Namangan viloyati Pop tumanida 9-sinf o‘quvchisi paxta yuklangan tirkamadan yiqilishi oqibatida halok bo‘ldi.
Bolalar ombudsmani Daryo.uz nashriga holat o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.
Aniqlanishicha, 3-noyabr kuni 2003-yilda tug‘ilgan A.A. (erkak) traktor va unga ulangan tirkamani zovur bo‘yidan o‘tuvchi ichki yo‘lda boshqarib ketayotganda, traktorga ulangan bog‘lovchi tortqich uzilib ketishi oqibatida tirkama zovurga yiqilgan. 2009-yilda tug‘ilgan T.P. (o‘g‘il bola) jarohat natijasida vafot etgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda har yili paxta terimi mavsumida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik yoki texnik noqisliklar tufayli avariyalar sodir bo‘ladi.
Ozodlik avvalgi yillarda ham “Paxta qurbonlari” turkumida insoniy talafotlarga olib kelgan hodisalar haqida xabar qilgan.