Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi ulgurji bozorlarda politsiya reydlar o‘tkazib, migratsion qonunchilikni buzgan 49 nafar muhojirni qo‘lga olgan. Bu haqda Rossiya IIVning Peterburg shahri va Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi ma’lumot tarqatdi.
Reydlar Sofiya ko‘chasi, Nepokoryonniye shohko‘chasi va Petro-Slavyanka posyolkasidagi bozorlarda bo‘lib o‘tgan. Politsiyachilar 350 dan ziyod migrantning hujjatini tekshirishib, ulardan 49 nafarini bo‘limga olib ketishgan. Migrantlar RF Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi 3-qismi (“Xorijlik fuqarolar tomonidan RFga kirish qoidalari yoki bo‘lish tartibining buzilishi”) bo‘yicha javobgarlikka tortilganlar.
Shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan xorijliklar boshqaruvidagi 242 ta avtomobil tekshirilgan, ulardan yo‘l harakati qoidalarini buzgan 6 nafar haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, tekshiruvlar 11-iyun kuni Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan 20 yashar ikki fuqaro 26 yoshli migrantni o‘g‘irlab, kaltaklab, telefoni va shaxsiy ashyolarini olib qo‘yib, bank kartasidan 55 ming rublni yechib olgani ortidan o‘tkazilgan. Hodisa yuzasidan talonchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.
Politsiya xabarnomasida aytilishicha, migrantlar ko‘p to‘planadigan va zich yashaydigan joylarda kriminal holatlar kuzatilayotganiga javoban politsiya bu yerlarda endilikda doimiy ravishda tekshiruvlar o‘tkazib turadi.
Bi-bi-si rus xizmati avvalroq xorijlik fuqarolar tomonidan Rossiyaga kirish qoidalarining buzilishiga oid tekshiruvlar “Krokus Siti Xoll”dagi terakt ortidan ko‘payganiga e’tibor qaratgan. Migrantlar huquqlarini himoya qilayotgan advokat politsiya migrantlar orasida pasport tekshirish ishlarini kuchaytirganini ma’lum qilgan.
“Politsiya ko‘chadan qariyb barcha migrantlar, ayniqsa Tojikiston pasportiga ega bo‘lganlarni yig‘ishtirib ketyapti. Ularning hammasi bo‘limga olib borib, tekshiruvdan o‘tkazilyapti, keyin esa ularning yarmi qo‘yib yuborilyapti”, deya iddao qilgan u.