Putin 26-27-may kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi

Vladimir Putin (ch) va Shavkat Mirziyoyev (o‘), Toshkent, 2018-yil 19-oktyabri

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-27-may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda TASS agentligi Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovdan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Hozircha bugun-erta Belarusga, yakshanba-dushanba kunlari esa O‘zbekistonga safar qilinishini aytishim mumkin”, deya iqtibos keltirgan agentlik Ushakov so‘zlaridan.

Vladimir Putin yaqin kunlarda O‘zbekistonga kelishi kutilayotgani haqida Ozodlik ikki kun muqaddam xabar qilgan edi. O‘shanda Kreml matbuot xizmati Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasida 21-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Putinning Toshkentga tashrifiga hozirlik masalasi muhokama qilinganini qayd etgan, biroq safar kuniga aniqlik kiritgan emasdi.

Tashrif mavzusiga to‘xtalmagan O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati esa Putin bilan Mirziyoyev o‘rtasidagi telefon muloqotida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqilgani, oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilinganiga urg‘u bergan.

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi 2023-yil mart oyida Ukraina hududida bolalarning noqonuniy deportatsiyasida aybdor ko‘rilgan Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergani ortidan Rossiyaning amaldagi prezidenti Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga safar qilmayotgan edi.

O‘zbekiston Rim statutini ratifikatsiya qilgan emas. Bu Haaga sudi order chiqarganidan buyon Putinning O‘zbekistonga ilk safari bo‘ladi. U O‘zbekistonga so‘nggi or 2022-yil sentyabrida — SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun kelgandi.