‘g‘riliklar mustaqillik yillari boshida ko‘p bo‘ldi. Nazorat yo‘qolib qolgan, iqtisodiy qiyinchilik davri edi. Qadimiy choponlar, tangalar, taqinchorqlar talon-toroj qilindi. Sayyohlarga pullandi. O‘sha yili tadbirkorlardan biri yapon turistlarini oldimga yetaklab keldi. Mana bu narsaga 5 ming dollar beradi, ming dollarini menga berasiz, qolgani sizniki, degandi. Sotmadim, vijdonim chidamadi. 1992-yilda Ichan-Qal’adagi muzeyga o‘g‘ri ham tushdi. Qorovulni oyoq-qo‘lini bog‘lab¸ muzeydagi qadimiy ashyolar¸ qadimiy turkman gilamlari, egar-jabduqlarni o‘g‘irlab ketishdi. O‘g‘rilar topilmadi. Aslida bu undan oldingi o‘g‘riliklarni yashirish uchun ataylab uyushtirilgan tomosha bo‘lgan, degan gumon ham bor. Muzey remont qilingan paytida ham eksponatlar yo‘qoldi”¸ deydi suhbatdosh.
“Qadimiy naqshin ustunlar o‘rniga xoda”
O‘tgan yili “Ichan-qal’a”dagi Tosh xovli, ya’ni xonning xarami joylashgan tarixiy binoning ikkinchi qavatidagi tarsayvonlarning o‘yma naqshli qadimiy ustunlari olinib, o‘rniga xodalar qo‘yilgani tarmoqlarda e’tiroz uyg‘otgan edi.
Ba’zi blogerlar tarafidan qadimiy ustunlarni muzey mulozimlari sotib yuborgan, degan iddaolar ham aytildi.
Xiva Ichan qal’a muzeyi bosh ilmiy kotibi Komiljon Xudoyberganov bu iddaolarni rad qildi.
“1992-yilda o‘g‘rilik bo‘lgan, to‘g‘ri. Chunki o‘sha paytda birgina qorovul bo‘lgan. O‘g‘rilarni Interpol ham topa olmadi. Muzey rahbarlari o‘g‘irlab, sotib yuborgan, degan gaplar bo‘xton. Naqshin yog‘och ustun almashtirib qo‘yilgani sababini esa men sizga aytaman. Ustun vaqt o‘tishi bilan qiyshayadi. Binoning yiqilib ketish xavfi paydo bo‘ladi. Ayrimlariga termit tushgan, chirib ketgani uchun almashtirildi. Ular olinib, o‘rniga yangisi qo‘yildi. Odam o‘lyapti, ustun sinmasinmi, qiyshaymasinmi. Abadiy narsa yo‘qku”, - deydi Xudoyberganov.
2016-yilda Ta’mir bahonasida talon-toroj qilingan "Nurillaboy saroyi" oldiga 1924-yilda Xorazm Xalq respublikasi tarafidan o‘rnatilgan Lenin haykali 1991-yili olib tashlangan edi.
SSSR xalq rassomi Sergey Merkurov (1881 -1952) yaxlit qizil granitga o‘yib ishlagan Lenin haykali O‘zbekiston Madaniyat vazirligining davlat muhofazasida bo‘lgan eksponatlari ro‘yxatida qolmoqda.
Sovet monumental haykaltaroshligining taniqli vakili bo‘lgan Merkurov asarlari jahon bozorida katta qiymatga ega.
Xivaning "Deshon-qal’a" majmuidagi "Nurillaboy saroyi"dagi ta’mir paytida amalga oshirilgan talon-toroj va osori-atiqalarni o‘g‘irlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yuzasidan Xorazm viloyat sudi qurilish shirkati pudratchilarini aybli deb topgan edi.
Ikki yil oldin Ozodlik “Ichan-Qal’a”da qadimiy obidalarga ta’mirlash payti shikast yetkazilgani haqida xabar qilgandi.
Mirziyoyev tanqidi
2020-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida “Xivaning har bir g‘ishti avaylab saqlanishi” kerak¸ degan edi.
26-aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Mirziyoyev yana bir bor muzeylar faoliyatiga e’tibor qaratdi.
Majlisda O‘zbekiston muzeylarida o‘tkazilgan tekshirishlarda mamlakat bo‘ylab 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani qayd etilgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov qaydicha, seshanba kungi yig‘ilishda boshqa masalalar qatorida muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi ham muhokama qilingan, O‘zbekistonda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan unumli foydalanilmayotgani urg‘ulangan.
Mazkur muzeylarda 2,5 milliondan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida noyob hisoblanishi ta’kidlangan.
“Buxoro davlat muzeyida jami 31,5 milliard so‘mlik 81 ta madaniy boyliklar qalbakilariga almashtirib qo‘yilgani aniqlangan. “Ichan-Qal’a” davlat muzey fondida jami 101 ta muzey ashyolari asliga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Umuman, 30 yilda madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion so‘mdan (taqriban 355 million AQSh dollaridan ko‘proq) oshgan”, deyilgan Sh. Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos keltirilgan xabarnomada.
Shu bois yig‘ilishda prezident bosh prokuror va turizm vaziri boshchiligidagi komissiyaga barcha muzeylar eksponatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, yil yakuniga qadar ularning elektron bazasini yaratish, muzeylar rahbar va xodimlarining bilim va malakasini baholab, lavozimiga noloyiq rahbarlar o‘rniga bilimli, halol va tadbirkor yoshlarni qo‘yishni topshirgan.
Ikki yil oldin esa Ozodlik “Ichan-Qal’a”da qadimiy obidalarga ta’mirlash payti shikast yetkazilgani haqda xabar qilgandi.