Qarzga botgan tuman hokimligi qimmatbaho mashina xarid qildi

Illyustrativ surat

Andijon tumani hokimligi 335 million so‘mga qora rangli Captiva 5T Premler avtomobilini xarid qildi.

Daryo.uz nashrining davlat xaridlari portali ma’lumotlarini o‘rgangan holda yozishicha, hokimlikning avtomobil sotib olishga oid qarori Adliya vazirligining “E-qaror” yagona elektron tizimi platformasida yashirib qo‘yilgan. Shuningdek, hujjat XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) yorlig‘i bilan maxfiylashtirilgan.

O‘rganishlar jarayonida bir necha yuz millionga avtoulov sotib olgan Andijon tumani hokimligi gardanida 68 ta ijro hujjati bo‘yicha jami 6 milliard 680 million 575 ming so‘m qarz mavjudligi, ularning ayrimlari bir necha yillardan buyon to‘lanmay kelayotgani, hokimlikning ayrim mulklari taqiqda ekani ham o‘rtaga chiqqan.

Daryo.uz hokimlikning avtomobil xaridiga oid qarorni yashirib qo‘ygani qonunchilikka nechog‘li muvofiq kelishini savol ostiga olgan.

So‘nggi vaqtlarda davlat idoralari amaldorlarining byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larga qimmatbaho mashinalar sotib olayotgani, vazirlik va hokimliklarning ko‘plab hujjatlarni jamoatchilik hukmiga havola etmay maxfiylashtirayotgani e’tirozga sabab bo‘lmoqda.