OzodTa’sir: Ozodlikdagi maqoladan ikki kun o‘tib haykaltaroshlarning puli to‘lab berildi

Mirziyoyev davriga kelib sovet ramzlari qayta tiklanayotgani kuzatiladi

Joriy yilning 20 - noyabr kuni «Trest 12» aksiyadorlik jamiyati Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i» haykaltaroshlariga qariyb 5,5 mlrd so‘m gonorarni to‘lab berdi. Bu haqda Ozodlikka pulini olgan ijodkorlar va Badiiy Akademiya mulozimi ma’lum qildi.

18 - noyabr kuni Ozodlik O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 17 nafar a’zosi «G‘alaba bog‘i» va Adiblar xiyobonidagi panno va haykallari uchun ish haqi olmagani haqida yozgan edi.

Bu maqola chop qilinganidan bir kun o‘tib, 2020 - yilning 19 - noyabrida Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisi bayoniga asosan «Trest 12» jamiyatiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratilgan va ushbu mablag‘lar hisobidan 2020 - yil 20 - noyabr kuni haykaltaroshlarlarning barcha gonorari "oxirgi tiyiniga qadar" to‘lab berilgan.

Pulini olganlar orasida “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” muzeyi, “G‘alaba” muzeyi, harbiy shaharcha, sovet askarini ulug‘lovchi ekspozitsiyalardan o‘rin olgan haykallarni yaratgan 71 yashar haykaltarosh Mais Safaryan ham bor. Safaryan “pulimni berishmayapti”, deya Ozodlikka 18 -noyabr kuni suhbat bergan edi.

Mais Safaryan Ozodlik maqolasi ortidan barcha mablag‘larni olganidan minnatdorligini izhor qildi.

Ozodlik tasarrufida mavjud O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov va ”Trest 12“ AJ rahbari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «O‘zbekistonliklarning Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasi» mavzusidagi devoriy monumental asar yaratgan rassomlarning ham haqi to‘langan.

Gap “G‘alaba” bog‘idagi muzey uchun balandligi 5 metr¸ uzunligi esa 30 metrlik rangtasvir panno haqida ketmoqda.

Toshkentda prezident Mirziyoyev buyrug‘iga asosan qurilgan “G‘alaba bog‘i” markazidagi sovet askariga o‘rnatilgan haykal va maskandagi ramziy darvoza – "G‘alaba arkasi" mualliflarining Ozodlikka bildirishicha¸ “Trest 12“ AJ ular bilan ham hisob-kitob qilgan.

Bu qimmat loyihaning nega tender o‘tkazilmasdan “Trest 12“ AJ shirkatiga topshirilgani borasidagi Ozodlik savoliga “O‘zshaharsozlik LITI“ bosh me’mori Gulshoira Magametova javob bera olmagan edi.

Sovet ramzlarining qaytishi

Rossiya Dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev Ozodlik bilan 2019 - yil mayida, «G‘alaba bog‘i» ochilgan kungi suhbatida "O‘zbekiston sovetcha propaganda bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketgani"ni aytgan edi.

"Rossiyadagi aksar ziyolilar bunday yondashuvdagi “san’at” ustidan kulishadi. O‘zbekiston yana eski sovet paytidagi kabi, Moskvaga laganbardorlik qilishda kolxozcha provinsiyaning noyob turini ko‘rsatdi. Uyat"¸ - degan edi u.

Rossiya ulug‘davlatchilik g‘oyalarini tarannum qiladigan dizaynerlarning O‘zbekistonni “fath” qilishi Mirziyoyev iqtidori davrida boshlandi.

Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik dizayner, 43 yashar Artemiy Lebedev 2018 - yili Toshkent shahar hokimligida qabul qilinib¸ poytaxtni bezash bo‘yicha astronomik summadagi pulga buyurtma olgan va bu pul to‘langan edi.

Lebedev 2014 - yilda Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarim oroli logotipini chizgan edi.

2018 - yil 2 - noyabr kuni Rossiya ashaddiy millatchilari dohiysi Vladimir Jirinovskiyning Buxoroda yuqori martabali o‘zbek rasmiylari tomonidan tantanali kutib olinishi o‘zbekistonliklarning noroziliklariga sabab bo‘lgan edi.