Paynet savdosi – Orifjonovdan Gulnoraga¸ Gulnoradan davlatga o‘tgan to‘lov tizimi yana xususiylashmoqda

Paynet to‘lov tizimida bo‘layotgan o‘zgarishlar bevosita Shavkat Mirziyoyevning og‘zaki topshirig‘i va farmoni asosida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistondagi eng yirik to‘lov tizimi – Paynetni xususiylashtirish boshlandi.

Rasmiy saytiga ko‘ra¸ Paynet to‘lov tizimidan bir kunda o‘rtacha 2 million odam foydalanadi. Tizimning mamlakat bo‘ylab kamida 21 ming shoxobchasi bor¸ uning platformasida kamida shuncha kichik tadbirkor tirikchilik qiladi.

Paynet brendining egasi Uzpaynet MChJ. 2005-yil dekabrida ochilgan Uzpaynet aslida xususiy kompaniya bo‘lgan. Unga Botir Orifjonov asos solgan.

Botir Orifjonov O‘zbekistonda muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanilgan.

"Paynet (Paynet) korxonasining asoschisi bu men bo‘laman. PAYNETni 2006 -yilda tashkil etganmiz"¸ deya ta’kidladi Orifjonov 21-iyun kuni Ozodlikka bergan yozma javobida.

Karimov davrida rasmiylarning xususiy biznes bilan ochiq shug‘ullanishi ko‘rilmagan voqe’lik edi. Paynet tuzilib¸ oyoqqa turib olgunicha¸ Orifjonov davlat mulozimi bo‘lgan.

Davlat jamg‘armasi hisobiga Angliyada o‘qib qaytgan Orifjonov¸ 2000-yil dekabridan 2008-yil fevraligacha O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligida yuqori lavozim¸ xususan¸ Bosh vazir o‘rinbosari yordamchisi lavozimida ishlagan.

Botir Orifjonov o‘z Linkedin sahifasida davlat lavozimida ishlagan yillarini aniq ko‘rsatgan.

Orifjonovning qanday qilib davlat ishida ishlab turib xususiy to‘lov tizimiga egalik qilgani tafsilotlari qorong‘u. Tadbirkor Ozodlikning bu savoliga javob bermadi.

Iqtisodiyot vazirligi sobiq xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda bank-moliya¸ xususan, elektron to‘lov tizimlari Karimov davrida to‘lig‘icha qudratli MXX nazoratida bo‘lganini ta’kidladi.

Hukumat mulozimi Botir Orifjonov ochgan xususiy kompaniya tezlikda mamlakatdagi eng yirik elektron to‘lov tizimiga aylandi.

2009-yilga kelib¸ Orifjonovning aytishicha¸ O‘zbekistondagi telekom to‘lovlarining 85-90 foizi Paynet orqali o‘tadigan bo‘lgan.

Qozog‘istonlik tadbirkor va bloger Amirkhan S Omarov bilan videosuhbatda Orifjonov Rossiyaning QIWI kompaniyasi 2009-yilda Paynetga xaridor bo‘lgani va uning aktivlarini 10 million AQSh dollariga baholaganini aytgan.

Ozodlikka 21-iyun kuni bergan yozma javobida esa Orifjonov “2009- yilga kelib kompaniya 50-60 million AQSh dollariga baholangani”ini iddao qildi.

"Gulnora Karimova va sobiq Moliya Vaziri Rustam Azimov birgalikda men va sherigimdan bizning ulushni ustav fondida ko‘rsatilgan 80 ming dollarga sotishga majbur qilishgan. Ma’lumot uchun, 2006-2009- yillari men va sherigim jami 4 mln AQSh dollari dividend olganmiz. Bizdan reyderlik qilib tortib olgan Gulnora Karimova 12 mln AQSh dollar foyda va Xalq Banki 48 mln AQSh dollari devidend olishgan" (imlo tahrirsiz berilmoqda - tahririyat).

Gulnora Karimova 2014-yili uy qamog‘iga olinganidan beri jamoatchilik uni ko‘rgan emas.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ qamoqqa tashlanishi ortidan uning mol-mulki davlat tasarrufiga o‘tkazildi.

Kichik Islom Karimovning 2020-yil 7-may kuni Shavkat Mirziyoyevga yozgan ochiq xatida aytilishicha¸ 2016-yildan so‘ng Gulnora Karimovaning Moliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan 1.2 milliard dollarlik aktivlari orasida Paynetdagi ulushi ham bor.

Rasmiy Toshkent Paynetda Gulnora Karimova aksiyalari bo‘lgani va u davlat hisobiga o‘tkazilganini ochiq e’tirof qilmagan.

Ochiq manbalardagi hujjatlar¸ Uzpaynet aksiyalarining muayyan qismi 2009-yil avgustidan boshlab davlatga qarashli "Xalq banki"ga o‘tkazila boshlaganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda¸ Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 4-may kungi 3694 -qarorida "UzPaynet" MChJ aksiyalarining 37¸5 foizini Moliya vazirligi¸ undan esa¸ Xalq banki tasarrufiga o‘tkazish haqida buyruq berilgan. Prezident qaroriga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2016-yil 4-oktabr kungi qarori asos bo‘lgan.

Uzpaynet MChJning 2016-yildagi mulkdorlari.

Ozodlik ixtiyoridagi 2016-yil 7- oktabr kuni nusxa olingan hujjatda Xalq banki bilan bir paytda WHITEMORE INVESTMENT LTD Uzpaynet MChJ mulkdori bo‘lgani ko‘riladi. WHITEMORE INVESTMENT LTD O‘zbekistonda (52.20 %) ta’sis qilgan MChJlardan yana biri AVVAL-INVEST xorijiy korxonasi. Bu kompaniya ulushining qolgan 47.80 foizi Yemelyanova Irina Vladimirovna ( Yemel'yanova Irina Vladimirovna)ga rasmiylashtirilgan. Gulnora Karimovaning Fransiyadagi ko‘chmas mulklarining qog‘ozdagi mulkdori Yemelyanova Karimova bolalarining enagasi bo‘lgan.

Paynetdagi aksiyalarini sotib¸ O‘zbekistondan chiqib ketgan Botir Orifjonov Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘nggina O‘zbekistonga qaytdi.

Orifjonov hozirda mamlakatdagi muvaffaqiyatli tadbirkorlardan biri. U joriy hokimiyat bilan yaqin munosabatda. Rasmiy Toshkent davlatga qarashli «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan qurilgan yoshlar markazi bazasini Orifjonovga taqdim qildi. Bu binoda Orifjonov boshlagan xususiy Astrum IT-akademiyasi ochilishiga shaxsan Mirziyoyevning o‘zi keldi.

Shavkat Mirziyoyev Botir Orifjonov ta’sis qilgan Astrum IT Academyning 2021-yil 16-oktabr kungi ochilish marosimida qatnashdi.

Orifjonov G‘arb diplomatlari va moliya institutlari tashkil etadigan turli tadbirlarda ham faol¸ qolaversa¸ o‘zbek yoshlariga startap biznes yuritish bo‘yicha tez-tez master klass berib keladi. Qator muvaffaqiyatli startap biznesi egasi bo‘lishiga qaramay¸ hamon Orifjonov jamoatchilikka birinchi galda Paynet asoschisi sifatida taqdim etiladi.

Paynetdagi sirli o‘zgarishlar

Paynet Botir Orifjonovdan boshqa qo‘llarga o‘tganidan buën 13 yil o‘tdi. Bu orada Paynet sud va prezident qarorlari bilan to‘lig‘icha davlat tasarrufiga berildi.

Uzpaynet MChJ registratsiya hujjati

UZPAYNET MChJ aksiyalarining 100 foizi hozirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli. Paynet brendi¸ dilerlik tarmog‘i¸ mobil va veb ilovalarining barchasi - davlat mulki.

2022-yil 31-may kuni agentlik “UZPAYNET” MChJni xususiylashtirish bo‘yicha konsalting kompaniyasini jalb qilish to‘g‘risida” e’lon chiqardi.

Unda aytilishicha¸ “UZPAYNET” Shavkat Mirziëevning 2022-yil 18-mart kungi qarori asosida xususiylashtirilmoqda. Bu qaror mazmunidan¸ davlatning asosan “samarasiz foydalanilayotgan” aktivlari ochiq va shaffof holda sotilishi kerak.

Agentlik e’lonida yozilishicha¸ Paynet davlatga daromad keltirayotgan kompaniya.

“2021-yil yakuni bo‘yicha ustav kapitali 378,5 mln. so‘m, sof aktivlari – 71,8 mlrd.so‘m, sof foydasi – 94,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan”.

Daromadli kompaniyaning nega xususiylashtirilayotgani haqidagi Ozodlik savollariga Davlat mulkini boshqarish agentligi matbuot xizmati bir hafta kutishdan so‘ng ham hech qanday munosabat bildirmadi.

Paynetni xususiylashtirish uchun maslahatchi qidirilayotgani haqida e’lon berilganidan bir hafta o‘tib¸ 6-iyun kuni Botir Orifjonov Daryo.uz nashriga «Paynet davlatga o‘tgandan so‘ng rivojlanishi pasayib ketgani» haqida intervyu berdi.

Paynet asoschisi suhbatda davlatda “bu turdagi bizneslarni effektiv darajada boshqarish imkoniyati mutlaqo yo‘q”ligini ta’kidladi.

Ayni paytda Orifjonov Paynet davlatda qolayotgani holda¸ uni boshqarish allaqachon xususiy kompaniyaga berilgani haqida gapirmadi.

Rasmiy hujjatlardan Paynet faoliyatiga xususiy kompaniyalar aralashuvi aslida 31-may kungi e’londan ikki oy avval boshlangani ko‘riladi.

2022-yilning 7-aprel kuni Paynet o‘z saytida to‘lov agentlariga mana bu e’lonni qo‘ydi.

“INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ 2022-yil 1-aprelidan ish boshlaganligini inobatga olib¸ ERI (elektron raqamli imzo) dan foydalangan holda qo‘shimcha shartnomani imzolashingizni so‘raymiz”.

Bu e’londa “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ kimu¸ nega 21 mingdan oshiq to‘lov agenti ayni shu MChJ bilan qo‘shimcha shartnoma imzolashi kerakligi haqida lom-mim deyilmadi.

Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi tijorat banklari bunday o‘zgarish haqidagi bildiruvni to‘lov agentlaridan 10 kuncha oldin oldi.

Instant Payment Solutions MChJ direktori O‘zbekiston tijorat banklariga yuborgan rasmiy bildiruv xati.

“INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ direktori Dadaxonov 29-mart kuni imzolagan xat “O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklariga” yozilgan.

Mazkur xat orqali sizga 2022-YIL 1-apreldan boshlab “PAYNET” savdo belgisi ostida pulli xizmat va to‘lov qabul qilish faoliyatini “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ amalga oshirishini ma’lum qilamiz”¸ deyiladi bu xatda.

Xatda “bir bank kartasidan ikkinchisiga pul mablag‘lari o‘tkazish¸ jismoniy shaxslar kreditlarini qoplash¸ bank kartalarini naqd pul bilan to‘ldirish¸ HUMO, UZCARD protsessing markazlari bo‘yicha E-POS terminallarini ochish¸ xizmat ko‘rsatuvchi (Agent-Partnër kelishuvlari) hisobiga jismoniy shaxslardan to‘lov qabul qilish” vakolati 1-apreldan boshlab “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ ga o‘tgani aytiladi.

Shu bois¸ MJCh rahbari tijorat banklariga PAYNET bilan tuzgan shartnomalar bekor bo‘lgani va yangi kelishuv “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ bilan tuzilishi lozimligini bildiradi.

Paynet ilgari qaysi bank bilan ishlagan bo‘lsa¸ o‘shalar endi “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ bilan ishlashga majbur. Bu “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ Paynetning de-fakto egasiga aylandi degani, deb sharhladi ushbu o‘zgarishni Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston bank tizimi mulozimi.

Na Paynet mulkdori bo‘lgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi e’lonida¸ va na “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ rahbari tijorat banklariga yuborgan xatda davlat to‘lov tizimini boshqarishning nega xususiy MChJga o‘tkazilganiga biror izoh berilmagan.

Agentlik va Paynet saytida “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ va uning faoliyatiga oid biror ma’lumot yo‘q. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat kompaniyasi va uning mijozlari orasiga o‘rtakash xususiy shirkat qo‘shilgani va nega aynan “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” qo‘shilgani haqida jamoatchilikka biror izoh yoki ma’lumot bergan emas.

Agentlik ham¸ Botir Orifjonov ham Ozodlikning bu savollarini javobsiz qoldirdi.

Paynetga qaytish...

“INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ ro‘yxatga olinishidan bir oycha oldin Paynet boshqaruvida o‘zgarish bo‘ldi.

2021-yilning 24-noyabr kuni Paynet egasi Uzpaynet MChJga yangi bosh direktor tayinlandi. Bu ish Abdraxmanov Mustafa Orazbayevichga topshirildi.

Abdraxmanov¸ ijtimoiy tarmoqda o‘zi qo‘ygan ma’lumotga ko‘ra¸ davlatga qarashli to‘lov tizimini boshqarish barobarida¸ qator xususiy kompaniyalarga egalik va rahbarlikni ham saqlab qolgan.

Paynet direktorining Facebook sahifasida uning ish joylari ro‘yxati keltirilgan.

U 2018-yil dekabrida Qoraqalpog‘istonda tuzilgan UNIVERSAL SYSTEM CONSALTING oilaviy korxonasi ulushining 80 foiziga egalik qiladi. Bu kompaniya “kompyuter texnologiyalari sohasidagi maslahat xizmatlari” bilan shug‘ullanadi.

Abraxmonovga tegishli yana bir xususiy kompaniya RIZQALA MChJ. Bu kompaniya 2020- yil martida Qoraqalpog‘istonda ta’sis etilgan¸ 80 foiz ulushi Mustafa Abdraxmanovga tegishli. RIZQALA MChJ “uzatish quvurlari orqali gazsimon yonilg‘i sotish” bilan shug‘ullanadi.

Abdraxmanov Paynet direktorligi bilan bir paytning o‘zida bir muddat boshqa fintek kompaniyalarida ham ishlagan. Bu kompaniyalarning barchasi Botir Orifjonovga tegishli.

Xususan Abdraxmonov Orifjonovning “BEE” (Misr) kompaniyasida tijoriy direktor va uning ”Technobiz” (Singapur) kompaniyasida sotuv departamenti rahbari lavozimida ishlagan. Orifjonov “UZPAYNET” MChJning mulkdori va ta’sischisi bo‘lgan 2007- 2010- yillarda Abdraxmanov Paynetning Qoraqalpog‘iston respublikasi bo‘yicha mintaqaviy vakili bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil dekabrida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida “davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi”¸ deb yozilgan.

Hozircha Abdraxmanovning bir paytning o‘zida ham davlatga qarashli Paynet¸ ham uzoq yillik do‘sti Botir Orifjonovning xususiy kompaniyalarida ishlashi misolida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan biror tekshiruv o‘tkazilgani ma’lum emas.

Mustafa Abdraxmanov Paynet bosh direktori bo‘lganidan bir necha oy o‘tib Paynet nomidan moliyaviy amaliyotlarni amalga oshirish “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJga berildi.

Instant Payment Solutions MChJ registratsiya hujjati.

“INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ ta’sischilaridan biri esa uzoq yillar Abdraxmanovning ish beruvchisi bo‘lib kelgan Botir Orifjonovdir.

“INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MJCh Abdraxmanov Paynetga direktor bo‘lib tayinlanganidan bir oy o‘tib¸ 2021-yilning 27- dekabrida Toshkentda ro‘yxatga olindi.

Faoliyat turi “axborot texnologiyalari va kompyuter tizimlari sohasi”¸ ustav fondi 10 million so‘m¸ yoki ta’sis sanasidagi rasmiy kurs bo‘yicha¸ 926 AQSh dollari.

Ta’sischilari: MBCI MONT BLANC COMMODITIES & INVESTMENTS AG 60,00 %¸ Orifjonov Botir Zukurovich 20,00 %¸ Komilov Sardor Orifjonovich 20,00 %.

Kompaniya direktori Dadaxonov Botir Jo‘rayevich. (Reestrdagi ma’lumotga tayanilsa¸ ayni shaxs 2018-yili tuzilgan TOWERS RB CONSTRUCTION MChJ ta’sischisi ham.)

Tuzilganidan ikki oycha o‘tib¸ 2022-yilning 23-fevral kuni “O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining qaroriga muvofiq, “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berildi.”

O‘zbekiston Markaziy Banki chiqargan e’lon.

Bu litsentsiya berilganidan bir oy o‘tib¸ “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ Paynet moliyaviy operatsiyalarini amalga oshirish vakolatini qo‘lga kiritdi.

Davlat kompaniyasi faoliyatini boshqarishga xususiy kompaniyani jalb qilish uchun biror tender yoki tanlov o‘tkazilgani haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. Davlat mulkini boshqarish agentligi Ozodlikning bunday tanlov o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganiga oid savollarini ham boshqa qator savollar kabi javobsiz qoldirdi.

Paynetni qo‘lga olganidan ko‘p o‘tmay, INSTANT PAYMENT SOLUTIONS MChJ ketma-ket bir nechta yangi kompaniya ta’sis qiladi.

Ulardan birinchisi 19-aprel kuni tuzilgan JIYDACOOL MChJ. Kompaniya “kompyuter dasturlashtirish sohasida faoliyat” yurg‘izadi.

INSTANT PAYMENT SOLUTIONS MChJ 17-may kuni ta’sis qilgan ikkinchi kompaniya GENESIS NOW MChJ. Bu xususiy shirkat “ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi”.

2022-yil 23-may kuni tuzilgan uchinchi shirkat PAYNET BNPL deb nomlanadi va bu kompaniya¸ reestrga ko‘ra¸ “pochta va internet orqali chakana savdo” bilan shug‘ullanadi.

Paynetni boshqarayotgan shveysariyalik “investor” kim?

1-apreldan boshlab davlatga qarashli to‘lov tizimini boshqarishni qo‘lga kiritgan “INSTANT PAYMENT SOLUTIONS” MChJ aksiyalarining 60 foiziga egalik qiluvchi MBCI MONT BLANC COMMODITIES & INVESTMENTS AGning benefitsiari haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonlik iqtisodchi va auditor Jamshid Muslimov mamlakatda monopol maqomda bo‘lgan strategik kompaniya - Paynetning benefitsiarlari bekitilgan qobiq kompaniyaga berilishi jamoatchilik¸ xususan¸ uning manfaatlarini himoya qilishi lozim parlament aralashuvini taqozo qiladigan voqea, deb hisoblaydi.

-Bu jarayondagi eng yomon narsa benefitsiarlarning ko‘rinmayotgani. Turli xorij yoki offshor kompaniyalarni investor sifatida ko‘rsatish mumkin¸ lekin uning orqasidagi shaxslar kim? Ularning nima aloqasi bor bu biznesga? Nega bu tizimni aynan shu shaxslar sotib olishi kerak? Bu shaxslarning O‘zbekiston uchun zarari¸ xavfi yo‘qmi? Oddiy tashkilot¸ kichik bir biznes bo‘lsa¸ bu savollarni bermaslik mumkindir. Lekin Paynet O‘zbekistonda strategik tizim bo‘lib qolgan. Bu shaxsga oid ma’lumotlar saqlanadigan jiddiy tizim. Buning ustiga¸ Paynet monopol mavqedagi kompaniya¸ u bozorning katta qismini nazorat qiladi va ta’sir doirasi juda kuchli. Shu bois uning xususiy qo‘llarga o‘tishi siyosiy masala va unga Oliy Majlis¸ professional siyosatchilar aralashishi kerak.

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG haqidagi korporativ ma’lumot.

2017-yili yanvarida Jenevada ro‘yxatga olingan MBCI MONT BLANC COMMODITIES & INVESTMENTS AG prezidenti va bosh direktori o‘shanda o‘zbekistonlik Baxtiyor Mahkamov bo‘lgan. 2017 yil dekabridan 2020-yil 13-avgustiga qadar Nazima Fayzibayeva kompaniya bosh direktori bo‘lgan. Hozirda kompaniyaga yana Baxtiër Mahkamov direktorlik qiladi.

38 yashar yurist Fayzibayeva Nazima Alimjanovna O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fayzibayev Alimjan Elchiyevichning qizi. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ Shavkat Mirziyoyev bilan u tuman hokimi bo‘lgan davrdan beri birga ishlab kelayotgan Fayzibayev prezidentga "juda yaqin" amaldorlardan sanaladi.

Nazima Fayzibaeva Shavkat Mirziëevni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijdagi o‘zbekistonliklar tuzgan "Buyuk kelajak" guruhi a’zosi.

Shveysariyadagi xususiy shirkat bosh direktori bo‘lib qolayotgan bir paytda Fayzibayevaga Toshkentda rasmiy lavozim berilgan. 2019-yil 9- sentabrida Fayzibayeva shaxsan Mirziyoyev tashkil etgan Prezident¸ ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2020-yil iyunida bu lavozimdan bo‘shatilgan.

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG bosh direktori Baxtiyor Mahkamov¸bu oilani shaxsan taniydigan Ozodlik manbalari ta’kidicha¸ Nazima Fayzibayevaning eri¸ Davlat Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alimjan Fayzibayevning kuyovi. U nafaqat Shveysariya¸ balki O‘zbekistonda ham qator xususiy kompaniyalar mulkdori.

Baxtiyor Mahkamov(chapdan birinchi) Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki uyushtirgan tadbirda o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan.

2017-yili tuzilgan SAMARADOR MChJ¸ 2019-yili ta’sis etilgan EUROROADS MChJ va 2022-yili “axborot texnologiyalari va kompyuter tizimlari sohasida” xizmat ko‘rsatish uchun ochilgan VISION SOFT MChJning egasi aynan Baxtiyor Yakubovich Mahkamovdir. Mahkamov egasi bo‘lgan SAMARADOR MChJ u direktorlik qiluvchi MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG bilan hamkorlikda 2019-yili SWISSAGRO qo‘shma korxonasi ta’sis qilgan.

Shavkat Mirziyoyev 2020-yil dekabrida tasdiqlagan investitsiya dasturiga ko‘ra¸ SWISSAGRO 2020-2022-yil ichida Farg‘ona shahrida ishlab chiqarish quvvati 150 ming tonna bo‘lgan agrokimyo va kompleks o‘g‘itlar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirishi va bu loyihaga 9.6 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishi lozim edi.

Loyihaning muammoga uchraëtgani haqida 2020-yil oktabridagi rasmiy xabardan beri unga oid biror ma’lumot yo‘q. Instagramdagi sahifasidan¸ SWISSAGRO MChJning o‘zbek fermerlariga kimyoviy modda sotish bilan shug‘ullanayotgani ko‘riladi.

Pora berish bilan nom chiqargan Glencorening O‘zbekistondagi "yo‘lboshchisi"

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG o‘zini “xalqaro savdo va investitsiya bo‘yicha konsalting kompaniyasi” va “madaniy bozor yaratayotgan”lardan biri sifatida taqdim etadi.

2017-yil dekabida kompaniya Mirziyoyev tashkil qilgan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan qo‘mitaning Yevropa mamlakatlari bo‘yicha rasmiy konsultanti etib tanlangan.

Biz O‘zbekistonda 500 million dollardan oshiqroq qiymatdagi kelishuvlar imzolanishiga yordam berdik”¸ deyiladi kompaniyaning o‘zi haqidagi postida.

Kompaniya rasmiy saytining "Tavsiyanomalar" deb tasniflangan sahifasida eng mashhur mijoz sifatida Shveysariyadagi Glencore kompaniyasi rahbarining minnatdorchilik maktubi keltirilgan.

Glencore rahbarlaridan biri tomonidan yozilgan minnatdorchilik xati.

Glencore Paxta bo‘limi prezidenti Colin Iles o‘zbekistonliklar Shveysariyada ochgan kompaniyaning "noyob mavqei"ni ta’kidlaydi.

Glencore dunyoning qator davlatlarida korrupsiyada ayblanib eng katta jarimaga tortilgan G‘arb kompaniyasi sanaladi.

Joriy yil 24-may kuni AQSh Adliya vazirligi tovarlar narxini manipulyatsiya qilish sxemasida ayblangan Glencore shirkati o‘z aybiga iqror bo‘lib¸ 1,1 milliard dollardan ortiq jarima to‘lashga rozi bo‘lganini e’lon qildi.

22-iyun kuni Britaniya sudi Glencore shirkatining Britaniya sho‘’basini qator Afrika davlatlarida neft bozoriga kirish uchun millionlab dollar pora berganlikda aybdor deb topdi. Pul yuvish va korrupsiyaga qarshi mustaqil guruhlar yillardan beri G‘arb huquq tizimlarini bu kompaniyaning nafaqat Afrika va Lotin Amerikasi¸ balki global faoliyatini taftish qilishga chaqirib keladi.

Yuqorida keltirilgan minnatdorchilik maktubiga ko‘ra¸ Glencore shirkatining O‘zbekistondagi "yo‘lboshlovchisi" Soliq idorasi rahbari Fayzibayevning oilasiga aloqador MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AGdir.

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG benefitsiari maxfiy bo‘lgani uchun¸ bu "yo‘lboshchi" shaxsini aniq aytish hozircha imkonsiz.

Konsultant¸ quruvchi-pudratchi yoki fintek?

Xalqaro maydonda tanilgan kompaniya qilib ko‘rsatish urinishiga qaramay¸ MBCI Commodities & Investments AGning asosiy faoliyati maydoni asosan bitta davlat -O‘zbekistonda joylashgan.

2019-yil mayida “Toshkent-Sharqiy” yangi aeroportini qurish bo‘yicha texnik maslahatchilikka ham olingan. Bu aeroport hozirga qadar bitgan emas.

2020-yil yanvarida MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG burg‘ulash va olmos kesish uskunalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniya – Germaniyaning CEDIMA kompaniyasining O‘zbekistondagi dileriga aylangan.

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG kompaniyasi O‘zbekistondagi qator yirik gidroinshootlar pudratchisi ekanini bildirgan.

Kompaniya saytidagi ma’lumotga ko‘ra¸ ayniqsa 2021-yil O‘zbekistondagi biznesi uchun sermahsul bo‘lgan. Yil davomida Shveysariya kompaniyasi O‘zbekistondagi kamida sakkizda GES qurilishi va modernizatsiyasida bevosita qatnashgan.

MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG “Quyi-Bo‘zsuv GESlar kaskadi”¸ “Toshkent GESlar kaskadi”(GES-9)¸ “Shahrixon GESlar kaskadi” modernizatsiyasida pudratchi¸ “To‘palang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi”¸ Chirchiq-Bo‘zsuv traktida “Kamolot” GESini qurish¸ “Chirchiq GESlari kaskadi (GES – 10)”, “Toshkent GESlar kaskadi (GES – 1)”, “Samarqand GESlar kaskadi (GES – 2B)”ni modernizatsiya qilish va ishga tushirishda qatnashgan.

MBCI “To‘palang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi”ni foydalanishga topshirgan.

Mazkur kompaniya "foydalanishga topshirgan" To‘palang daryosidagi GESda 22-iyun kuni texnogen avariya sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ avariyaga "modernizatsiya jarayonidagi suv quvuri shikastlanishi sabab bo‘lgan".

Bu GESlar qurilishi va modernizatsiyasiga davlat kafolati bilan Xitoy banklari¸ qolaversa Jahon banki kabi moliyaviy tizimlardan yarim milliard dollardan ko‘proq qarz olingan. Bu qarzni to‘lash zimmasiga yuklangan o‘zbekistonlik soliq to‘lovchi hozirga qadar na MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG degan kompaniya borligi va uning yuzlab million dollarlik davlat loyihalarida pudratchi sifatida qatnashganidan bexabar.

O‘zbekiston rasmiy tizimlari¸ xususan¸ O‘zgidroenergo saytida MBCI MONT BLANC COMMODITIES AND INVESTMENT AG degan kompaniya nomi uchramaydi. Bu kompaniya qaysi asos va mezonlarda O‘zbekiston GESlari pudratchisi qilib olingani haqida jamoatchilikka biror izoh berilgan emas.

Sardobadagi falokatdan so‘ng xalqqa tanilgan O‘zgidroenergo rahbari Abdug‘ani Sanginov O‘zbekistonda GESlar "qiroli" sanaladi. Sardoba¸ qolaversa¸ To‘palang suv ombori qurilishida bevosita Sanginov oilaviy kompaniyalari qatnashganiga qaramay¸ hozirga qadar O‘zgidroenergo rahbari biror shaklda javobgarlikka tortilgan emas. Abdug‘ani Sanginov O‘zbekiston prezidenti administratsiya rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning hamyurti va yaqin hamkori sanaladi.

"Xavotirli signal"

Paynet to‘lov tizimida borayotgan o‘zgarishlarni kuzatayotgan ayrim iqtisodchilar yana bir strategik davlat mulkining maxfiy kelishuv va qarorlar asosida xususiylashtirish boshlangani ham ichki¸ ham tashqi bozorga xavotirli signal ekanini aytadi.

- Xorijdan investitsiya keltirish kerak¸ tadbirkorlikni rivojlantirish kerak¸ raqobat maydonini rivojlantirish kerak¸ degan gaplar gapirib turilgan bir paytda¸ eskicha uslub¸ tushunarsiz usullar bilan ish bitirilmoqda. Ruscha qilib aytganda bu “po ponyatiyam”mi? Paynetni mandan olib qo‘yishgan edi¸ endi man orqa eshikdan kirib¸ oldim, deyishmi bu? “Ko‘cha” uslublarimi bu? Nima uchun Paynet asoschisi uni sud orqali qaytarib olmayapti? Huquqiy tarafdan shu narsaga loyiq bo‘lishsa¸ nima uchun bu narsa ochiqlanmadi¸ nima uchun bu narsa sud orqali tasdiqlanmadi? - deydi Ozodlik bilan suhbatda mustaqil iqtisodiy tahlilchi Jamshid Muslimov.

Ozodlikka bergan yozma javobida Botir Orifjonov prezident farmoni va bevosita topshirig‘i asosida borayotgan bu jarayonni oqlashga urindi.

Bizdan suv tekinga olib davlatga bir necha million dollarga sotilgan Paynet shundan beri davlat yaьni xalk banki tasarrufida edi. Xozirda esa Paynet korxonasi Prezidentning 2022-yil 8-apreldagi PF 101 sonli farmoniga asosan davlat mulkini boshkarish agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Biilshimcha tender jarayonlari boshlangan va kompaniya tender orqali sotiladi. Adolat qaror topsa, menga ushbu korxonaning hech bo‘lmaganda o‘zim o‘ylab topgan brend nomi qaytarilishi kerak. Paynet nomini menga qaytarib korxonani tender orqali kimga sotishsa ham mayli. Chunki men bugun xozirda hammasini o‘zim qayta boshlaganman, eski mijozlar bilan shartnomalar qayta tuzmoqdaman. Xabaringiz bor bo‘lsa kerak, Prezidentimiz bilan o‘tgan yili uchrashganman va o‘sha yerda ushbu muammoni ko‘targan edim. Shundan so‘ng, ular tomonidan maьsullarga menga yordam berish topshirg‘i berilgan. Tan olib aytamanki bugun davlat va hukumat meni dardimni eshityapti. Menga qayta oyoqqa turishimda bevosita yordam beryapti. Buning uchun Prezidentimizga va hukumatimizga katta rahmat”(iqtibos imlosi tahrirsiz berilmoqda -tahririyat).

Shavkat Mirziyoyev tadbirkor Botir Orifjonov bilan. 2021-yil¸ 16-oktabr.

Ochiq manbalarga tayanilsa¸ Botir Orifjonov Shavkat Mirziyoyev bilan 2021-yil 16-oktabr kuni Astrum IT akademiyasining ochilish marosimida uchrashgan. Bu uchrashuvda Mirziyoyev bergan "topshiriq"¸ voqealar rivojiga qaralsa¸ Paynetdagi o‘zgarishlar boshlanishiga asos bo‘lgan.

Mirziyoyev bilan 2021-yilning 16-oktabr kungi uchrashuvdan bir oydan sal o‘tib - 2021-yil 24- noyabr kuni Orifjonov xususiy kompaniyasi rahbarlaridan biri Mustafa Abdraxmanov davlatning Uzpaynet kompaniyasiga direktor etib tayinlanadi; 2021-yil 27-dekabr kuni¸ Instant payment solutions MChJsi tuziladi; 2022-yilning 23-fevral kuni Markaziy bank bu MChJga litsenziya beradi. (Voqealar xronologiyasi qanday kechgani yuqorida batafsil yoritilgan.)

Ozodlik Botir Orifjonovning yozma bayonoti ortidan unga qayta murojaat qilib¸ “Siz rahmat aytayotgan prezident va hukumat Paynetni shaxsiy kelishuv va maxfiy qarorlar orqali sizga qaytarib berish bilan korrupsiyaga zamin yaratgani¸ parda ortidagi biznes kelishuvlarni rag‘batlantirayotgani haqidagi tanqidlarga qanday javob berasiz?”¸ deb so‘radi.

Ozodlik yuborgan o‘ndan oshiq savollarga “hukuqshunoslari maslahatiga binoan qisqa javob berishini” ta’kidlagan Orifjonov o‘z bayonoti tug‘dirgan bu va boshqa savollarni ham ochiq qoldirdi.

Jumladan¸Ozodlikning

  • Paynetning Gulnora Karimova tomonidan “reyderlik qilib torib olingani” iddaosi bilan huquq tizimlariga da’vo arizasi kiritganmisiz?
  • Paynetni davlatdan qaytarib olish talabini huquqiy maydonda ochiq va shaffof hal qilish uchun nimalar qildingiz? Qaysi idoraga qachon murojaat qildingiz va qanday javob oldingiz?
  • Mulkchilik tortishuvini sud-adliya tizimi emas¸ ijro hokimiyati rahbari bo‘lgan prezident bilan shaxsiy muloqot orqali hal qilish urinishi O‘zbekiston iddao qilayotgan huquqiy davlat tamoyiliga zid emasmi?

degan savollari javobsiz qolmoqda.

Ozodlik bu savollar yuzasidan surishtiruvda nomi tilga olingan barcha manfaatdor tomonlarning izoh va munosabatlariga ochiqligini ta’kidlaydi.