Qirg‘izistonda fermerlar o‘zlarini suv bilan ta’minlashni talab qilishmoqda. Agar yaqin bir hafta ichida ekinlar sug‘orilmasa, hosil nobud bo‘ladi. U holda mamlakatni oziq-ovqat inqirozi kutadi, deya ogohlantirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar.
Fermer Anatoliy Kosaryov ekinlarini sug‘orish uchun bir oydan buyon navbat kutadi. Bu yili ekkan jo‘xorisi navi xiyla injiq – o‘g‘itni ko‘p talab qiladi, tez-tez sug‘orish kerak. O‘g‘itga-ku pulni ayagani yo‘q, ammo qaqrab yotgan jo‘yaklardagi endi unib chiqqan nihollarga qaragan sari yurak uvishadi, deydi u.
“Yana bir haftacha chidashi mumkin, bu eng so‘nggi muhlat, aks holda, ekin qurishni boshlaydi. Suv yetishmayapti, tuproqdan allaqachon nam qochgan, jo‘xori tob bera olmasa kerak. Juda qayg‘uryapmiz. Ozmuncha pul tikilganmi axir, hech kim zararimni to‘lab bermaydi-ku”, hasrat qiladi Chuy viloyatilik fermer Anatoliy Kosaryov.
Anatoliyning ukasi Dmitriy omadliroq ekan – uning yeri chekkada, drenaj tarmog‘i o‘tkazilgan joyda. Dmitriy ekinlarini sug‘orishda drenaj suvlaridan foydalanadi. Ammo buning uchun ancha pulga nasos sotib olishiga, yana benzinga ham uncha-muncha chiqim qilishiga to‘g‘ri keldi.
“Albatta, ko‘pga tushyapmiz, lekin boshqa chora yo‘q-da. Xarajatimiz ortsa ham mayli, hosilni saqlab qolaylik. Bo‘sh kelganimiz yo‘q, mana, kurashyapmiz”, deydi Dmitriy Kosaryov.
Shu muzofotning o‘zida ikki ming gektar obikor yer bo‘lsa, deyarli har bir fermer suv muammosini o‘z tanasida his qilib ulgurdi. Mahalliy kanalda suv o‘tgan yilgidan uch baravarga kamaygan. Dehqonlar bu yilgi yoz quruq kelishini bilib, hosilni mumkin qadar saqlab qolish maqsadida drenaj suvlarini ko‘tarishni avvalroq boshlashgan va kilometrlab beton ariqlar o‘tkazishgandi. Lekin bu suv barcha ekin maydonlarini sug‘orishga baribir etmayapti.
“30 foiz hosilga kuyib bo‘ldik. Endi baribir mo‘ljalimizdagi xirmonni ko‘tara olmaymiz. Inqiroz vaziyatidamiz. Bu Qirg‘izistonning oziq-ovqat xavfsizligiga zarba bo‘ladi”, deydi Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi direktori Mayrambek Berkutboyev.
Joriy yilda qariyb butun Chuy viloyati suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Mushkul ahvolda qolgan fermerlar so‘nggi kunlarda Bishkekda ikki marta miting o‘tkazib, ehtiyojlari qondirilgunicha qo‘shni mamlakatlarga suv bermaslikni talab qilishdi. Biroq hukumat bu talabni rad etmoqda.
“1983 - yilgi nizomga ko‘ra, Chu daryosi suvi birgina Qirg‘izistonga tegishli emas, biz uni Qozog‘iston bilan bo‘lishamiz. Daryo suvining 58 foizi bizniki, qolgan 42 foiz esa shu oqim bilan Qozog‘iston tomoniga yetkazib berilishi kerak. Afsuski, bugungi kunda suv nafaqat bizga, ularga ham yetmayapti”, deydi Davlat suv resurslari agentligi rahbari Almaz Sokeyev.
Hukumat sug‘orish uchun suvni yer ostidan tortib olish maqsadida yuzlab quduqlar qazdirishni rejalagan. Ammo bunga yillar kerak bo‘ladi. Hozircha esa mulozimlarning qo‘lidan keladigani – fermerlarga tejamliroq bo‘lish va ob-havoga umid bog‘lashni maslahat berish, xolos.