5 - mart kuni Ozodlikka bog‘langan Narpay tumani “Qoziyoqli” MFY yashovchilari Ozodlik maqolasidan keyin muammolari yechim topganini bildirishdi.
Bundan oldin Ozodlikda “Qoziyoqli” mahallasida elektr o‘tkazgich uskunasi eskirgani¸ yo‘llarning uydim-chuqurligi va aholi yo‘lni to‘sib turli imoratlar qurgani bois yo‘l toraygani borasida narpaylik Anvar Tursunov shikoyati e’lon qilingandi.
Maqola ortidan 3 - mart kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev mazkur qishloqqa borib, arizachi Anvar Tursunov bilan uchrashgani va muammolar yechilgani haqida mahalla yashovchilari Ozodlikka aytib berishdi va suratlarni yuborishdi.
Suratlarda qishloq ko‘chalarida asfalt tekislaydigan texnikalar turgani fonida vazir o‘rinbosari Parpiyevning ishchilarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgani aks etgan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva Ozodlik bilan suhbatda vazir o‘rinbosarining Narpayga borib Ozodlik maqolasida aks etgan muammolarning bir qismini "tezkor yechib berganligi"ni ma’lum qildi.
Suhbatdoshga ko‘ra, eskirgan elektr o‘tkazgich yangilanib, qishloqda uzluksiz elektr ta’minoti tiklangan.
"Vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev Ozodlikka shikoyat yozgan Anvar Tursunov nazarda tutgan ko‘chani tez fursatda kengaytirish hamda eski simyog‘ochlarni beton ustunlarga almashtirish, elektr tokini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli mas’ul tashkilot vakillariga zarur topshiriqlar berdi hamda ijrosini o‘z nazoratiga oldi"¸ - deya bildirdi Boymirzayeva.
Saodat Boymirzayevaga ko‘ra¸ “Qoziyoqli” MFYni “Obod mahalla” rejasi asosida yanada obod qilish uchun rejalar belgilangan va mahalla aholisining asosiy qismi ishsizligi inobatga olinib , ularni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rib chiqilmoqda.