Qashqadaryolik bloger ayol Toshkentda daraksiz yo‘qoldi

Qashqadaryolik shoira va bloger Shahzoda Baxronova (Shahina Abdurazzoq)

Joriy yilning 2-avgust kuni Toshkentga qarab yo‘lga chiqqan qashqadaryolik bloger Shahzoda Baxronova bir sutkadan buyon bedarak. Bu haqda “Ozodlik”ka 3-avgust oqshomida blogerning o‘zbekistonlik do‘stlaridan biri ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Shahina Abdurazzoq taxallusi bilan ijod qiladigan 26 yoshli shoira va blogerning yaqinlari u bilan so‘nggi bor juma kuni soat 21 lar atrofida gaplashishganini ma’lum qilishgan – Shahzoda ularga Toshkentga eson-omon yetib olgani, ayni paytda yonidagi ayol bilan birgalikda mehmonxonaga ketayotganini aytgan.

Shundan so‘ng Baxronova bilan aloqa uzilgan, bloger ayol na qo‘ng‘iroqlarga, na-da messenjerlar orqali yo‘llangan ovozli va matnli xabarlarga javob bergan.

Telegramdagi qayddan Shahinaning so‘nggi marotaba messenjerga juma kuni soat 21.33 da kirganini ko‘rish mumkin. Shahinaning bunaqa odati yo‘q edi, u qayerda bo‘lmasin, biror marta yaqinlarini, do‘stlarini xabarsiz qoldirgan emas”, dedi bloger ayolning do‘sti.

Shoira va bloger Shahzoda Baxronova 2021-yili qamalgan shoir va muxolifatchi Rahmiddin Abrayevning sobiq rafiqasidir. Bloger ayolning qaramog‘ida ayni paytda uch nafar voyaga yetmagan farzand bo‘lib, ularning eng kattasi endigina maktab yoshiga yetgan.