O‘tgan yil sentabr oyida yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanib, bir yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan qashqadaryolik bloger Humoyun Umrzoqov 17-aprel kuni muddatidan oldin ozodlikka chiqarildi.
23 yoshli Umrzoqov Ozodlik bilan suhbatda taniqli bloger Otabek Sattoriy bilan birga Navoiydagi qattiq tartibli koloniyada o‘tirganini aytdi.
“Sattoriy hozir tushkunlikda. Dunyoga qarashlari ancha o‘zgargan. Ozodlikni sog‘ingan. Qilgan ishlari bo‘yicha suhbatlashganmiz, lekin tovlamachilik qilmaganman, deb aytdi menga...”, - deydi Umrzoqov.
O‘tgan yili Sattoriyning "shubhali jinoyatlar bilan qamalishi” xalqaro matbuot tashkilotlari tomonidan qoralangandi.
Sattoriy hozirda tuhmat va tovlamachilik aybi bilan 6 yarim yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
2021-yilda "tuhmat"da ayblanib, bir yilga qamalgan qashqadaryolik bloger Humoyun Umrzoqov esa muddatidan oldin shartli ozodlikka chiqarildi.
U o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilmagani, boshqa mahbuslarning qiynoqqa solinganiga guvoh bo‘lmaganini aytadi.
"Og‘ir jazo"
Humoyun Umrzoqov o‘ziga belgilangan bir yillik qamoq jazosini “og‘ir jazo”, deb hisoblaydi.
”Ichkarida bo‘lgan vaqtda men ko‘p kuzatdim. Og‘irroq jinoyat qilganlar uy qamog‘i va shartli ozodlikka chiqib ketganliklarini ko‘rdim. Manzil koloniyasiga olinganliklarini ko‘rdim. Menga og‘irroq jazo berishdi, qilgan ishim uchun”.
Umrzoqov Chiroqchi tumanida ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organi xodimlari va hokimiyatni tanqid qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan.
O‘tgan yil sentabrida u yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanib, qamoqqa olindi.
Qashqadaryo sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139 - moddasi (Tuhmat qilish, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish) bo‘yicha aybdor deb topdi.
Ayblov xulosasida aytilishicha, sentabr oyida bloger Humoyun Umrzoqov mashina o‘g‘irlangani haqida yolg‘on xabar bergan.
Umrzoqov sudda aybiga iqror bo‘lgan.
O‘zbekiston Inson huquqlari “Ezgulik” jamoyati Yakkabog‘ tuman faoli Odil Elmurod blogerlar noto‘g‘ri axborot bergan taqdirda ham qamoq jazosi belgilash "haddan tashqari og‘ir jazo" degan fikrda.
"Fuqaro bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, gapi uchun qamoqqa tashlanishi yoki sud qilinishi bu so‘z erkinligiga berilgan qaqshatqich zarba deb hisoblayman. Gapirgan gapi uchun inson qamalishi bu katta fojea”, - deydi Odil Elmurod.
Ayni paytda “Ezgulik” faoli ba’zi hollarda blogerlarning o‘zlari ham kasbiy faoliyatini suiiste’mol qilish orqali janjallarga sababchi bo‘layotganini nazardan qochirmaydi.
“Manfaat evaziga shu ishni yuritadigan odamlarni men bloger hisoblamayman. Blogerlik birovni og‘irini yengil qiladigan, xalqning muammolarini ko‘tarib chiqadigan bir soha”.
“Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov fikricha, O‘zbekistonda blogerlarning kasbiy ko‘nikmalari yo‘qligi muammosi ham bor.
“Blogerlar va hokimiyat quyi pog‘onalarida to‘qnashuvlar ko‘p bo‘lyapti. Ba’zilar buni so‘z erkinligiga tahdid, deydi. Men masalaning boshqa jihatiga qaragan bo‘lardim. Blogerlarning kasbiy ko‘nikmalari yo‘qligi muammosiga. Kimdir so‘z erkinligidan foydalanib, odamlarning shaxsiy daxlsizligiga tahdid qilayotgan holatlar ham bor. Ba’zi blogerlar videoga olib, “tarqatvoraman”, deb qo‘rqitib, kasbiy faoliyatini suiiste’mol qilayotgan holatlarga ham guvoh bo‘lyapmiz", - deydi Tashanov.
Qashqadaryolik bloger qamoq uning uchun katta zarba bo‘lganini aytadi. Lekin u blogerlik faoliyatini to‘xtatmoqchi emas.
“Ko‘chada yurgan odamni ichkariga olib tashlashsa, odamga ancha ruhiy ta’siri bo‘ladi. Aynan blogerlik faoliyat yuritayotgan bo‘lsa qamoq bloger uchun katta zarba”, - deydi Humoyun Umrzoqov.
O‘tgan yil oktabrida ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Saylovlar arafasida qator xalqaro matbuot tashkilotlari O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining yomonlashgani, blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinganini tanqid qilib chiqishgan.
O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida yuqoriladi
Ayni paytda Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti bu yilgi matbuot erkinligi indeksida O‘zbekistonni 133-o‘ringa qo‘ydi. Xalqaro reytingda O‘zbekistonning pozitsiyasi bu yil birdaniga 24 pog‘onaga yaxshilanganini Prezident Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov olqishlab chiqdi.
Reytingdagi keskin o‘zgarishlarga tashkilotning bu yil matbuot erkinligini baholash metodologiyasini o‘zgartirgani sabab bo‘lgani aytiladi.
“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekistonda blogerlarga tahdid qilish va ularni qamoqqa tashlash davom etayotganini ta’kidlagan.
“Qariyb 20 yil qamoqda o‘tirgan oxirgi jurnalistlar ozodlikka chiqdi, ammo reabilitatsiya qilinmadi. Blogerlar tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda. “Xalq fikri” kanali asoschisi Otabek Sattoriy qismati bunga misol. U 2021-yil may oyida tuhmat va tovlamachilik ishi bo‘yicha olti yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning sud jarayonini yoritishga uringan jurnalistlar hujumga yoki asossiz jinoiy ta’qibga uchradi”.