Namangan viloyatida ro‘y bergan poyezd va avtomobil to‘qnashuvi oqibatida 63 yoshli haydovchi halok bo‘ldi.
Fojia 9-noyabr kuni ertalab Uychi – Chortoq temiryo‘l bekatlari oralig‘ining 118-kilometridagi qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida ro‘y bergan, deya ma’lum qildi viloyat IIB YHXB.
Yo‘l harakati xavfsizligi idorasi versiyasiga ko‘ra, 1961-yilda tug‘ilgan haydovchi Damas rusumli avtomashinani boshqarib, “To‘xtash” ishorasi belgisiga amal qilmay temiryo‘lda harakatlanib kelayotan teplovozning yuk vagoniga urilgan. Oqibatda u og‘ir jarohatlanib voqea joyida vafot etgan.
“Elektrovoz mashinisti tezkorlik bilan shoshilinch tormozni bosgan, ammo to‘qnashuvning oldini olish iloji bo‘lmagan”, deya vaziyatga oydinlik kiritgan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati.
Namangan viloyatida bundan 6 yil avval ham Damas va poyezd to‘qnashuvi ro‘y bergandi.
2018-yil 8-oktyabr kuni Pop tumani Uyg‘ur qishlog‘i hududida joylashgan qo‘riqlanadigan temiryo‘l kesishmasida ro‘y bergan to‘qnashuvda yengil avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchilardan 2 nafari halok bo‘lgan, 5 nafari esa og‘ir jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.