OzodDayjest: Jurnalistga hamla qilgan hokim o‘rinbosari yashirincha lavozimiga qaytarildi

Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov.

Mas’ul mansabdor O‘zbekiston ikki yilda to‘liq lotin yozuviga o‘tishini e’lon qildi. Monopol mavqedagi “O‘zavto” shirkati gladiatorga o‘xshatildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

25 yillik dardisarlik: Avtozavod aholi yelkasiga o‘tirib, uning madorini quritayotganini beshikdagi bola ham biladi

Oliy Majlis deputatlarining e’tirozlari va sud da’volariga qaramay, avtomobil sohasida monopoliya saqlanib qolmoqda.

“Bu jarayonlardan hukumat xabardormi, yo‘qmi? Agar xabardor bo‘lsa, sababini tushuntirishi kerak. Mabodo shu zavoddan tushayotgan soliq mamlakat iqtisodiyoti uchun suv bilan havodek zarur bo‘lsa, kunimiz shunga qarab qolgan bo‘lsa, iqtisod yo moliya vazirimiz tushuntirishi kerak… Biz esa aksincha qilyapmiz. Tushuntirish, muomala, murosa degan gap yo‘q. Xuddi ko‘cha qonunlari ishlayotganday: xohlasang shu, xohlamasang, katta ko‘cha”,- deya 25 yil dardisarlikni bayon etadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Maqolada “O‘zavto” sodiq gladiatorga mengzalgan.

“Ringda mudom “O‘zAvto” va xalq: ikki talangan mardum bir-birini talaydi. Sodiq gladiatorday “O‘zAvto” xo‘jasini aytmaydi, “och bachchag‘ardan qoch bachchag‘ar” deganday hayotdagi eng ulug‘ orzusi mashina minish bo‘lgan odamlar chaqaday unga yopishadi... Hurmatli korrupsionerlarimiz sal uyalishlari kerak, oldin mumkin edi, hamma joy yopiq edi. Hozir buni berkitishning iloji qolmadi. Bu zavod odamlarning yelkasiga o‘tirib madorini quritayotganini hatto beshikdagi bolalar ham biladi”,- deb ta’kidlaydi Telegram kanal.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri ma’muriy sudining joriy yil 30 - oktabridagi qaroriga muvofiq, UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga qarshi da’vosida haqli deb topildi.

Qo‘mita yengil avtomobillar narxi o‘rtacha 10,29 foizga oshirib shakllantirilgan deya xulosa bergan va shirkatdan narxning asossiz oshirilgan qismini pasaytirish va ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishni talab qilgan edi.

Mas’ul mansabdor: “Lotin yozuviga o‘tish qo‘rqinchli ish emas”

“Ikki xil yozuvda yurgan bizdek davlat biror yerda bo‘lmasa kerak. Xohlagan joyingiz, xohlagan vazirlik va tashkilotingizga boring – hamma istaganini qilyapti. Biror bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har bir davlatning bir to‘xtamga kelgan yozuvi bo‘lishi kerak”, - deydi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov (www.kun.uz, 3 - noyabr).

Mas’ul mansabdor 1993 - yilda lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qonun qabul qilingani, ammo haligacha bu masala hal bo‘lmaganini qayd etar ekan, “Biz o‘z tarixiy xatomizni to‘g‘rilashimiz kerak” deb ta’kidlagan.

I.Azimovga ko‘ra, lotin yozuviga o‘tish qo‘rqinchli ish emas, unga o‘tish kerak, vassalom.

“Biz juda ko‘p vaqt yo‘qotib qo‘ydik. Uzog‘i bilan 2 yil ichida lotin yozuviga o‘tishimiz kerak. Hozir bu jarayonga qaysi soha qanday o‘tishi kerakligi borasida tartib ishlab chiqilyapti. Bu jarayonga ko‘p tashkilotlar tayyor bo‘lgan. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi to‘liq lotin yozuviga o‘tgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ham shu yozuvda ishlayapti. Hozir bizda jamiyatning boshqa tomonlari, masalan, matbuotni va ilmiy adabiyotlarni to‘liq lotin yozuviga o‘tkazish ishi qolyapti”, - degan markaz direktori.

Jurnalistlarga tajovuzi ortidan tilga tushgan hokim o‘rinbosari yana lavozimga qaytdi

Kun.uz jurnalistlariga tajovuz qilgani va tahririyat mulkiga shikast yetkazgani ortidan ishdan olingan Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov yana o‘z lavozimiga qaytgani ma’lum bo‘ldi (www.xabar.uz, 2 - noyabr).

A.Vahobovning mansab kursisini qayta egallashi bilan futbol bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyligi va umuman tizimdan chetlatilgan, ammo oradan ko‘p o‘tmay nomdor jamoalardan birining boshqaruvini qo‘lga olgan S. Babayanning qaytishi muqoyasa etilgan.

“Abdurasul Vahobov – Babayanday mashhur emas. Ammo Kun.uz jurnalistlariga tajovuzi ortidan yaxshigina tilga tushgandi. Shundan keyingi shov-shuvlar, ayniqsa, uning OAV orqali jurnalistni dalil-isbotsiz, biroq ochiq-oshkora og‘ir jinoyatda ayblashi va, pirovardida, baribir suvdan quruq chiqishi shuhratiga shuhrat qo‘shganiyam bor gap. Ayni jarayonda A.Vahobov ishdan chetlatildi (uning xatti-harakatlaridan go‘yoki jinoyat alomatlarini “topolmagan” Toshkent shahar prokuraturasi mutasaddilaridan biri “A.Vahobov ishdan ketishining o‘zi katta jazo” mazmunida gapirib, vaziyatni xaspo‘shlashga uringani esingizdadir). Bugun ma’lum bo‘ldiki, bu vaqtincha ko‘rilgan chora ekan”, - deb yozadi Xabar.uz.

Tahririyat A. Vahobovni o‘z o‘rniga olib kelish pinhona amalga oshirilgani hamda jamoatchilik ushbu hodisadan 2 - noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kuni xabardor bo‘lganiga e’tibor qaratgan.