Putin O‘zbekistonga ikki kunlik davlat tashrifini boshladi

Prezident Mirziyoyev Toshkent aeroportida prezident Putinni qarshi olmoqda. 26-may, 2024. Kreml matbuot xizmati.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-may kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.

Bu Putinning shu oy boshida beshinchi prezidentlik muddatiga kirishganidan buyon uchinchi xorijiy safaridir. Avvalroq u Xitoy va Belarusga tashrif buyurgandi.

Yakshanba oqshomi Toshkent aeroportida Putinni prezident Shavkat Mirziyoyev qarshi oldi.

Putin va Mirziyoyev tashrif avvalida "Yangi O‘zbekiston" bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yishgan.

Putinning tashrifi munosabati bilan Toshkent ko‘chalari ikki davlat bayroqlari bilan bezalgan, O‘zbekiston poytaxti bo‘ylab ekranlarda Putin va boshqa rasmiylar olqishlangan yozuvlar paydo bo‘lgan.

Ayrim toshkentliklar tarmoqlarda poytaxt ko‘chalarida O‘zbekiston bayrog‘idan ko‘ra ko‘proq Rossiya bayroqlari hilpirayotganini yozishdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Кремль чангалидаги ўзбек гази

Xalqaro surishtiruvlarda O‘zbekiston G‘arb sanksiyalariga tushgan mahsulotlar Rossiyaga eksport qilinadigan asosiy nuqtalardan biri ekani aytiladi.

Rossiyaning gaz monopoliyachisi bo‘lgan "Gazprom" o‘tgan yili Yevropaga sotilmay qolgan gazini O‘zbekistonga eksport qilishni boshlagan.

Moskva Toshkentning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo sheriklari orasida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.

Putin va Mirziyoyev bundan avval 9-may kuni Moskvada uchrashgan edi. O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati ikki davlat rahbarlari "har tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik"ni mustahkamlash masalalarini muhokama qilganliklarini bildirgan.

Mirziyoyev Markaziy Osiyoning boshqa rahbarlari bilan bir qatorda Qizil maydondagi paradda ishtirok etgan.

Tashqi siyosatda Moskvadan masofa saqlab kelgan birinchi prezident Islom Karimovdan farqli Mirziyoyev 2016-yilda hokimiyatga kelganidan buyon Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan va sovet davridagi ayrim ramzlarni qaytargan.