Putin haqidagi kitob muallifi jurnalistlar uyushmasidan haydaldi

Vladimir Putin va Xubert Zaypel

Germaniyada Netzwerk Recherche (NR) surishtiruvchi jurnalistlar uyushmasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin tarjimayi holini yozgan va buning uchun Moskvadan yuz minglab yevro pul olgan Xubert Zaypelni o‘z a’zolari safidan chiqardi.

“Xubert Zaypel o‘z tutumi bilan mustaqil jurnalistikaning asosiy qoidalarini buzdi va kasbimiz obro‘-e’tiboriga ulkan zarar yetkazdi”, degan birlashma raisi Daniel Drepper ZDF telekanaliga.

ZDF kanalining Frontal dasturi jurnalistlari Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar konsorsiumi, Spiegel va Washington Post nashrlari bilan birgalikda Zaypelning ofshor firma orqali Aleksey Mordashovdan pul olganini fosh qilishgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Putin haqidagi kitob uchun Zaypelga kamida 600 ming yevro to‘langan. Bu haqda jurnalist nashriyotni ham, o‘zi ishlagan NDR teleradioyoyin shirkati ham xabardor qilgan emas.

Bu ayblovlar e’lon qilingan noyabr oyidan keyinoq Drepper Zaypeldan birlashmani tark etishni talab qilgan, biroq jurnalist bu talabni e’tiborsiz qoldirgan. Shuning uchun ham birlashma Zaypelni faqat hozirga kelib – yillik majlisda a’zolikdan chiqargan. Zaypel majlisga kelmagan va buning uchun shaxsiy sabablari borligini aytgan.

Xubert Zaypel Germaniyadagi eng taniqli va Rossiyani eng yaxshi bilgan telejurnalistlardan biri bo‘lib hisoblanardi.

Iyun oyi boshida Zaypel Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda ishtirok etgan. Taxminlarga ko‘ra, u haligacha Kreml bilan aloqalarni uzgan emas.