O‘zbekistonda sug‘urta rivojiga to‘siq bo‘layotgan uch asosiy sabab aytildi. Spiker o‘rinbosari kommunal to‘lovlarni aholi daromadiga qarab tabaqalashtirishni taklif etdi. Toshkent hokimligi tuzayotgan shartnomalardan manfaatlar to‘qnashuvining “hidi” kelyapti. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi: “Daromadi 1 mln so‘m bo‘lgan oila gaz va chiroqdan 10 mln so‘mlik qarzni qanday to‘laydi?”
Aholining kommunal xizmatlardan qarzdorligi keskin ortib borayotgani bizni tashvishga solmoqda, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi o‘rinbosari Alisher Qodirov parlament majlisida (www.kun.uz, 18 -noyabr).
“Milliy tiklanish” partiyasi raisiga ko‘ra, birgina gazdan 11 tlrn co‘mga yaqin qarzdorlik to‘planmoqda.
“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir ish bilan band aholining 70 foizi 2 milliondan kam ish haqi olyapti. Biz saylov jarayonlarida ham aholining daromadiga qarab kommunal to‘lovlarni tabaqalashtirish masalasini ko‘targan edik. Faqat shu orqali aholi qarzdorligi ko‘payib ketishining oldini olish mumkin. Bugungi kunda oylik daromadi 1 mln so‘m bo‘lgan oilaga qanday qilib gaz va svetdan 10 mln so‘mlik qarzdorlikni yuklab qo‘yish va uning oldiga MIBni yuborish mumkin? Bu masalaning yechimi emas”, - degan Alisher Qodirov.
Toshkent hokimligi tuzayotgan shartnomalardan manfaatlar to‘qnashuvining “hidi” kelyapti
O‘zbekiston poytaxtida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar buyurtmachisi, Toshkent shahri hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi yirik qurilish obyektlarini tajribasiz xususiy qurilish kompaniyalariga tendersiz topshirayotgani ma’lum bo‘ldi, deb yozadi Telegramdagi Davletov.uz kanali.
Masalan, “Power Construction Planet” MChJ (avvalgi nomi Discovery Invest) kompaniyasi (kompaniyaning 66,9 foiz ulushi muqaddam Akfa Engineering Management kompaniyasida direktor o‘rinbosari va direktor lavozimlarida ishlagan Ismoil Isroilovga tegishli) bilan Arxitektura institutining uchta binosini qurish uchun 167 mlrd so‘mlik, Davlat soliq qo‘mitasi binosini kapital ta’mirlash va jihozlash uchun 35,6 mlrd so‘mlik, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi binosini qurish va jihozlash uchun 17,9 mlrd so‘mlik, Raqamli Toshkent situatsion markazini qurish uchun 100,2 mlrd so‘mlik, Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan 2160 o‘rinli karantin zonasini qurish uchun 39,2 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.
“Ayrim shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli ham ko‘rinadi, buyog‘i endi mutasaddi idoralarning ishi. Aksariyat kompaniyalar so‘nggi 2-3 yilda tashkil topgan. Shunday bo‘lsa-da, yirik-yirik obyektlar ularga ishonib, tendersiz topshirilgan. Mablag‘lar asosan respublika byudjeti, shaharning rejadan oshgan qismidan jalb qilinishi belgilangan”, - deyiladi maqolada.
Parlament deputati aholida sug‘urta shirkatlariga ishonch qolmagani sababini ochiqladi
Dunyoda aholi jon boshiga sug‘urta mukofotlari 847 yevroni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 5 yevroga teng. Bu esa mazkur xizmatning past darajasini anglatadi, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulov (“Mahalla” gazetasi, 19 - noyabr).
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda sug‘urta to‘lovlarining kamligiga uch asosiy sabab mavjud. Birinchidan, kompaniyalar o‘rtasida raqobat muhiti yo‘q.
Ikkinchidan, tariflar hamon baland. Uchinchidan esa, ko‘rilgan zararni qoplab bermaslik holati hamon yuqoriligicha qolmoqda.
“Zararni qoplamaslikning sababi – har bir sug‘urta tashkiloti shartnomani o‘ziga moslashtirib tuzib oladi va mijozlarning manfaatlari ikkinchi darajali bo‘lib qolgan”, - deb yozadi deputat.
Bundan tashqari, hayotni sug‘urta qilish va aholining keng qatlamlarini qamrab oluvchi yo‘nalishlarning rivojlanmagani, aholining sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchi juda pastligi, menejmentning sustligi ham sug‘urta bozori rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ekspertlarning baholashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda ehtimoliy sug‘urta obyektlarining 1 foizdan kami sug‘urta qilinadi, xolos. Rivojlangan davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 90-95 foizni tashkil qiladi. Sug‘urtalovchilar taklif qilayotgan xizmatlar turi 50 xil atrofida va bu xorijnikidan bir necha barobar kam.
“Sanoati rivojlangan davlatlarda sug‘urtaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 8-10 foizni tashkil qiladi. Rossiyada bu ko‘rsatkich 3 foiz bo‘lsa, O‘zbekistonda 0,4 foizdan ham oshmaydi”,- deb yozadi J.Abdurasulov.
Deputat sug‘urta faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik bazasi ham islohga muhtojligini ta’kidlagan.