OzodDayjest: Prokuror “so‘kong‘ich hokim ishi” bo‘yicha qat’iy chora ko‘rish o‘rniga fermerlarga tazyiq o‘tkazdi

Fermerlarni haqoratlab, ularga tahdid qilgan hokim javobgarlikka tortilishi mumkin. Qamoqxonalarda mahkumlarga me’yordan kam non beriladi. Taniqli xonanda Jahongir Otajonov “O‘ynasin” nomli qo‘shig‘iga klip suratga olgan rejissyor Habibullo Nabiyevni ko‘chirmakashlikda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Prokuror “so‘kong‘ich hokim ishi” bo‘yicha qat’iy chora ko‘rish o‘rniga fermerlarga tazyiq o‘tkazdi

Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitovaning fermerlarni haqoratlishiga doir yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi (“XXI asr” gazetasi, 3 - dekabr).

Bu haqda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqiy bo‘limi boshlig‘i Sohibjon Hotamov ma’lum qilgan.

Hokimning haqoratlari aks etgan audioni kim yozib olganini aniqlash uchun tuman rahbarlari – hokim, prokuror, IIB boshlig‘i har bir fermerni so‘roqqa tutgan.

Shundan so‘ng ulardan “audioni men tarqatmadim” degan mazmunda tushuntirish xati yozdirib olingan. S. Hotamovga ko‘ra, bu fermerlarning haq-huquqlari buzilishi sanaladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bo‘ston tuman prokurori ham ommaviy axborot vositalarida chop etilgan tanqidiy maqolalarga nisbatan o‘z vaqtida prokurorlik nazoratini qo‘llash masalasini hal etish o‘rniga fermerlarni idorasiga chaqirib, ularga tazyiq o‘tkazgan.

Fermerlar kengashi tuman prokurorining ushbu xatti-harakatiga qonuniy choralar ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab viloyat prokurori nomiga xat yo‘llagan. Shuningdek, tuman hokimi sodir etgan ma’muriy huquqbuzarligiga nisbatan qaror chiqarib sudga yuborish uchun taqdimnoma kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil oktabr oyida tarqalgan audioda Bo‘ston hokimi S.Mamitovaning fermerlarni soya rejasini bajarmagani uchun haqoratlagani aks etgan.

Tuman rahbari soya yetishtirish rejasini bajarmagan fermerlarni yerini tortib olish bilan qo‘rqitgan. Viloyat hokimligi so‘kong‘ich rahbarga ogohlantirish berish bilan cheklangan.

Zaxiradagi polkovnik S. Xo‘jayeva: “Qamoqxonalarda mahkumlarga me’yordan kam non beriladi”

Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi Sayyora Xo‘jayeva jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning ovqatlanish sharoiti bilan tanishgan (www.qalampir.uz, 28 - noyabr).

Qayd etilishicha, 1948 - yilda qamoqxonalarda mahkumlar uchun bir kunlik non hajmi 600 gramm bo‘lgan, lekin hozirda non me’yori 350 gramni tashkil qilmoqda.

S. Xo‘jayevaga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori hozirgi sharoitga to‘g‘ri kelmaydi.

Toshkentda o‘tkazilgan anjumanda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri Saidbek Azimov ushbu holatga munosabat bildirgan.

“Buni inson huquqi buzilishi deb aytolmayman, lekin Vazirlar Mahkamasining 2015 - yilning 7 - iyulida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining vaqtincha saqlash hibsxonalarida va tergov hibsxonalarida saqlab turilgan shaxslarning, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlarning ta’minoti me’yorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hozirgi sharoitga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bu muassasaning aybi emas, sababi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlagan ro‘yxati bor. Bu ishlar aynan shu ro‘yxat asosida amalga oshiriladi”, - degan S. Azimov.

Ma’lum qilinishicha, ayni paytda qamoqxonalardagi oziq-ovqat bilan bog‘liq masalalar qayta ko‘rib chiqilmoqda, mahkumlarning kunlik ratsioni bo‘yicha hukumatga qat’iy takliflar berilgan.

Ombudsman kotibiyati mudiriga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimi ko‘p yillar davomida yopiq bo‘lgan, muammolar ochiq aytilmagan.

Hozirgi kunda bu tizim ancha ochilgan. Bugungi kunda jazoni ijro etish muassasasiga nafaqat Ombudsman, balki fuqarolik jamiyati faollari ham kirib, muammolar bilan tanishishi mumkin.

Jahongir Otajonov: “Bu yo‘l bilan pul topib non yeganingdan tezak yeganing yaxshi!”

Taniqli xonanda Jahongir Otajonov “O‘ynasin” nomli qo‘shig‘iga klip suratga olgan rejissyor Habibullo Nabiyevni ko‘chirmakashlikda aybladi (www.daryo.uz, 27 - noyabr).

Qayd etilishicha, You Tube tarmog‘ida premyera qilingan ushbu klipning ayrim sahnalari ukrainalik xonanda Maks Barskixning “Sohillar” (“Berega”) klipidan ko‘chirilgan.

“Habibullo ukam, isming chiroyli, muomalang chiroyli, kulib turasan, bizga o‘xshab birovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmaysan, lekin bunaqa yolg‘onchi bo‘lib turib, bitta san’atkordan shuncha ming dollarlab olib, bitta san’atkorning klipidan shunaqa darajada ko‘chirib, sahnalarini o‘g‘irlab, yana uyalmasdan, “Ukam qachon bu tayyor bo‘ladi, aytgan kuningga bo‘lmayapti” deganimda, “Fantaziyalarimni kutdim, sizga zo‘r bo‘lsin, deb cho‘zilib ketdi” deb aldaganingdan, bunaqa qilib aldab klip olib, non yeganingdan tezak yeganing yaxshi, ukam!”- degan Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida.

Xonanda plagiatorlik yo‘li bilan suratga olingan “O‘ynasin” klipini You Tube kanalidan o‘chirib tashlagan va muxlislardan ham uzr so‘ragan.

J. Otajonovning mazkur klipdagi kulrang libosdagi obrazi, shu rangdagi yaltiroq sahna hamda otli attraksiondagi sahnalar chindan ham Maks Barskixning “Sohillar” klipidagi sahnalar bilan bir xil.

Bundan tashqari, internet foydalanuvchilari “O‘ynasin” qo‘shig‘i so‘zlari xonanda Ahror Usmonovning shu nomli qo‘shig‘idan ko‘chirilganini ham qayd etgan.