"Qambarota-1" GESi qurilishi: Ikki davlat ekspertlari bir-biriga zid fikrlarni bildirmoqda

Qambarota GESi qurilishi

O‘zbekiston va qirg‘izistonlik ekspertlar Bishkekning o‘tmishda ziddiyatli deb kelingan gidroinshoot loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan ikki davlat o‘rtasida erishilgan kelishuv borasida turlicha fikrlarni bildirmoqda.

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov 15 - mart kuni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida Qirg‘izistonda “Qambarota-1” GESini O‘zbekiston bilan hamkorlikda qurish to‘g‘risida kelishuv tuzilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Xuddi shunday bayonotni O‘zbekiston Energetika vazirligi 16 - martda e’lon qildi.

“Qambarota GES-1”ni loyihalash ishlari bundan qariyb 40 yil muqaddam Toshkentda boshlangan edi. So‘nggi yillarda bu ishga Rossiya ham qo‘shildi, biroq tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli bu hamkorlik to‘xtab qolgan.

“Qambarota GES-1”ni qurish istiqbollariga o‘zbekistonlik mutaxassislar optimizm bilan qarayotgan bir paytda, qirg‘izistonlik mutaxassislarda bunday optimizm sezilmayapti, ayrim siyosatchilar esa, bunday hamkorlikka qarshi ekanliklarini yashirmayapti.

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan. Toshkent, 2021, 11 - mart.

Toshkentdan qaytgan prezidentning aytganlari va boshqa bayonotlar

“Biz “Qambarota-1” GESini O‘zbekiston bilan birga qurish to‘g‘risida kelishuv tuzdik. Shu kunda ishlar boshlandi. Xudo xohlasa, “Qambarota-1” GESini uch yil ichida qurish bitirishni maqsad qildik. To‘liq amalga oshadiyu 30 yildan beri qura olmay kelyapmiz. Uch yilda qurib bitiramiz, deb turibmiz”, - dedi prezident Japarov Azattiq radiosiga 15 - mart kuni bergan intervyusida.

16 - martda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi investitsion hamkorlik to‘g‘risidagi bayonotni e’lon qildi.

“Joriy yilning 11-12 - mart kunlari Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadirbek Japarovning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan Qirg‘iziston Respublikasi hududida “Qambarota GES-1” investitsiya loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”.

Prezident Japarovning Toshkentga safari yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston rahbari suv-energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida gapirarkan, “Biz bu haqda mamorandum emas, birinchi marta kelishuvga erishdik” , degan, lekin “Qambarota-1” GESini tilga olgan emas.

Hamkorlik rejasini tuzish takliflari yozda tayyor bo‘ladi

Qirg‘iziston rahbarining O‘zbekistonga safari chog‘ida imzolangan 22 hujjatning 2 tasi energetikaga bog‘liq. Biroq hozircha bu hujjatlar mazmuni, ularda GES qurish masalasi tilga olinganmi-yo‘qmi – ma’lum emas.

O‘zbekiston Energetika vazirligining xabar qilishicha, 13 - mart kuni (ya’ni prezident Japarovning O‘zbekistonga safari yakuniga yetganidan so‘ng) Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri va Qirg‘iziston Respublikasi Energetika va sanoat vaziri boshchiligidagi ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri va Qirg‘iziston Respublikasi Energetika va sanoat vaziri boshchiligidagi ishchi guruh yig‘ilishi. Bishkek, 2021, 13 - mart.

Uchrashuv davomida tomonlar “Qambarota GES-1” investitsiya loyihasining amalga oshirilishi hamda “Shimoliy So‘x” gazni yer ostida saqlash inshooti (GEOSI) faoliyati doirasidagi hamkorlikni qirg‘iz tomoni bilan yaqindan o‘rganish masalalarini muhokama qilingan.

Qirg‘iziston Respublikasi Energetika va sanoat vazirligi matbuot kotibi Azamat Kuramayev Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida hozircha O‘zbekistonning loyihada qay shaklda ishtirok etishi noma’lum ekanligini aytdi.

“Endilikda ikki tomonlama muvofiqlashtiruv kengashi tuziladi va kengash iyun oyigacha o‘z takliflarini beradi. Hamkorlik qay shaklda bo‘ladi, investitsiyalar qanday jalb qilinadi, o‘rtadagi aksiyalar qanday bo‘linadi, O‘zbekistonning ishtiroki qanday bo‘ladi – mana shu masalalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Takliflar tayyor bo‘lganidan so‘ng hukumatlararo komissiya maxsus qaror qabul qiladi. O‘sha qarorga binoan loyiha tasdiqlanadi. Hozircha O‘zbekiston “Qambarota-1” loyihasida qay shaklda ishtirok etishiga doir aniq ma’lumot yo‘q”.

Hamkor davlatlar ekspertlari fikri bir joydan chiqmayapti

Energetika masalalari bo‘yicha o‘zbekistonlik ekspert, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainovning fikricha, O‘zbekiston“Qambarota-1” loyihasiga qo‘shilishidan oldin hamkorlik shartlari aniq-tiniq belgilab olinishi kerak.

Anvarmirzo Husainov

- Qolaversa, deydi ekspert, - O‘zbekiston ham, Qirg‘iziston ham bu loyihada ishtirokini qonun bilan mustahkamlab qo‘yish kerak. Qambarota qurilishi va uning uzoq muddatda boshqarilishi to‘g‘risida degan qonun qabul qilinishi lozim. Toki bu qurilish, unga yotqiziladigan investitsiya yangi hukumat yoki yangicha bir siyosiy vaziyat qurboniga aylanib ketmasin. Unda, masalan, 50 yil davomida GES mana bunday prinsiplar asosida ishlaydi, yotqizgan sarmoyasini chiqarib olguncha O‘zbekiston elektr energiyasi uchun pul to‘lamaydi, elektr energiyasi uchun narx uzoq muddatga o‘rnatiladi va hokazo degan shartlar belgilab qo‘yilishi kerak.

Anvarmirzo Husainovning fikricha, "Qambarota-1"ning qurilishi ham Toshkent, ham Bishkek uchun foydali bo‘lur edi:

- Bu kelishuvni muhim va istiqbolli kelishuv deb hisoblayman. Men hukumatda ishlab turgan paytimda Qirg‘izistonda juda ko‘p bo‘lganman. Bu yerdagi vaziyatni yaxshi bilaman. “Qambarota-1” GESi qurilishida ishtirok etish O‘zbekiston manfaatlari uchun muhim va foydali deb hisoblayman.

- O‘zbekistonning resurslari yetarlimi bunday loyihaga qo‘shilishga? degan savolga Anvarmirzo Husainov bunday javob berdi:

- Birinchidan, bu loyiha juda ham katta loyiha emas. Mening bilishicha, bu 3-3,5 mlrd dollarlik loyiha. Bu investitsion loyiha. Ya’ni yeb ketiladigan loyiha emas. Olinadigan arzon va ekologik elektr energiyasini O‘zbekistonga yetkazish yo‘li bilan yotqizilgan sarmoya qaytadi. Bu bilan O‘zbekiston uchun yangi va katta energiya manbasi paydo bo‘ladi.

Qirg‘iziston rahbari “Qambarota-1” GESini O‘zbekiston bilan hamkorlikda uch yilda qurib tashlaymiz, deb turgan bir paytda mahalliy ekspertlar bu g‘oyaga ishonmayapti va ayrim siyosatchilar esa, uni Qirg‘iziston uchun zararli deb hisoblamoqda.

Mirzatay Sultanaliyev

Energetika bo‘yicha qirg‘izistonlik ekspert Mirzatay Sultanaliyevning fikricha, O‘zbekistonning “Qambarota-1” GESi qurilishida ishtiroki Toshkent uchun foydalidir. Chunki agar To‘qtag‘ul suv omborida suv ozayib ketsa, suv taqchilligini Qambarota ombori suvi bilan bartaraf etish mumkin. Ya’ni O‘zbekiston suv masalasini o‘zi uchun hal qilib oladi. Xuddi shunday fikrni o‘zbekistonlik ekspert Anvarmirzo Husainov ham bildirdi.

Biroq Mirzatay Sultanaliyevning fikricha, “Qambarota-1” Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan ikkovlashib qurib qo‘yadigan inshoot emas:

- Mening fikrimcha, Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan birgalikda qura olmaydi. Baribir boshqa davlatlar kompaniyalarini jalb etishga majbur bo‘lishadi. Chunki bunday qurilish uchun mablag‘ topish juda og‘ir masala. Ayni paytda uch yilda qurib bitiramiz, degan gap ham xomxayoldir. Uch uyilda hech kim qura olmaydi, kamida 10-15 yilda qurib bitkazish mumkin.

O‘murbek Tekebayev

Qirg‘izistonlik taniqli siyosatchi, “Ata-Meken” partiyasi lideri O‘murbek Tekebayev prezident Sadir Japarov Azattiq radiosiga intervyu bergan kunning ertasiga o‘zining Feysbukida jumladan bunday yozdi:

"Bu yanglish yo‘ldir. Suvimizga ko‘z tikib turgan, suvimizga muhtoj bo‘lgan mamlakatni suvimizni nazorat qilishga, uni boshqarishga yaqin yo‘latmasligimiz kerak".

Yangi prezident – yangicha yondoshuv

O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov qo‘shnilarning yangi gidroenergetik inshootlar qurishiga qarshi turib kelgan. Toshkentning bunday pozitsiyasiga o‘sha paytda Ostona ham sherik bo‘lgan edi. Masalan, 2012 - yilning dekabrida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Qrimbek Kusherbayev o‘z mamlakati va O‘zbekiston Qirg‘izistondagi Qambarota GESi bo‘yicha mushtarak qarashga ega ekanini bayon qilgan, “bu loyiha BMT konvensiyasi va xalqaro ekspertiza asosidagina amalga oshirilishi mumkin”, degan edi.

Bugunga kelib, Toshkent aynan shu GESni endi birgalikda qurmoqchi bo‘lyapti.

Bu o‘zgarishni sharhlar ekan, Anvarmirzo Husainov bunday dedi:

- Islom Karimovning siyosati mamlakat chegaralarini yopib qo‘yib, xalqimizni og‘zi yopiq ko‘zachaga tiqib qo‘ygan edi. U O‘zbekiston hamma narsa bilan o‘zini o‘zi ta’minlasin degan siyosat olib bordi. Bu XXI asrdagi iqtisodiy fikr emas. To‘g‘ri iqtisodiy fikr shuki, davlatlar, xalqlar orasida mustahkam aloqalarni o‘rnatish uchun o‘zaro manfaatdorlik asosidagi yirik loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish kerak.

"Bor otangga, bor onangga" bo‘lgan qurilish

23 - mart kuni Qirg‘iz Respublikasi Investitsiyalarni jalb etish va himoyalash agentligi rahbari Almanbet Shiqmamatov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida "Qambarota-1" GESi qurilishida O‘zbekistonning ishtirokiga aniqlik kiritadigan bayonot bilan chiqdi.

"Boshqaruv, ishlab chiqariladigan energiya o‘zimizniki bo‘ladi. GESga egalik huquqi bizda bo‘ladi. Ular (O‘zbekiston - tahr.) kapital yotqizadi, xolos".

2012 - yili Qirg‘iziston Rossiya bilan “Qambarota-1” va Yuqori Norin kaskadi - to‘rt GESni qurish to‘g‘risida kelishuvga erishgan edi. Kelishuvga binoan qurilishni «RusGidro» kompaniyasi amalga oshirishi kerak edi. Biroq ish to‘xtab qolgani sababli Qirg‘iziston kelishuvni bekor qilgan.

«RusGidro» kompaniyasi Gaaga sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Kelishuvni buzgani uchun Qirg‘iziston «RusGidro»ga 37 mln. dollar to‘lashi lozim.

2020 -yili Qirg‘izistondagi energetika tarmog‘ini nazorat qiluvchi davlat idoralari “Qambarota-1”ni davlatning o‘zi qurajagi to‘g‘risida bayonot bergan edi. O‘sha paytda loyihaga yana Rossiyaning hamda Eronning kompaniyalari qiziqish bildirayotgani xabar qilingan.

O‘tgan yili, shuningdek, Qirg‘izistonning hozirgi Energetika va sanoat va konlardan foydalanish qo‘mitasi rahbariyati vazirligi “Qambarota-1”ni qurish yuzasidan «Bi end Dji Korporeyshn» (B&J Corporation) kompaniyasi bilan memorandum imzolagani xabar qilingan.