OzodDayjest: Andijon va Jizzaxda qayd etilgan davlat xaridi bo‘yicha shubhali holatlar – aysbergning uchi...

Deputat G‘aniyev davlat xaridi bo‘yicha tanish-bilishchilik holatlariga munosabat bildirdi.

Jurnalistlarga “tosh otgan” UzAuto Motors mulozimidan uzrxohlik talab qilindi. O‘zbekistonda nos savdosini butkul taqiqlash taklif etilmoqda. Joriy hafta mahalliy matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

UzAuto Motors rahbariyati savolga tutildi: Qachongacha “boshim kal, ko‘nglim nozik” qabilida ish tutasizlar?

UzAuto Motors yuridik departamenti direktori Rustam Shaymardanovning OAV va ijtimoiy tarmoqda “maxsus buyurtma” bilan tarqatilayotgan bo‘htonlar cabab avtoshirkat katta zarar ko‘rgani xususidagi da’vosi keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Monopol avtoshirkat vakili 2020 - yilning avgust-sentabr oylarida kunlik tushum qariyb 30-40 mlrd so‘mga keskin kamaygani va 562 mlrd so‘mlik reja bajarilmagani uchun jurnalist va blogerlarni ayblagan edi.

Ko‘p sonli internet foydalanuvchilar avtoshirkat mulozimining fikrlarini asossiz, tagi bo‘sh va biror huquqiy asos va dalilga ega bo‘lmagan iddao deb atagan.

“Bayonotingizdagi ayblovlarni isbotlab bera olmas ekansiz, demak, tuhmat qilgan bo‘lasiz va UzAuto Motors haqida tanqid yozgan har bir OAV hamda bloger sizni ustingizdan vakolatli organga arz qilishga haqli bo‘lib qoladi… Bordiyu qo‘lingizda kompaniyaning tegishli rejani bajara olmay qolishiga OAV va blogerlarni “maxsus buyurtma”lar asosida yozilgan maqolalari sabab bo‘lganini isbotlovchi dalillar bo‘lmasa, shuningdek, siz e’tirof etayotgan OAV va blogerlarning ro‘yxatini ochiqlay olmasangiz, o‘z bayonotingizga raddiya bering va UzAuto Motors haqida yozgan barcha OAV jurnalistlari hamda blogerlardan ommaviy ravishda uzr so‘rang” , - deydi huquqshunos Abbos Salaydinov Kun.uz nashrida.

“Nega sizlar “boshim kal, ko‘nglim nozik” deganning ishini qilyapsizlar?.. Sizlar doim maydonda o‘zingiz harakat qilgansiz, bitta bo‘lgansiz va hali qiyinchilik ko‘rmadingiz. O‘tgan 30 yilda dunyo katta-kichik iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirdi. Sizlar hukumat yoki “amakilaringiz”ning ko‘magisiz ochiq maydonda shunday inqirozlardan bemalol chiqib keta olishingizga ishonasizmi? Yoki ertaga o‘zingiz shaxsan o‘sha sizni qo‘llayotgan “amakilaringiz”ga borib, bojxona to‘lovlarini olib tashlashsin yoki maksimal darajada kamaytiraverishsin, biz raqobatga tayyormiz, deya ko‘krak kera olasizmi?” - deya monopol kompaniya rahbariyatini savolga tutdi bloger Zafarbek Solijonov.

Deputat G‘aniyev davlat xaridi bo‘yicha tanish-bilishchilik holatlariga munosabat bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Andijon va Jizzax viloyatlarida davlat xaridlaridagi tanish-bilishchilik holatiga munosabat bildirib, bu ikki holat aslida aysbergning uchi ekanini ta’kidladi (www.gazeta.uz, 29 -dekabr).

“Jizzax bilan Andijonda bo‘layotgan voqealar aslida yangilik emas. Faqatgina jamoatchilikka endigina oshkor qilingani uchun “hayp” yaratyapti. Bu, aslida, yillar davomida amalga oshirilib kelinayotgan amaliyot. Birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q, bu ikki voqea aslida “aysberg”ning uchi. Ushbu muammoni deyarli hamma viloyatda topasiz” ,- degan deputat.

D.G‘aniyev qonunchilikda davlat xaridlari sohasidagi manfaatlar to‘qnashuvi uchun javobgarlik yo‘qligiga e’tibor qaratgan va Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi yangi qonun shunday muammolarga tizimli yechim bo‘lishini qayd etgan.

Dastlabki bosqichda davlat xaridida manfaatlar to‘qnashuvi holatiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jarima ko‘zda tutilgan, keyinroq jinoiy javobgarlik ham belgilanishi mumkin.

Avvalroq Andijon viloyatida “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbariga taalluqli kompaniya 20 milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qabul qilgani, shuningdek, Jizzax shahrini manzarali daraxtlar va gullar bilan bezash uchun 2 milliard so‘m sarflangani va ushbu davlat xaridini qo‘lga kiritgan kompaniya viloyat hokimi qiziga tegishli ekani, qolaversa, Jizzaxda 292,1 milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan kompaniyalar viloyat hokimi o‘rinbosariga aloqador bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonda nos savdosini butkul taqiqlash taklif etilmoqda

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi nos ishlab chiqarish va sotishni qonun darajasida taqiqlashni tavsiya qilmoqda (“Rost24”, 27 - dekabr).

“Nosvoy sotuvi va ishlab chiqarilishini tartibga solish juda qiyin, chunki u qo‘lbola usulda yoki uy sharoitida, sanitariya normalariga rioya qilmasdan tayyorlanadi, nazorat idoralari nosvoyning xavfsizligi va sifatini nazorat qilish uchun zarur resurslarga (texnologik, moliyaviy va boshqa) ega emas”, - deyiladi xabarda.

Vazirlikka ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 12 foizi, erkaklarning 23,2 foizi, ya’ni har to‘rttadan bittasi, ayollarning 0,2 foizi nos chekadi. Bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o‘rtasida nos iste’mol qilish ko‘rsatkichining eng yuqorisidir: Qirg‘izistonda – 5,2 foiz, Qozog‘istonda – 1,3 foiz, Turkmanistonda – 1,4 foiz.

Nosvoyning narxi filtrli sigareta narxidan 4-5 baravar past bo‘lib, bu esa ko‘pchilik uchun hamyonbop sanaladi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda xavfli o‘smalardan traxeyada 3,9 marta, og‘iz bo‘shlig‘ida 3,8 marta, milklarda 3,1 marta, qizilo‘ngachda 2,5 marta, oshqozonda va burun-halqumda 2 marta ko‘p o‘lim kuzatilgan.

O‘lim asosan 30-69 yoshdagi erkaklar o‘rtasida shu yoshdagi ayollarga qaraganda ancha ko‘proq uchraydi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu nos va boshqa tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishiga bevosita bog‘liq.