Paxtaga yotog‘i bilan olib ketilgan 62 yashar mardikor kanalda cho‘kib ketdi

Mahallalar paxta terimiga odam jalb qilish uchun pensionerlarni ham terimga yubormoqda - illyustrativ surat

Jizzax viloyati Baxmal tumanidan Mirzacho‘l tumaniga paxta terimiga olib ketilgan 62 yashar Rayimberdi Qarshiyev 23 - oktabr kuni kanalga tushib, cho‘kib ketdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan marhum ukasining aytishicha, akasini qishloqda odamlarning uyida ishlab yurgan paytda, profilaktika inspektori va MFY kotibi "aldab olib ketgan".

Odamlarni paxtaga safarbar qilishga rahbarlik qilgan QFY kotibi Ozodlik bilan suhbatda marhumning o‘z ixtiyori bilan paxta terimiga ketganini iddao qildi.

Rayimberdi Qarshiyevning ukasi, o‘qituvchi G‘ulom Qarshiyevning aytishicha, akasini qishloqda birovning uyida ishlab turgan paytida olib ketishgan:

- Akam o‘zi so‘qqabosh, oilasidan ajralgan. Odamlarning uyida u-bu ishlarni qilib, kun ko‘rib yurardi. 13 - oktabr kuni ham birovning uyida ishlayotgan bo‘lgan. Profilaktika noziri bilan Novqa MFY kotibi borib, aldab-suldab olib ketishgan. 62 yashar odam qanday paxta teradi, yaqinlaridan so‘raylikchi, deyishmagan. Bularga hisob uchun odam bo‘lsa, bo‘ldi. 23 - oktabr kuni kanalga tushib ketib, halok bo‘ldi. Qanday tushib ketgan, hech kim bilmaydi. Cholni paxta terimiga olib borganlar buning uchun javob berishlari kerak.

Rayimberdi Qarshyiev

G‘ulom Qarshiyevning aytishcha, o‘sha kuni qishloqdan yana ikki nafar pensiya yoshidagi erkakni ham paxtaga olib ketishgan:

- Bu mehnat birjasi qiladigan ish, MFYning qiladigan ishi emas-ku!. Uzoq joyga, yoshi katta odamlarni aldab, pul beramiz deb olib borib, paxta tergizish qonunga zid. Mening talabim akamni paxta terimiga olib ketganlar ham qonun oldida javob bersin!

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, Rayimberdi Qarshiyevning o‘limiga "yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik, suv bilan berkilishi natijasidagi mexanik affeksiya" sabab bo‘lgan.

Ekspertiza xulosasi

Novqa MFY kotibi Jahongir Boltayev Ozodlik bilan suhbatda Rayimberdi Qarshiyevning "o‘z ixtiyori bilan paxta terimiga ketgani"ni iddao qildi:

“Biz u odamni majburlaganimiz yo‘q. O‘zi bekor yuribman-ku, borib biroz pul ishlab kelaman, yozilib aylanib kelaman, dedi. To‘g‘ri, qishloqda birovning uyida ishlab turgan paytida borgan edik. Lekin majburlash, aldash bo‘lmagan, o‘z ixtiyori bilan ketgan. Aroqni ko‘p ichardi, kanalga ham mastligida tushib ketgan”.

Ozodlikning “nega pensiya yoshidagi odamlarni paxtaga safarbar qildingiz?”, degan savoliga Jahongir Boltayev:

“Biz uni umuman majburlaganimz o‘zi, o‘zi boraman, dedi”, - deya javob berdi.

Baxmal tumani hokimi yordamchisi Akmal Mamarahimov hodisa tafsilotlarini o‘rgangandan so‘ng, hokim o‘rinbosarining o‘zi Ozodlikka bog‘lanishini aytdi. Ammo kun davomida hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 - sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berilganini ta’kidlagan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning uch viloyatidagi paxta terimiga 76,8 ming ishsiz jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Bu yilgi terimda asosan "temir daftar"ga kiritilgan ishsiz yoshlar, xotin-qizlar jalb qilinishi, ulardan brigadalar tuzish va terimchi bilan mehnat shartnomasi imzolanishi aytilgan.

Ammo Ozodlikka ishchi va xizmatchilar, mahalla yashovchilarining paxta terimiga majburan jalb qilinayotganiga doir xabarlar kelishda davom etmoqda.

Ayni paytda 31 - oktabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi joriy yilgi paxta mavsumida Davlat mehnat inspektsiyasi tomonidan olib borilayotgan majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha monitoring natijalarini e’lon qildi.

Vazirlikka ko‘ra, 35 nafar mansabdor shaxs odamlarni majburiy mehnatga jalb etgani uchun 372 million 410 ming so‘m jarima to‘lagan.

Hisobotda aytilishicha, terimchilarning munosib dam olishini tashkil etmagani va paxta pulini vaqtida bermagani uchun 123 mulozim 204 million 937 ming so‘m jarimaga tortilgan.