O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbari o‘rinbosari, 36 yashar Otabek Umarov 4 - mart kuni Janubiy Koreyadagi shifoxonada jarrrohlik amaliyoti qilingani aytildi.
Bungacha u ikki hafta shifoxonada karantinda bo‘lgan. Bu haqda Ozodlikka Umarovga yaqin manba 3 - mart kuni ma’lum qilgan edi. 4 - mart kuni esa O‘zbekistondagi Korrespondent.uz nashri bu xabarni sizdirdi. Xabarga avariya yuz bergan 13 - fevral kuni Umarov boshqargan mototsikl kelib urilgan yengil avtomobil surati ham ilova qilingan.
Ozodlik 15 - fevral kuni (PDXX) rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov davolanish uchun maxsus tibbiyot uchog‘ida Janubiy Koreyaga olib ketilgani haqida o‘z manbalariga tayanib xabar bergan edi.
13 - fevralь oqshomida Toshkentda yo‘l-transport hodisasiga uchragan Otabek Umarov 15 - fevral kuni maxsus uchoqda oldin Moskvaga¸ undan keyin esa Janubiy Koreyaga olib ketilgan.
So‘nggi sizdirilgan ma’lumotlar Ozodlik yozgan hodisa xronologiyasini tasdiqlaydi.
Trassadagi mototsikl mashinaga urilgan edi
13 - fevral kuni soat 18 lar atrofida Prezident Davlat xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarov boshqaruvidagi mototsikl Bobur Mamatov boshqargan oq rangli 01 N 121 PA Chevrolet Epika avtomobilining orqa tarafidan kelib, o‘ng qismiga uriladi. Mototsikldan yiqilgan haydovchi yo‘lning chap tomonidagi beton bordyurga borib uriladi. Toshkentning xalq orasida “Prezident trassasi” deb ataladigan yo‘lida, Mustaqillik ko‘chasi, Pushkin metro stansiyasi yaqinida yuz bergan hodisada Umarovning oyog‘idan jarohatlangan. Hodisada qurbon bo‘lmagan.
Umarov "jiddiy jarohatlangani" haqida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlar ortidan 14 - fevral kuni Ozodlik bog‘langan Otabek Umarovga yaqin manba prezident kuyovi bilan “kichik ko‘ngilsizlik” yuz berganini aytgandi.
Shundan keyin Umarov xalq orasida "16-gorbolnitsa" deb ataladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelingan. Kasalxonaga yaqin tibbiyot xodimining Ozodlikka bildirishicha, “oyog‘idan lat yegan patsiyent 6 soat mobaynida muolaja qilingan”. Birinchi oilaga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Umarovning “o‘ng oyog‘i 3 joyidan singan¸ chap oyoq suyaklari qattiq zarb oqibatida maydalanib ketgan”. U Umarovning oyoqlariga Ilizarov apparati o‘rnatilganini aytgan edi. Sovet jarrohi Gavriil Ilizarov ixtiro qilgan bu moslama asosan, oyoqlardagi suyaklar avariya oqibatida sinib, parchalanib ketgan paytda qo‘llaniladi.
Ozodlik suhbatlashgan manbalarning barchasi Umarov, Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish respublika ilmiy markazida bir necha soat mobaynida dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng maxsus tibbiyot uchog‘ida xorijga olib ketilganini aytgan.
Ozodik 14 va 15 - fevral kuni gaplashgan IIV xodimlari bu hodisa rasman qayd qilinmaganini aytishdi.
O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati¸ O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) va yo‘l-tranport xodisalari to‘g‘risida axborot berib keladigan Ichki ishlar vazirligi Otabek Umarov bilan bog‘liq hodisa haqida sukut saqlamoqda.
1 - mart kuni Ozodlik O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ Tashqi ishlar vazirligi va boshqa qator rasmiy idoralarga qo‘ng‘iroq qilib, Umarov borasida hech qanday sharh ololmadi. Umarov ishlagan O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) esa, matbuot uchun mutlaq yopiqligicha qolmoqda.
Ozodlik suhbatlashgan manbalar hodisa yuz bergan Toshkent markazidagi ko‘chalarda o‘rnatilgan kamera va radar qurilmalari demontaj qilinganini iddao qilmoqda.
Egallab turgan lavozimiga ko‘ra, Prezidentning safarlarida hamrohlik qilishi kerak bo‘lgan Umarovning “gorizontdan g‘oyib bo‘lishi” tarmoqlarda turli taxminlarga yo‘l ochdi.
4 - mart kuni O‘zbekistondagi Korrespondent.uz nashri Umarov bilan 13 - fevral kuni yuz bergan YTHda hech kim o‘lmagani ta’kidlangan videoni sizdirdi. YouTube portaliga joylangan videoda prezident kuyovi tushgan mototsikl borib urilgan avtomobil haydovchisi Mamatov hodisa tafsilotlaridan ko‘ra ko‘proq uning yoritilishi haqida gapiradi. Media ekspert qiyofasida namoyon bo‘lgan haydovchi Otabek Umarov va o‘zi ishtirokidagi YTH haqida "yolg‘on axborot tarqatilgani"ni da’vo qiladi. Videoda Umarovning tirik ekani va 4 - mart kuni Janubiy Koreyada jarrohlik stoliga yotqizilishi aytiladi.
Kimdir qasd qildimi?
Ayni paytda Mirziyoyevning kenja kuyovi ishlagan Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX)da "prezident ko‘rsatmasiga binoan" ichki xizmat tekshiruvi va surishtiruv boshlangan. Yuqori martabali mulozim bilan bog‘liq YTH sabablari o‘rganilayotganini aytgan manbaning iddaosicha, surishtiruvni Davlat xavfsizlik xizmati olib bormoqda. Surishtiruvdan maqsad “hodisadagi suiqasd ehtimolini istisno qilish”.
Kuyovning ko‘ngilxushligi
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uning tansoqchisiga aylangan kenja kuyov Otabek Umarov qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi davlat, ayniqsa, xavfsizlik mulozimlariga xos bo‘lmagan ochiqligi va faolligi bilan e’tiborga tushdi.
Prezidentning kenja kuyovi Instagram sahifasida o‘zining qimmatbaho mashinalar¸ tungi poyga va driftingga o‘chligini namoyish qilgan.
2019 - yilning 8 - iyuliga o‘tar kechasi Otabek_muhammadalievich ( Otabek Umarovning niki – tahr.) o‘z Instagram sahifasida jonli ko‘rsatgan videoda prezident kuyovi Tesla mashinasida tezlikni qonunda belgilanganidan (tezlik cheklovi 70 va 50 km. -tahr.) uch baravar yuqori - soatiga 201 kmga chiqargani ko‘rilgandi.
Ozodlik jamoatchilikka taqdim etgan bu video ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgani ortidan – voqeadan 12 kun o‘tib , 19 - iyulda Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan ma’muriy jazoga tortildi.
Oradan bir oy o‘tib, 2019 - yilning 6 - avgustida Otabek Umarov nomi yana bir yo‘l-transport hodisasi munosabati bilan tilga tushdi.
Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida 6 - avgust, kech soat 21:15 da yuz bergan avtoavariya rasman qurbonlarsiz yakun topgan bo‘lsa ham tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.
Uchta avtomobil to‘qnashgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalar ekan, Internet foydalanuvchilarining e’tiborini bir mashina – Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkar o‘ziga tortdi.
Ayni rusumdagi avtomobil prezident Mirziyoyevning oilaviy fotosida ham aks etgan. Guvohlarning aytishicha, avtohalokat yuz bergan joy zudlik bilan o‘rab olingan va hodisa sahnasi izlardan tozalangan.