Rossiyada suratga olingan “Slovo patsana. Krov na asfalte”, (“Yigit so‘zi. Asfaltdagi qon”) filmidagi uchirma iboralar so‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqda ommalashdi. Film qahramoniga taqlid qilishlar ko‘paydi.
Saksoninchi yillar “ko‘cha” hayoti va mafiya olami haqida hikoya qiluvchi hamda Rossiya rahbari Putin saylovi uchun hozirlangani aytilayotgan “Yigit so‘zi” filmi ko‘plab mamlakatlarda taqiqlangan.
Serial voqealari 1980-yillarning oxirida Qozonda sodir bo‘ladi.
Bosh qahramon, musiqa maktabida tahsil olayotgan va oddiy hayot kechirayotgan 14 yoshli o‘smir Andrey shafqatsiz ko‘cha qonunlariga duch keladi.
U qiyin tanlov oldida qoladi, yoshlar to‘dalari bo‘yinturug‘i ostida bo‘lish, ya’ni "chushpan" yoki o‘zi jinoiy guruhga qo‘shilib, "patsan", ya’ni yigit maqomiga ega bo‘lish.
Badiiy serial jurnalist Robert Garayevning “Yigit so‘zi” kitobi asosida yaratilgan.
Serialning birinchi qismi namoyish etilganidan so‘ng, yoshlar qahramonlarga o‘ynoqi tarzda taqlid qila boshladilar, ko‘cha janglarini sahnalashtirdilar.
Oldinroq "Vajniye Istorii” va Meduza nashrlari Rossiya prezidenti apparatining sizdirilgan hujjatlariga tayanib "Yigit so‘zi" seriali Putinning prezidentlikka qayta saylanish kampaniyasi doirasida ishlab chiqilgan loyihalardan biri ekani haqida yozgan edi.
Filmning ssenariy muallifi, rossiyalik kinodramaturg, Andrey Zolotarev 19-mart kuni Rossiya Davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filiali binosida aziz mehmon bo‘lishi va mahorat darslarini o‘tishi kutilyapti.
Putinning saylovoldi tashviqoti uchun tayyorlangan film
“Slovo patsana” filmi Rossiyadagi Internetni rivojlantirish instituti, NTV telekanali va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin shaxs Yuriy Kovalchukka aloqador “Milliy media” guruhi tarkibiga kiruvchi “NMG” studiyasi ko‘magida suratga olingan. 2014-yildan beri Putinning norasmiy rafiqasi deb atalgan Alina Kabayeva NMG direktorlar kengashini boshqarib keladi.
“Meduza” nashri “Slovo patsana” filmi Putinning mart oyida bo‘lajak saylovoldi tashviqoti uchun tayyorlanganini fosh qilgandi.
Surishtiruv mualliflari ta’kidlashicha, o‘tgan yil bahorida Kremlda amaldorlarga “Saylovlarga atalgan ijodiy kontent” namoyish etilgan. Unda Putin tashviqotiga yordam beradigan va “ odamlar hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar haqida” bayon qiladigan o‘nlab loyihalar bo‘lgan.
Bular “Slovo patsana” (“Yigit so‘zi”), “Xolop” (“Qarol”), “Lyod” (“Muz”) kabi mashhur filmlardir.
San’atshunoslar fikricha, madaniyat SSSRda targ‘ibot quroli bo‘lgani kabi bugungi kunda Rossiyada u shundayligicha qolmoqda.
Avtoritar, totalitar mamlakatda madaniyat faqat hokimiyatga xizmat qiladi va xalqaro miqyosda tashviqot vositasi sifatida foydalaniladi.
Film namoyishi ortidan kino qahramonlariga o‘ynoqi tarzda taqlid qilishlar ham ko‘paydi.
O‘smirlarning film qahramonlariga taqlid qilishga urinishlari fonida ba’zi mamlakatlarda uni taqiqlash chaqiriqlari kuchayib bormoqda.
Qo‘shni Qog‘og‘istonda filmni taqiqlash masalasi muhokama qilinmoqda, mamlakat rasmiylari “ko‘cha qonunlari” romantiklashuvidan xavotirda.
Ammo O‘zbekistonda ushbu ziddiyatli film nafaqat namoyish etildi, balki o‘zbek tiliga ham o‘girildi.
Rossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentdagi filialida mahorat darslarini o‘tishi kutilayotgan rossiyalik dramaturg Zolotarev va uning 1980-yillardagi yoshlar jinoiy to‘dalari haqidagi film kontenti yoshlar ongi va ruhiyatiga, ma’naviy dunyosiga jiddiy raxna solishi haqida xavotirlar bildirilgan.
Siyosiy tahlilchi Anvar Nazir fikricha, zo‘ravonlik va ko‘cha qonunlariga ustivorlik beruvchi film muallifining O‘zbekistonga kelib mahorat darslari o‘tishi Rossiya propagandasining bir qismidir.
“Bu Rossiya propogandasi uchun yoqilgan yashil chiroq. O‘zbekiston Qozog‘iston va hatto Qirg‘izistonga qaraganda bo‘shliklar qilyapti, Rossiyani boshiga chiqazib olgan. Putinparast propagandachilar, qo‘shtirnoq ichidagi yulduzlari Toshkentga bemalol kelib ketyapti. Mana bu kinochining kelishi ham shuning uzviy davomi. Rossiya propogandasi bilan bizga zo‘ravonlik, imperiyachilik g‘oyalari kirib kelyapti. Qozog‘iston qarshilik qilyapti, lekin O‘zbekiston bunga qarshilik qilmayapti. O‘zbekiston bir tomondan ko‘chani yig‘ishtirdi, boshqa tomondan shu ko‘chani kuchaytiradigan Rossiyaning zo‘ravonlik mafkurasi kirib kelyapti”, - deydi Anvar Nazir.
Rossiya san’atkorlari uchun qisqarayotgan maydon
Filmga munosabat bildirgan jurnalist, O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja "Gulag ponyatiyalari o‘zbek jamiyatiga kirib kelmasligi kerak", degan fikrda.
“Bu film targ‘ibotini to‘xtatishimiz kerak. Filmni ko‘ringlar, ko‘rmanglar deyotganim yo‘q. Lekin, filmni ko‘rgandan keyin na miyanglar va na qalbingiz bir narsaga to‘ladi. Chalg‘ituvchi joylar ko‘p. “Patsan ne prosit proshcheniye”, ya’ni yigit kechirim so‘ramaydi, deydi lekin bizning dinimizda kechirim so‘rash mardlik hisoblanadi. Uncha-muncha odam mard bo‘lmaydi, uncha-muncha odam mard bo‘lib, aybini tan olmaydi. Xato qilganda mard bo‘lib uzr so‘ragan odamni hurmat qilish kerak... Ko‘chani ponyatiyalari, Gulagni ponyatiyalari, rus turmalarining ponyatiyalari bizning hayotimizga kirishi kerak emas”, - deydi Qudratxo‘ja tarmoqlarda tarqalgan video chiqishida.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 11-mart kuni AOKAda o‘tgan brifingda rossiyalik san’atchilar nega O‘zbekistonga serqatnov bo‘lib qolganiga izoh berdi:
"Bugungi kunda Rossiya san’atkorlari uchun qaysidir ma’noda dunyoda maydonlar qisqarib ketdi. Tabiiyki, ular hozir o‘zlari uchun bo‘sh maydon, ya’ni qayergadir borish imkoni bo‘lgan yoki aholi qabul qiladigan maydonlarni qidirishga mahkum”, - dedi Nazarbekov.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri rossiyalik san’atchilarning gostrollarini hukumat emas, balki tadbirkorlar uyushtirayotganini urg‘uladi.
"Biz ham xuddi sizdek qaysi xonanda qachon va qayerda konsert berishini reklamalar orqali ko‘rib bilamiz. Sababi, konsertni biz emas, tadbirkor tashkil etadi", dedi Nazarbekov.
Rossiyalik “putinparast” va Ukrainadagi urushni ochiqchasiga yoqlab chiqqan qo‘shiqchi hamda kinochilar O‘zbekistonda davlat tashkillashtirgan tadbirlarda ham ko‘ringani ma’lum.
Kreml propagandachisi va Qrim anneksiyasining ashaddiy tarafdori bo‘lgan rossiyalik rejissyor Nikita Mixalkov ikki yil avval Toshkent festivalining, o‘tgan yili esa Teatr festivalining xos mehmoni bo‘lgandi.