Yevgeniy Prigojin yirik ishbilarmon bo‘lib, uning katta boyligi Kreml bilan keytering shartnomalaridan kelgani aytiladi. Qolaversa, u Rossiyaning eng mashhur xususiy yollanma harbiy shirkati “Vagner”ga egalik qiladi.
Prigojin Ukrainada urush boshlangandan keyin shubhasiz, Rossiya siyosatining diqqat markaziga ko‘chdi. U rus armiyasi qo‘mondonlarini muvaffaqiyatsizliklar uchun ashaddiy tanqid qilib keladi. Biroq, eng qizig‘i, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, qurolli kuchlarni tanqid qilish, "obro‘sizlantirish" yoki xususiy harbiy yollanma kompaniyaga egalik qilish yoki boshqarish taqiqlanadi.
“Hozir ko‘pchilik Prigojin rus siyosiy elitasidagi qudratli shaxsmi yoki prezident bo‘lishga nomzodmi deya o‘ylamoqda", deydi Karnegi markazi tahlilchisi Andrey Kolesnikov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Prigojin o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sankt-Peterburgda umumiy ovqatlanish biznesida ish boshlagan. U Kremlning oziq-ovqat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarini qo‘lga kirita boshlaganidan keyin moliyaviy muvaffaqiyatga erishdi.
Prigojinning “Vagner” shirkati 2015-yilda Kremlning topshirig‘i bilan Suriyada Bashar al-Asad rejimini qo‘llab-quvvatlash harakatlarida qatnashadi. “Vagner” askarlari Suriyada diplomatlarning xavfsizligini ta’minlagan, neft va gaz obyektlarini qo‘riqlagan va mahalliy politsiyani o‘qitgan. Shuningdek, shirkatning Markaziy Afrika Respublikasida olmos va qimmatbaho minerallarni qazib olish va eksport qilish operatsiyalarida ishtiroki haqida ham ma’lumotlar qayd etilgan.
Rossiyalik jurnalistlar “Vagner”ning rahbari Dmitriy Utkin ismli sobiq harbiy razvedka agenti ekanligini aniqlagan.
Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlar uchun soxta onlayn akkauntlar yaratish hamda dezinformatsiya va tashviqot tarqatishga ixtisoslashgan "Rossiya troll fabrikasi" deb atalmish kompaniya ham Prigojin tomonidan moliyalashtirilishi aytiladi. Hatto bu kompaniya 2016-yilgi AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashishga uringanligi ta’kidlangan.
AQSh Oliy sudi Prigojin va yana 12 nafar rossiyalikni saylovlarga aralashishga urinishda ayblagan. FQB Prigojinni o‘tgan yili qidiruvga ham bergan.
Joriy yil sentabr oyida Prigojinning qamoqxona mahbuslarini Ukrainadagi urushga da’vat qilayotgan videosi tarqaldi. U 6 oy urushda qatnashishga rozi bo‘lgan mahkumlarga muddatidan oldin ozodlikni va’da qilgan.
Ikki oy oldin Ukrainadagi harakatlarga Sergey Surovikinning qo‘mondon etib tayinlanishi Prigojin va boshqa tanqidchilar tomonidan olqishlandi. Surovikin bir necha yil oldin Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlariga ham qo‘mondonlik qilgan.
Prigojin o‘z mashhurligini endi siyosiy maydonga ham ko‘chira oladimi yoki yo‘q, noma’lum. Biroq, "agar Prigojinning siyosatchi bo‘lishi uchun biror bir qulay imkoniyat bo‘lsa, bu Sankt-Peterburgda bo‘lar edi. Moskva yoki Uralda bo‘lmaydi”, deydi Vashingtondagi tahlil markazi eksperti Kandas Rondo.
“Menimcha, Prigojin uni taqdirlashlarini kutmoqda. Unga pul kerak emas. U ehtimol endilikda ko‘proq siyosiy ta’sirga ega bo‘lishni xohlayotgan bo‘lishi ham mumkin", qo‘shimcha qiladi Rondo.
Vashingtonda joylashgan urushni o‘rganish instituti o‘z hisobotida: "Prigojin o‘zini siyosiy kuch sifatida tayyorlamoqda. U o‘z mavqei va “Vagner”ga aloqadorligidan rus siyosiy elitasidagi raqiblarini tanqid qilish hamda o‘z nufuzini mustahkamlash yo‘lida foydalanmoqda" deya qayd etdi.
Biroq, Prigojinning o‘zi "Mashhurligimning ortishiga kelsak, men mashhurlikka intilmayman. Mening vazifam – vatan oldidagi burchimni ado etish. Siyosatga kirish u yoqda tursin, hech qanday siyosiy partiya tuzish haqida o‘ylamayapman”, deya intervyu bergan.
The Washington Post avvalroq Prigojin Ukrainadagi urush natijasi borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga shikoyat qilgani haqida yozgan edi.
"Ular bir-biriga raqib bo‘lishi mumkin. Prigojin qudratga chanqoq ekanligi aniq. U juda qattiqqo‘l va ko‘p jihatdan shafqatsiz inson. Undagi shaytonga xos tabiat qaysidir ma’noda Putinning xarakteri bilan qarama-qarshi to‘qnash kelishi mumkin.
“Ammo Putinga hozir mana shunday sifatlarga ega Prigojin kerak. U Prigojinga borgan sari ko‘proq vakolatlar beradi”, deya xulosa qiladi Andrey Kolesnikov.