Ozodlikning 19 - noyabr kuni e’lon qilgan maqolasidan bir kun o‘tib, Xiva tumani hokimi "quyushqondan chiqib, fermerlarni so‘kib qo‘ygani uchun" uzr so‘radi. Ozodlik chop etgan audio va videoda Ozod Matyoqubov tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda kamida 7 nafar fermerni turg‘azib qo‘yib, 20 daqiqa davomida uyat so‘zlar bilan haqorat qilgani aks etgan edi.
Ozodlik muxbiri bilan qisqa suhbatda hokim Matyoqubov “fermerlarni tergagani aks etgan video chiqqanidan xabari bor”ligini va bu “voqea” ikki yil oldin bo‘lganini aytgan.
Ozodlik maqolasi ortidan Xorazm viloyati hokimligi ayni masalani muhokama qilgan va tuman hokimining ish uslubi "noto‘g‘ri bo‘lgani"ni aniqlagan.
Ozodlik muxbiriga taqdim etilgan uzrnomada hokim "o‘zini boshqarolmay qolgani"ni tan oladi, ammo ayni paytda "xalq va hukumat manfaatlarida" harakat qilganini urg‘ulaydi.
Hokimning "uzr"i jamoatchilikka qay shaklda yetkazilgani va unga nisbatan rasman biron chora ko‘rib-ko‘rilmagani Ozodlikka ma’lum emas.
Quyida uzrnoma matni o‘zgarishsiz keltirilmoqda:
“Haqiqatdan ham yutub kanalida tarqalgan bu videotasvir turli xil bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.Ushbu videotasvirdagi gaplar 2018 - yil may oyida qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish paytida men tomondan aytib o‘tilgan. Shu vaqtda qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha rahbariyat tomonidan belgilangan vazifalar vaqtida bajarilmayotganligi natijasida yig‘ilishda o‘zimni boshqara olmaganligim, ya’ni quyushqondan chiqib ketganligimni tan olaman. Aytib o‘tilgan gaplarim xech kimni insoniy qadr-qimmatini toptash yoki yerga urish uchun aytilmagan, balki tumanning rivoji, hukumatimiz oldidagi majburiyatlarimizni o‘z vaqtida bajarib, halqimizni ertangi kungi rizq-nasibasini o‘ylagan holda tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Matrasulovga qarata aytilgan gaplar edi. Ushbu yig‘ilish 2018 - yilning may oyida bo‘lib o‘tgan. Shu kungi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasiga daxldor xodimlar ishtirok etishgan. Yig‘ilishda chigit ekish ishlarida yo‘l qo‘yilayotgan sustkashliklar muhokama qilingan. Tuman hokimi o‘rinbosari G‘.Matrasulov o‘ziga yuklatilgan vazifasiga ma’suliyatsizlik bilan yondoshganligi, kundalik reja grafik asosidagi ishlar paysalga solib kelinganligi natijasida tuman ko‘rsatgichlariga salbiy ta’sir qilgan. Yig‘ilishda aytib o‘tgan gaplarimni muhokama qilgan holda shu kunning o‘zida tuman hokimi o‘rinbosari G‘.Matrasulovdan kechirim so‘raganligim hamda hamjixatlikda qilingan sa’y-harakatlarimiz samarasi o‘laroq keyingi ikki yilda tumanning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘rsatgichlari to‘liq bajarilib kelinmoqda.
Yig‘ilishda G‘.Matrasulovga aytgan gaplarimdan chin dildan pushaymonman. Bunday salbiy holatlar boshqa takrorlanmaydi.”
Xiva tuman hokimi Ozod Matyoqubov. 20 - noyabr 2020 - yil.
Hokim nima deb so‘kkan edi?
Ozodlik muxbiri ko‘rgan videoda tuman hokimligi majlislar zaliga o‘xshash binoda 100 dan ziyod qalin kiyingan odamlar o‘tiribdi. Kadrda yetti nafar tik turib, boshini xam qilgan odam ko‘rinadi. (Tasvir mazmunidan ularning fermer ekani tushuniladi). Zal to‘ridagi teatr sahnasiga o‘xshash sahnadan dashnomli va o‘ta baland ovoz kelib turibdi. (Keyin aniqlanishicha, bu Xiva tumani hokimi Ozod Matyoqubov). Ovoz egasi fermerlarni tergaydi. Tergash paytida hokim fermerlarning onasi va o‘zini uyatli so‘zlar bilan haqorat qiladi:
“Na gap bu? Kim monitoring qiladi buni? Sen nimaga o‘tiribsan? Necha gektar bo‘ldi ey k...! K...! Qani qolgan gektar hay? (Ruscha so‘kinib boshlaydi) P... na... Pi.. ! Qani gektar? (Qattiq baqiradi) Hay! Qani gektar deyman. Qani gektar? Hay j...! Qani gektar, opongni..! Komissiya galajak k....!. Buyoqqa chiq. Buyoqqa chiq, qani. Qani gektar? Hay j.., tiling bor bo‘lsa, so‘yla. Falon gektar ekishim kerak edi. Falon gektar sug‘orildi, deb so‘yla. Tilingga ...! Ayt! Qani gektar? (Baqiradi) Hay!.. Sani ko‘taningni sug‘uraman..! Ipplooos!! Cho‘chqa. Mol! Joningni sug‘urib tashlayman sen kim bo‘ladig‘on bo‘lsang ham. Sandan so‘rayman! Ikki papka do‘g‘illodim. Sani odomlaring nishatip yuribdi? Hay. Sani odomlaring nishatib yuribdi? Semichka chaqib galip yuribdimi? (zaldan qandaydir javob eshitiladi) Zo‘r ish atipsan!”
O‘zbekistonda hokimlarning majlislarda o‘z qo‘li ostidagilarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishi va hatto do‘pposlashi, ortidan esa "uzr" so‘rashi keng tarqalgan ko‘rinish.
So‘kong‘ich hokimlar masalasi hukumat yig‘ilishlarining rasmiy kun tartibiga kiritilmagan bo‘lsa ham, bilvosita muhokama qilingan, ammo hozirga qadar biron amaldor qo‘l ostidagilar yoki oddiy fuqaroni haqoratlagani uchun unga rasmiy chora ko‘rilmagan.