Prezident farmoni: Fermer klasterga qaram bo‘lishda davom etadimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanida.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlar prezident Shavkat Mirziyoyev paxta-to‘qimachilik sanoatiga doir imzolagan so‘nggi farmon "qog‘ozda qolib ketmasligi"ga umid qilmoqda.

16 - noyabr kuni prezident Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasini farmon bilan tasdiqladi(Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident Farmoni (PF-14-son, 16.11.2021 - y.).

Farmonga ko‘ra, klasterlar bilan shartnoma asosida ishlaydigan fermerlar endi klasterlarni o‘zlari tanlash huquqiga ega bo‘ladi va klaster faoliyatidan norozi bo‘lgan fermerlarning soni uchdan ikki hissa bo‘lsa, hukumat qarori bilan tashkil qilingan klaster bilan tuzilgan bitim sudda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekistonlik fermerlar bu farmonni “g‘ubor bosib yotgan ko‘krakka tekkan shamol” sifatida ko‘rar ekan, prezidentning qishloq xo‘jaligini isloh qilish sohasidagi avvalgi farmonlari kabi ijrosiz qolib ketmasligiga umid qilishlarini aytishdi.

Farmon ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda fermerlik va yerga egalik huquqi bilan bog‘liq yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida klasterlar faoliyatini tashkil etishning institutsional huquqiy asosi va nihoyat, yaratilganini ta’kidladi. Ayni paytda iqtisodchiga ko‘ra, fermerlar klasterlarga qaram bo‘lishda davom etadi:

“Qaror bilan fermerlarning Klasterlarga biriktirib qo‘yilganligi yanada mustahkamlangan. Ya’ni fermer klasterni tark etishi uchun bunday fikrga klasterga biriktirilgan jami fermerlarning 66 foizi kelishi kerak. Bitta fermerning, o‘nta fermerning noroziligi, ixtiyori, xohishi hech narsani hal qilmaydi. Ular biriktirilgan qul tamom.

Fermerlarga nisbatan krepostnoylarcha, ya’ni o‘rta asr qulligi shartlarida munosabatda bo‘lish va xo‘jalik yuritish Yangi O‘zbekistonning vizit kartochkalaridan bo‘lib qolmoqda. Hukumat istasa fermerlarning paxtadan bo‘shagan erini 40 foizini kambag‘allar foydasiga rekvizitsiya qiladi, istasa g‘alla etishtirish va sotish endi erkin degan shior bilan gektaridan 2,5 tonna g‘allani birjaga chiqartirtiradi, istasa ishsizlarni ishga olishga, tabel chiqartirib oylik yozdirtirishga majburlaydi”.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini isloh qilish borasida prezident chiqargan qarorlarini vazirliklar va mahalliy amaldorlar ijro qilmayotganini tanqid qilib kelgan buxorolik fermer Shuhrat Razzoqov prezidentning bu yangi farmoniga umid bilan qarashini aytadi:

“To‘g‘ri, prezident qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha juda ko‘p farmon va qaror chiqardi. Lekin ular ijro qilinmadi. Masalan, g‘allani erkin narxda qabul qilish yoki shartnomadagidan ortiqchasini erkin narxda sotish haqidagi qarorlari bajarilmadi. Klasterlarning na bir uyushmasi, na bir tashkiloti bor edi. Fermerlar kimga dodini aytishni bilmas edi. Klasterlar uyushmasi tashkil qilingani, klasterning hukumat oldida, fermerlar oldida mas’ul ekani belgilab qo‘yildi. Bu yaxshi”.

Razzoqovning aytishicha, farmon bilan fermerlarning klasterga qaram bo‘lib qolishining oldi ham olingan:

“Birinchidan, agar klaster shartnomani bajarmasa, fermerning sudga murojaat qilish huquqi avval ham bor edi va bundan keyin ham bo‘ladi. 66 foiz fermerning noroziligi deymlganda, klasterning faoliyatini tugatish yoki ko‘rib chiqish nazarda tutilgan. Ikkinchidan, kecha Adliya vazirligi telegram Kanalida o‘sha farmonga qo‘shimcha ham chiqdi. Unda fermerlar klasterlarni tanlashda erkin bo‘lishi aytilgan. Demak, endi fermer klasterni tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Va klaster ham fermer bilan tuzgan shartnomani kamu ko‘stsiz bajarish uchun harakat qiladi”.

Fermer tilga olgan sharhda shunday deyilgan:

“Farmonga ko‘ra, fermer xo‘jaliklariga o‘z viloyatidagi istalgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi berildi.

Ilgari faqat o‘z tumanidagi klasterlar bilan shartnoma tuzilgan.

Fyuchers shartnomasi – tovarni oldindan belgilangan narx asosida kelgusida sotib olishga oid kelishuv”.

Shuhrat Razzoqov fikricha, hukumat yerlarning hammasini klasterga berib qishloq xo‘jaligini boshqarib bo‘lmasligini anglab etdi va fermerning huquqlarini ham qonun bilan belgilab qo‘ydi:

“Agar ahvol kechagiday davom etsa, fermerlar huquqlari poymol etilaversa yer egasiz qolib ketishini, qishloq xo‘jaligi tamoman barbod bo‘lishini endi anglashdi, shekilli. Shuning uchun ham ikki tomonning manfaatini elikka ellik qilishga harakat qilyapti. Mana, 2022 - yildan boshlab “har bir g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqarish haqidagi qarori ham zo‘r bo‘ldi. Endi, yana bir marta ta’kidlab aytaman, hamma gap bu qarorlarning ijrosida qoldi. Jo‘jani kelgusi kuzda sanaymiz”.

Prezident 27 - oktabr kungi selektor yig‘ilishida fermerlarni qiynab kelayotgan bug‘doy xarid narxi haqida to‘xtalarkan, 2022 - yildan boshlab bug‘doy birja savdolariga erkin narxlarda chiqarilishini ta’kidlagan edi.

Prezidentning bundan oldin imzolagan qarorida o‘tgan ikki yilda bug‘doy narxlari erkinlashtirilishi aytilgan edi, ammo ular bajarilmay qog‘ozda qoldi.

Fermerlar prezidentning bu sohadagi uchinchi “islohoti” qog‘ozda qolmas, degan umidda ekanliklarini aytishmoqda.