Putin Mirziyoyev bilan Suriya va Ukraina xususida gaplashdi

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Suriya va Ukraina atrofidagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashishgan.

Bu haqda qisqa axborot yoyinlagan Kreml matbuot xizmati Rossiya va O‘zbekiston rahbarlarining “qaynoq nuqtalar” xususidagi muloqoti tafsilotlarini ochiqlamagan.

Suhbat asnosida Putinning joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlariga doir kelishuvlarning ijrosi ham ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati qaydicha, ikki davlat rahbari o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sishini ta’minlash, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar hamda ishbilarmon tashkilotlari darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligini ta’kidlashgan.

Putin va Mirziyoyev joriy yil dekabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlikni ham muhokama qilgan.

Putin joriy yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan borgandi. O‘shanda Mirziyoyev Putinni o‘z uyida mehmon qilgani, Rossiya rahbari O‘zbekistonda rejadagidan ortiqcha bir kunga qolib ketgani xabar qilingan edi.

Ikki davlat rahbari joriy yil 7-oktyabr kuni Putinning tug‘ilgan kuniga mo‘ljallab Moskvada uyushtirilgan MDH sammitida ham ko‘rishishgandi.

O‘zbekiston Rossiya bilan yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda, biroq ayni paytda, G‘arb bilan aloqalarni kengaytirishga intilmoqda. Toshkent hech qachon Rossiya–Ukraina urushini qoralovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri bayonot bermagan, biroq qo‘llab-quvvatlashini ham e’lon qilmagan.