“Qachon tuzum o‘zini yeb bitirsa, o‘shanda qaytaman”. Belaruslik sportchilar nega vatanlarini tark etmoqda?

"Vityaz" gandbol klubi murabbiyi Konstantin Yakovlev

Belarusning “Vityaz” gandbol klubi murabbiyi Konstatin Yakovlev mamlakatni tark etdi. U tinch norozilik yurishida ishtirok etgan va 2020 - yil avgustidagi prezident saylovidan keyingi voqealar haqida o‘z fikrini bildirgan edi. Iyunda Yakovlevni ruxsat berilmagan ommaviy tadbirga oid modda (MHtKning 24.23-moddasi) bo‘yicha 15 sutkaga qamashgan. O‘shanda u mashinasidan oq-qizil-oq futbol sharfi chiqqani uchun 15 sutka “o‘tirib chiqqan” “Tribuna.com” nashri jurnalisti Dmitriy Rutoni kutib olgani chiqqan edi.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali bilan intervyuda Konstantin Yakovlev Belarusdan nega ketganini va qanday sharoitda qaytishga tayyorligi haqida so‘zlab berdi.

Konstantin Yakovlev: Ikkinchi avgustga o‘tar kechasi Kiyevga yetib keldim. Tushundimki, meni jazolashmoqchi – qamoqqa tiqishlari aniq edi. Hozircha ma’muriy ish bilan cheklanishdi, ammo tahdidlardan sezib turardimki, kelgusida menga biror jinoyat ishini “yopishtirishadi”.

“Nastoyashcheye vremya”: Yengil atletikachi Timanovskaya voqeasi Belarus sport mulozimlarining asl basharasini ochib tashladi. Aytingchi, Belarusda sport sohasi tepasida turganlarning hammasi shunaqa qo‘pol va beadabmi?

Konstantin Yakovlev: Ha. Bunaqa odamlar bizda hamisha bo‘lgan. Aynan shunaqa olg‘ir va uddaburonlar oxirigacha amalda o‘tiradi. Agar kimdir sportni rivojlantirmoqchi bo‘lsa va jamoa atrofida zamonaviy Yevropaga xos, demokratik asoslarda marketing yaratmoqchi bo‘lsa, mana shunaqa odamlar uning boshiga yetardi.

Bizning sport turimiz rahbari ham odamlar bilan xuddi shu tarzda gaplashadi. Ular barchasi o‘zini har doim sportchidan ustun biladi. Muayyan bir insoniy muvozanat yo‘q. Ular misoli xo‘jayin. Sport mulozimlarimiz mana shunaqa. Afsuski, insoflilari kam. Tizim halol kishilarni sindiradi – og‘izlarini yumib, ko‘rib ko‘rmaganga olib yashashga majbur qiladi.

“Nastoyashcheye vremya”: Qanday sharoitda Belarusga qaytmoqchisiz? Buning uchun nima yuz berishi kerak?

Konstantin Yakovlev: ​Men so‘nggi daqiqaga qadar mamlakatdan ketishni xohlamadim. Oxirigacha chidadim, kutdim. Men vatanparvarman, kelajagimni Belarusdan ayro tasavvur etolmayman. Qaysi chet mamlakatda ishlamay, hamisha vatanimga qaytishni istayman.

Ammo bu rejim, hokimiyatni bosib olgan bu to‘da bor ekan, qaytish imkonsiz. Biror nima o‘zgarsa, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ramiz va bajonidil uyimizga qaytamiz. Biz o‘z yurtimizga kerakmiz. Yoshlar, sportchilar, dasturchilar guras-guras bo‘lib chiqib ketishayotganini ko‘rish juda alamli.

Qachonki, bu tuzum daf bo‘lsa, o‘zini o‘zi yeb bitirsa, o‘shanda qaytaman.

“Rahbarlarim meni himoya qila olishmaydi”

Sportchilar Yana Maksimova bilan Andrey Kravchenko Belarusga qaytishdan bosh tortdi. Bu haqda bayonot berishganida ular Germaniyada edi.

“Behad afsuski, hozir u yerda nafaqat erkingdan, joningdan ham judo bo‘lishing mumkin. Bu yerda esa ko‘ksingni to‘ldirib nafas olish va o‘z do‘stlari, qarindoshlari va yaqinlari ozodligi uchun kurashayotganlardan biri bo‘lish imkoni bor. Biz albatta g‘alaba qozonamiz”, deb yozgan Maksimova “Instagram”da.

Yana Maksimova “Nastoyashcheye vremya” telekanali efirida sport mulozimlarini tanqid qilganidan so‘ng Olimpiadadan chetlatilib, Belarusga jo‘natishmoqchi bo‘lgan Kristina Timanovskaya voqeasi ta’sirida shu qarorga kelganini aytdi.

Yana Maksimova: Avvaliga biz Kostya Yakovlevni 15 sutkaga qamab qo‘yishganidan so‘ng mamlakatdan chiqib ketmoqchi bo‘lgandik. Biron bahona to‘qib bizni ham hibsga olishsa, qizalog‘imiz nima bo‘ladi, deb qo‘rqdik. Shu bois bizning chiqib ketishimizga ko‘maklashadigan odam paydo bo‘lganida darhol bu imkoniyatdan foydalandik.

Kecha shu yerda qolishimiz haqida “Instagram”da xabar e’lon qildim. Aynan kecha qat’iy qaror qildim shu yerda qolishga – bungacha ba’zi shubhalar bor edi. Ammo baribir bu yer menga g‘alati tuyuladi, o‘z yurtimni sevaman, Belarusdagi men yashagan joy dunyoning eng so‘lim maskanlaridan biri edi. Afsuski, shunday yurtni tashlab ketishga majbur bo‘ldik.

“Nastoyashcheye vremya”: Nega aynan kecha shu qarorga keldingiz? Bunga nima ta’sir qildi?

Yana Maksimova: Kristina Timanovskayaning boshiga tushgan sarguzashtlar. Angladimki, menga daxldor qandaydir jiddiy muammo bo‘lsa, rahbarlarim meni himoya qila olmaydi. Internetda ko‘nglimda borini yozganman doim, mening nuqtai nazarim barchaga ma’lum. O‘ylaymanki, bir kuni menga navbat yetgan bo‘lur edi.

“Nastoyashcheye vremya”: Timanovskaya voqeasi haqida qanday fikrdasiz?

Yana Maksimova: Shu tobda aniq bir nima deyishim qiyin, ammo rejimga zarba beradigan hamma ishni yoqlayman. Kristinani qo‘llab-quvvatlayman va hech kimdan cho‘chimay, sport faoliyatini davom ettirishini tilayman.